Xaridorlar lotereya yordamida chek talab qilishga ragʻbatlantiriladi

18:11 20 Iyun 2019 Iqtisodiyot
416 0

Oʻzbekistonda chek lotereyasini joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Davlat soliq qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Mubin Mirzayev chorshanba kuni boʻlib oʻtgan brifingda maʼlum qildi, deb yozadi Gazeta.uz. Uning taʼkidlashicha, chek lotereyasi joriy etilganidan soʻng odamlar olingan tovar yoki xizmatlar uchun chek soʻrashni boshlaydi.

Buning uchun zarur infratuzilmalar yaratilishi, jumladan, elektron hisob-faktura va onlayn nazorat-kassa mashinalari joriy etilishi lozim.

“Bu yerda hech qanday cheklovlar oʻrnatmaymiz — telefon, planshet, kompyuter… Internetga ulanadigan har qanday qurilma boʻlishi mumkin. Bu hozir ixtiyoriy. Tizimga 118 ta savdo tashkiloti ulandi. Biz har bir tashkilot nechta chek bergani, QQS qanday koʻrsatayotganini koʻrib turibmiz. Soliq toʻlovchilarni majburlagan holda nimadir qilish qiyin. Biroq xaridorlarni ham ragʻbatlantirsak, u holda ularning oʻzlari hammasini tuzatadi”, — dedi u.

Uning soʻzlariga koʻra, tovar yoki xizmat uchun berilgan chek lotereya chiptasiga aylanadi. “Chekdan lotereyada qatnashish uchun foydalansa boʻladi. Chek berilganidan soʻng u bizning maʼlumotlar bazamizda aks etishi, shuningdek, u haqiqiy va aniq boʻlishi kerak”, — deya qayd etdi DSQ rahbari oʻrinbosari.

Bundan tashqari, yigʻilgan cheklardan daromad, yer, mol-mulk va boshqa soliqlarni kamaytirish maqsadlarida foydalanish mumkin boʻladi.

Mubin Mirzayevning fikricha, ragʻbatlantirish tizimi yaratilsa, aholining oʻzi soliq toʻlovchilar va soliq organlarini nazorat qiladi.

“11 ming nafar soliq organlari xodimlari barchasini nazorat qila olmaydi. Agarda odamlar, masalan restoran, choyxona, doʻkonlarda chek talab qilsa, daromadlarini koʻrsatsa va soliqlarni toʻlasa — shuning oʻzi yetarli”, — dedi u.

Yangilikni oʻz ichiga olgan Prezident qarori loyihasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilib, davlat rahbari administratsiyasiga kiritilgan. Hujjatning 1-iyulga qadar qabul qilinishi kutilmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?