Xat bitganda onangizga ham Yozib turing, mayli, adashib...

23:18 11 Mart 2020 Madaniyat
521 0

“Xalq soʻzi” gazetasi yosh ijodkorlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida tahririyat rasmiy veb-sayti Madaniyat rukni ostida “Yosh ijodkorlar gurungi” ni tashkil etdi. Unda yosh shoir, nosir va tarjimonlarning ijodiy ishlari eʼlon qilib boriladi. Marhamat, oʻqing, bahra oling.

Navbatdagi ijodkor samarqandlik yosh shoir Iftixor XONXOʻJAYEV.

Iftixor XONXOʻJAYEV — 1991-yil Samarqand viloyati, Oqdaryo tumanida tugʻilgan. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi tomonidan “Uygʻoq yurak”, “Hayot kuyi” nomli kitoblari chop etilgan. Doʻrmon respublika yosh ijodkorlar seminari ishtirokchisi (2012). Hozirda Oʻzbekiston sanʼat va madaniyat instituti Madaniyat muassasalarini tashkil etish va boshqarish fakulteti III bosqich talabasi.


Vatan

Urush tugadi.

Tiriklar qaytdi, oʻlganlar qaytmadi,

Qabristonga aylandi oʻrmon.

Boʻrilar uvillab janoza aytdi,

Yerda esa hali sovumagan qon.

 

Urush tugadi.

Qurbonlar sanoqsiz, boʻrilar och,

Tishlarini mahkam bosishgan tishga.

Kelishar, marhumlarning yuzlarini hidlashar,

Ammo botinolmas yeyishga.

 

Chunki ular qahramonlar,

Ular Vatan fidolari,

Boʻrilar ham bilan Vatan qadrini.

Har kuni kelishar,

Marhumlarning yuzlarini hidlashar,

Har kuni ziyorat etar qabrini.

 

Ammo botinolmas yeyishga!

 

Urush

Jang uzoq choʻzildi,

Toʻkildi koʻp qon.

Qon bor edi hatto koʻzlar yoshida.

Dunyoni unutib yengilgan oʻgʻlon

Yigʻlardi akasin qabri boshida.

 

Jang uzoq choʻzildi,

Toʻkildi koʻp qon.

Boqardi togʻlar ham qaltirab, choʻchib.

Jangda gʻolib chiqqan askar ham bu on

Yigʻlardi ukasin jasadin quchib.

 

Adashgan xat

 


“Yuragimni qamragan sogʻinch,

Har nafasda eslayman sizni.

Hatto tunlar uhlolmayman tinch,

Tushlarimdan izlayman sizni.

 

Jodu kabi tortarkan mehr,

Xat yozarman bedor tunlarim.

Sogʻinganda ortarkan mehr,

Shukr, yaqin diydor kunlari...”

 

Har haftaning yakshanbasida

Takrorlanar oddiy odat bu.

Bir yigitdan rafiqasiga

Yuborilgan oʻninchi xat bu.

 

Bu gal biroz bosdimi gʻaflat

Oʻrtada xat tashuvchi qushni.

Xotiniga yozilgan bu xat

Onasining qoʻliga tushdi.

 

Xotin oʻzi bilan oʻzi ovvora,

Na eri, na xat bilan ishi yoʻq.

Ammo bugun bu keng dunyoda

Onasidan baxtli kishi yoʻq.

 

Bizga aql oʻrgatma demang,

Bir shoirni telba atashib.

Xat bitganda onangizga ham

Yozib turing, mayli, adashib.

 

Mehribonlik uyida

 

Yuzsiz, badbaxt ona dastidan

Zor yigʻladi hayot beshigi.

Taqilladi yarim kechada

Mehribonlik uyin eshigi.

 

Ichkaridan soʻrashdi kim deb,

Hech kim javob bermadi, biroq...

Biroq eshik oldida yigʻlab

Yotar edi murgʻak chaqaloq.

 

Axir it ham oʻz bolasining

Yuzlaridan oʻpar erkalab,

Oq sut berib oʻstiradi-ku,

Yunglarini mehr-la yalab.

 

Beyuz, badbaxt ona dastidan

Zor qaqshadi hayot beshigi.

Chaqaloqqa ochdi bagʻrini

Mehribonlik uyin eshigi.

 

U farzandi endi shu uyning,

Bu uyda u yangi, kenjatoy.

Tunlar uning boshini silab,

Yigʻlab-yigʻlab alla aytar oy.

 

Chaqaloqning dardli ingasi

Hatto oyning jonini siqdi.

Menga esa alam qilgani –

Uning tili ona deb chiqdi.

 

Mangulik

 

Bir odam mangulik sharbatin izlab,

Poyonsiz dunyoni umidvor kezdi.

Yashadi qoyadek sobitlik koʻzlab,

Oʻzini hech qachon oʻlmasdek sezdi.

 

Hech narsa qolmadi koʻzidan pinhon,

Anqoning urugʻin topdi qidirib.

Qush joniga ming yil yashaydi debon

Kargʻaning koʻz yoshin ichdi sidirib.

 

Qiblagoh tomonga bosh egib har tong,

Ollohdan oʻziga umr soʻrardi.

Oʻlimdan qoʻrqarkan deya oʻylamang,

Shunchaki yashashni yaxshi koʻrardi.

 

Bir kuni shumxabar eshitdi nogoh,

Yurtiga bostirib kirgan emish yov.

Barcha istaklarin unutib shu chogʻ,

Uy tomon otlandi koʻksida olov.

 

Qonxoʻr yov zugʻmiga qoʻymoq uchun chek,

Oʻzini beayov jangga soldi u.

Sher kabi olishib, jon berdi sherdek,

Avlodlar yodida mangu qoldi u.

 

Muhabbat

 

Balki qolmasmidi dilimda armon,

Samoga tutashgan boʻyingni koʻrsam.

Bugun senga magʻrur boshim egarman,

Muhabbat, maylimi toʻyingni koʻrsam?

 

Axir ezgulikka boshlar ertaklar,

Ezgusanki, bari senga yetaklar.

Borar boʻlsam gulga toʻlib etaklar,

Muhabbat, maylimi toʻyingni koʻrsam?

 

Maylimi yashnatib sevgi saylini,

Majnun qoʻllaridan tutib Laylini,

Bir umrga baxtli qilsa maylimi,

Muhabbat, maylimi toʻyingni koʻrsam?

 

Muz bosgan yoʻllarga termulgancha jim,

Bir umr kelishing kutib yashadim.

Bir tilak tilashga bor boʻlsa haddim,

Muhabbat, maylimi toʻyingni koʻrsam?

 

Axir Qorabotir jabrini koʻrdim,

Tohir va Zuhroning qabrini koʻrdim.

Oshiqning ming yillik sabrini koʻrdim,

Muhabbat, maylimi toʻyingni koʻrsam?

 

Chal endi, karnayu-surnaying qani,

Toki hayotimga baxsh etay maʼni,

Qizgʻonma bir dona taklifnomani,

Muhabbat, maylimi toʻyingni koʻrsam?

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?