Xaltayevmi yoki Xoltoyev? Odam oʻz ismi sharifidan uyalishi emas, gʻurur tuyishi kerak

21:12 20 Yanvar 2019 Jamiyat
321 0

Illyustrativ foto

Toʻlqin ESHBЕK, filologiya fanlari nomzodi, dotsent.

Ona tilimizda koʻp ijobiy maʼnolar kashf etadigan ismlarimiz — buyuk ajdodlardan qolgan meros. Tabiatda oʻrmonni togʻ, koʻlni dala deb atab boʻlmagani kabi kishilik jamiyatida ismlarni notoʻgʻri yozib ham, talaffuz qilib ham boʻlmaydi. Turli dinlarda rasullar, nabiylar ismlarini takrorlash orqali ibodat etuvchilar ruhiy osoyishtalikka erishadilar. Ayrim xalqlarda esa ismlar ular tarixi tadrijiyligini namoyon qiladi. Ijtimoiy ahvolini aks ettiradi.

Masalan, sohibqiron Amir Temur yoinki Zahiriddin Muhammad Bobur asarlarida “qul” soʻzi bilan tugaydigan ismni topa olmaysiz. Sohibqironning oʻzini ham yoshligidan “Temurbek” deb chaqirishgan. Biz bilgan “Tugʻilganlik haqida guvohnoma”larda xato yozilgan ismlar tufayli qanchadan-qancha kishilar xijolat chekib, kimliklarini hali-hanuz bilolmay yurishgani ham rost.

Ernest Begmatovning 1998 yilda “Oʻzbekiston Milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti tomonidan chop etilgan “Oʻzbek ismlari” kitobida “Ismi shariflar bilan aloqador muammolarning hal boʻlishi koʻp jihatdan “Baxt uylari”, qishloq kengashlari yigʻinlari va pasport boʻlimlarida nomlarni rasmiy hujjatlarda qayd etuvchi kishilarning mutaxassislik malakasi va imloviy saviyasiga bogʻliq. Ular fuqarolarning ismi shariflarini qayd qilish va toʻgʻri yozishda oqilona ish tutishlari, oʻz shaxsiy mulohazalariga yoki baʼzi notoʻgʻri maʼlumotlarga yopishib olmasliklari lozim”, degan mulohazaga duch kelamiz. Aslida bu gaplar kitobga yozilmasa ham, barchaga ayon haqiqat. Ammo...

Hamma gap ana shu “ammo”da. Avvallari-ku, til bilmas oʻzga millat vakillari shunday xatolarga yoʻl qoʻyishgan ekan, biroq oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilgach, oradan oʻnlab yillar oʻtib ham bunday noxush holatlar takrorlanishining sababi nimada? Loqaydlikda!

Davlatimiz rahbari bizning xalqimizga mutlaqo yarashmaydigan yaramas illat sifatida taʼkidlagan loqaydlikda. Shu loqaydlik tufayli “Tugʻilganlik haqida guvohnoma”da ozod yurtning farzandi boʻlib dunyoga kelgan chaqaloqlarning ismi sharifini yozishda ota-onasining pasportlaridan (imloviy xatolarini ham) aynan koʻchirgan holda yozishmoqda. Bu bolalar ertaga ulgʻayib, ularning yoqalaridan tutishsa, nima deb javob berishadi? Bunday masʼuliyatli vazifalarda faoliyat koʻrsatayotganlar maxsus oʻzbek tili kurslariga boshqa joylarda boʻlgani kabi oʻz mablagʻlari evaziga oʻqib, sinovdan oʻtmasalar, xatolarining oqibatlari nimalarga olib kelishi mumkinligini fahmlamay yuraveradilar.

Bunday qoʻpol imloviy xatoliklar boshqa hujjatlarda ham davom etayotir. Har kuni yurtimizda minglab oʻgʻil-qizlarga “Tugʻilganlik haqida guvohnoma” berilmoqda. Oʻsha hujjatga qarab “Fuqarolik pasporti”, “Oʻrta maʼlumoti toʻgʻrisida shahodatnoma”, “Nikoh qogʻozi”, oʻquv yurtini tamomlaganligi haqida diplom (aksariyat ilmga chanqoq insonlar ikki-uch oʻquv yurtidan diplom olmoqdalar), “Harbiy bilet”, partiya yoki uyushmaga aʼzolik bileti, “Haydovchilik guvohnomasi”, “Texpasport”, “Mehnat daftari”, “Uy daftari”, davolash muassasalaridagi maxsus daftarlar hamda hokazolar yangidan yozilayotir.

Bulardan tashqari, har kuni son-sanoqsiz turarjoydan maʼlumotnoma, ish joyidan maʼlumotnoma, tavsifnoma, mehnatga layoqati bor yoki yoʻqligi haqida varaqa, toʻlovnomalar, xizmat safari guvohnomasi, notarius va boshqa huquqiy idoralardan muhim hujjatlar olinadi. Korxonalarda hisobchi, kadrlar boʻlimi, xazinachi yozib toʻldiradigan hujjatlarga ham ismi sharifingiz yozilishi zarur. Albatta, pasportdagidek yozilishi shart.

Ana endi boshda, masalan, Xoltoyev Tohirning bir marta “adashib” yozilgan “Xaltayev Taxir”i qanchadan-qancha hujjatlarda takrorlanib, ism egasining tahqirlanishini koʻz oldingizga keltiring!.. Birgina loqaydlik tufayli kelib chiqqan arzimasdek tuyulgan bu xatoning milliy gʻurur va ijtimoiy voqelikka daxldorlik munosabatini alohida mavzu, deb oʻylaymiz.

Bunday nozik muammoni ijobiy hal etish uchun huquqiy asosimiz yetarli. Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni 15-moddasida “Oʻzbekiston Respublikasida yashovchi shaxslar, millatidan qatʼi nazar, oʻz ismini, ota ismi va familiyasini milliy-tarixiy anʼanalarga muvofiq yozish huquqiga egadirlar”, deb yozib qoʻyilgan. Milliy ismi shariflarning yagona toʻgʻri shakli maxsus maʼlumotnomalarda qayd etilgan. Oʻzbekona ismi shariflar boshqa tillarda berilganda, ayni chogʻda dunyoga mashhur kishilarning ismi shariflari oʻzbek tilida berilganda ularning asl yozilish xususiyati saqlanib qolinishi zarur. Ismi shariflarni yozishda oʻzbek tilining ifoda va talaffuz qonuniyatlariga rioya etilishi shart. Odilona qonunlarimizga monand ismi shariflarimizning toʻgʻri yozilishi uchun “maxsus maʼlumotnoma” ham dunyo yuzini koʻrdi. Bu “Oʻzbek ismlari” qomusiy kitobi ekanligi koʻpchilikka yaxshi maʼlum. Unda ismlarning lotin alifbosida yozilish tartibi ham koʻrsatilgani ayni muddao boʻlgan.

Shu oʻrinda “Adolat” nashriyoti tomonidan Gʻafur Abdumajidovning 1999 yilda chop etilgan “Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuniga sharhlar” risolasini ham eslab oʻtish joiz. Unda oʻzbek ismi shariflarida anʼanaviy, umumtomonidan qabul qilingan oʻzbek imlosi normalarini saqlab qolish zarurligi uqtirilgan. Masalan: Joʻrayev, Ergashev, ammo “Djurayev”, “Irgashev” emas.

Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksida ham har bir fuqaroning qonuniy haq-huquqlari yetarli darajada kafolatlangan. Shunday ekan, hozir vaqti-vaqti bilan fuqarolik pasportlarimiz almashib turganidan foydalanib, ismi shariflarni toʻgʻrilab yozishni yoʻlga qoʻyish kerak. Notarial, sud va boshqa masalalarda eski (yaʼni buzilgan) ismi sharif haqida ilova maʼlumot berilsa boʻladi. Eng asosiysi esa dunyoga kelayotgan oʻgʻil-qizlarning ismi familiyasini “Tugʻilganlik haqida guvohnoma”ga biratoʻla toʻgʻrilab yozish kerak! Unga qarab maktabdagi jurnalga aynan koʻchiriladi. Soʻng oʻrta maʼlumot toʻgʻrisidagi shahodatnomaga toʻgʻri yoziladi. Boshqa hujjatlar ham shu tariqa toʻldirib borilaveradi.

Huquqiy-demokratik davlatimizda har bir inson, uning shaʼni va qadr-qimmati qonun yoʻli bilan muhofaza etilar ekan, bizning kimligimizni anglatib turuvchi ismi shariflarimiz ham “Davlat tili haqida”gi Qonunda belgilab qoʻyilgan tartibda boʻlishi maqsadga muvofiqdir.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?