Xatoga yoʻl qoʻygan Qashqadaryo, Fargʻona va Xorazm viloyatlari hokimlari faoliyatiga yil yakunida baho beriladi - Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasi axboroti

20:53 08 Avgust 2019 Jamiyat
571 0

Maʼlumki, respublikamizning qator hududlarida eski bino va imoratlarni rekonstruksiya qilish, hududlarni obodonlashtirish, olis qishloq va tumanlar qiyofasini oʻzgartirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish jarayonida ayrim viloyatlar rahbarlari va masʼul shaxslari tomonidan fuqarolar va tadbirkorlarning koʻchmas mulk obyektlarini buzish va yer uchastkalarini olib qoʻyish bilan bogʻliq mulkiy huquqlari qoʻpol ravishda buzilishi qayd etildi.

Davlatimiz rahbari tomonidan qurilish va buzish ishlarida yoʻl qoʻyilgan xatolar hamda aholi va mulk egalari bilan kelishilmagan holda amalga oshirgani uchun Qashqadaryo, Fargʻona va Xorazm viloyatlari hokimlari faoliyati keskin tanqid qilindi.

Roʻy bergan hodisalar doirasida bino va imoratlar egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlari kafolati yanada mustahkamlanishini taʼminlash, aholining farovon turmush kechirishi uchun zarur sharoitlar yaratish, buzish va keltirilgan zararni qoplash mexanizmlarini tartibga solish maqsadida joriy yil 3-avgust kuni Prezidentimizning “Fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining mulk huquqi kafolatlanishini soʻzsiz taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoyishi qabul qilindi.

Mazkur hujjat bilan Bosh vazir rahbarligida bir oy muddatda yer uchastkalarini olib qoʻyish va mulkdorlarga yetkazilgan zararlarni qoplash tartibini belgilovchi hukumat qarori qabul qilinguniga qadar amal qiladigan tegishli joylashtirish ishlarini amalga oshirish tartibi tasdiqlandi.

Bosh vazir oʻrinbosari rahbarligida Respublika muvofiqlashtiruvchi ishchi guruhi tuzilib, u ikki hafta davomida respublika boʻyicha fuqarolar va tadbirkorlik subyektlariga yetkazilgan zarar miqdorini xatlovdan oʻtkazadi, bozor narxidan kelib chiqqan holda uning real bahosini belgilaydi, shuningdek, aholidan qarzdorlikni uzishning aniq manbalarini belgilab beradi.

Joylarga chiqqan holda vaziyatni oʻrganish, shuningdek, respublikamizning ayrim hududlarida qonunga xilof xatti-harakatlar va mansabdor shaxslarning oʻzboshimchaliklari oqibati tahlili natijalari aniq takliflar bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga kiritildi.

Shu bilan birga Prezidentimiz topshirigʻiga muvofiq, yoʻl qoʻygan qoʻpol xatolari va mansab vakolatlarini suisteʼmol qilgani uchun Fargʻona viloyati Rishton tumani xokimi, iqtisodiyot va qurilish masalalari boʻyicha hokim oʻrinbosarlari, hokim va uning qurilish boʻyicha oʻrinbosari, Qashqadaryo viloyati Yakkabogʻ tumani hokimi, uning qurilish boʻyicha oʻrinbosari, tuman prokurori va Urganch shahar hokimi oʻrinbosari egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

Qoplanishi kerak boʻlgan zarar miqdori, jabr koʻrgan aholini moddiy va maʼnaviy jihatdan toʻliq qoʻllab-quvvatlash taʼminlanishini hisobga olgan holda viloyat hokimlari va boshqa masʼul shaxslarning egallab turgan lavozimidan darhol ozod etilishi ular uchun vaziyatdan chiqishning eng oson yoʻlidir. Bu borada amalga oshirilishi kerak boʻlgan ishlar uchun masʼuliyat va mashaqqat endi ularning ishini davom ettiruvchilar zimmasiga tushadi.

Shuni inobatga olib, davlatimiz rahbari tomonidan tegishli hududlar rahbarlarining joylarda ular yoʻl qoʻygan xatolarni tuzatish, fuqarolarning mulkiy huquqlari va hukumatga ishonchini toʻliq tiklash boʻyicha ishlarda ularning shaxsan ishtirok etishini taʼminlash maqsadga muvofiq ekani toʻgʻrisidagi taklif qoʻllab-quvvatlandi.

Yil yakunlari boʻyicha barcha viloyatlar, jumladan, Qashqadaryo, Fargʻona va Xorazm viloyatlari hokimlari faoliyati tanqidiy tahlil qilinib, joylarda yuzaga kelgan vaziyatni oʻnglash boʻyicha amalga oshirilgan ishlar samaradorligiga baho beriladi.

OʻzA.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?