Xatirchida 120ta nogironlik aravachasi va ovoz kuchaytirgichlar qariyalarga sovgʻa qilindi

15:24 28 May 2019 Jamiyat
292 0

Navoiy viloyati Xatirchi tumanida 120 nafar yoshi ulugʻlarga nogironlik aravachalari va quloqqa taqiladigan ovoz kuchaytirish moslamalari sovgʻa qilindi.

Xatirchilik Olim ota Abdurahmonov oʻn yetti yil muqaddam yurak xastaligi sabab toʻshakka mixlangan edi. Nogironlik nafaqasi oilaning daromadi kundalik turmushidan ortmaganligi bois, uzoq yillar davomida otaxon nogironlik aravachasiga muhtoj edi. Bugun uning orzusi amalga oshdi. Viloyat IIB va tuman hokimligi tashabbusi bilan “Saxovat” xayriya tadbiri oʻtkazilib, tadbir doirasida Olim ota kabi 120 nafar nogironlarning holidan xabar olinib,nogironlik aravachalari hamda quloqqa taqiladigan ovoz kuchaytirish moslamalari topshirildi.

- Nogironlarni qoʻllab-quvvatlash jamiyat va inson yetukligining koʻzgusi hisoblanadi, - deydi viloyat IIB boshligʻi oʻrinbosari Shuhrat Abdumuratov. – Boshqarmamiz tomonidan yaqinda Nurota tumanida xuddi shunday tadbir oʻtkazildi. Barcha hududlarni shu taxlit qamrab olish niyatidamiz.

“Saxovat” tadbiri doirasida muborak Ramazon oyi munosabati bilan iftorlik dasturxoni yozilib, 250 nafarga yaqin yoshi ulugʻlarga ehtirom koʻrsatildi. Ularga tashkilotchi va homiylarning sovgʻalari topshirildi.

TemurESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?