Xalqini hurmat qilganni dunyo hurmat qiladi

12:03 19 May 2018 Siyosat
1063 0

Vashington. Pensilvaniya avenyu, 1600. Oq uy.
218 yillik o‘tmishida jahonning ne-ne nufuzli shaxslari, davlat rahbarlari, yirik siyosatchilar ushbu qarorgohda qabul qilinmagan, qizg‘in muzokaralar o‘tkazilmagan, dunyo tamadduniga turli ma’noda ta’sir etgan “hayot-mamot” masalalari hal etilmagan, deysiz. Shu ma’noda aytadigan bo‘lsak, ushbu bino tarixning qanchadan-qancha olamshumul voqealari va uning ajib sokinligi ostida qabul qilingan qarorlar guvohiga aylangan.
Qarorgoh AQSh Prezidentlarining ham yashash, ham ish joyi hisoblanadi. 

Yuksak orzu-umidlar bilan olis yurtdan kelib, mazkur zaminda qo‘nim topganlar uchun Oq uyning ahamiyati beqiyos. Negaki, Qo‘shma Shtatlar qaror topgach, uning buyuk asoschi-otalari Jon Adams, Tomas Jefferson, Avram Linkoln, Benjamin Franklin bu yerda xalq hokimiyatini barpo etishda necha-necha tunlarni bedor o‘tkazgan. Bu qarorgoh xalq demokratiyasining markazi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Balki shu sababdandir Oq uyning oldiga kelganingizda, ushbu xalqchil muhitni his etasiz.

Mahobatli bino va uning atrofidagi ko‘rkam hududni uncha katta bo‘lmagan panjara o‘rab turadi. Bu yerga istagan odam kelib suratga tushishi mumkin. Amerikacha erkinlik shu darajadaki, siz davlat rahbarining uyi oldida suratga tusharkansiz, birov kelib so‘roqqa tutmaydi, taqiqlamaydi, hech kim xalaqit bermaydi.

Donald Tramp Shavkat Mirziyoyevga nega lutf ko‘rsatdi?
Bu savol javobi siyosatchilar, AQSh — O‘zbekiston munosabatlarini doimo kuzatib boruvchi ekspertlarni ham nihoyatda qiziqtirmoqda. Xo‘sh, nimaga olis O‘zbekistonning rahbariga Amerikaning 45-Prezidenti Donald Tramp bunchalik yuksak hurmat-ehtirom ko‘rsatdi?

Bu e’tirofdan ko‘ngli g‘ururga to‘lgan yurtdoshlarimizda ham shunday savol tug‘ilgan bo‘lsa, ajab emas. Buni ijtimoiy tarmoqlardagi qizg‘in muhokamalardan ham bilish mumkin. Xorijlik hamkasblarimiz bu singari savollarni yog‘dirib, odamni qiynab yubordi. Ularning aytishicha, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi davlatlarining 27 yillik tarixida, unga a’zo mamlakatlarning birorta rahbari oliy darajada rasmiy tashrif maqomida, bunday yuksak e’tibor bilan Amerikada kutib olinmagan ekan. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qisqa muddatda ana shunday yuksak sharafga erishdi.

Donald Trampning so‘zlaridan u O‘zbekiston to‘g‘risida yuzaki ma’lumotlarga, umumiy tasavvurga emas, balki yurtimizdagi o‘zgarishlarni diqqat bilan kuzatib borayotgani ayon bo‘ladi. Donald Trampning Shavkat Mirziyoyevni hurmat qilishi sababi, aslida, O‘zbekiston Prezidenti o‘z xalqini hurmat qilishi, fuqarolari uchun jon kuydirishi natijasi, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Xalq bilan muloqot, davlat idoralarini xalq xizmati uchun ishlatish AQShda ham hayotiy talab sanaladi.

Chunki Amerika uchun demokratiya 242 yildan beri oliy qadriyat sifatida kun tartibidan hech qachon tushmagan. Qariyb ikki yarim asrdan buyon xalqqa yaqin bo‘lish, xalq muammolarini hal etish AQShning siyosiy mentalitetiga aylangan, desak, yanglishmaymiz. O‘zbekistonda so‘nggi 20 oyda davlat tizimining xalq tomon yuzlanishi, xalq muammolari amaliy hal qilinishi, o‘zbek demokratiyasining shakllanishi esa aynan Shavkat Mirziyoyevning tunni tun, kunni kun demay qilayotgan sa’y-harakatlari samarasidir.
16 may. Tashrifning asosiy voqealari kuni. Rasmiy tashrifning o‘z qonuniyati, diplomatlar tili bilan aytganda, protokoli mavjud. 

Davlatimiz rahbari o‘zi uchun ajratilgan, Oq uydan ikki qadam narida joylashgan “Blair House” qarorgohidan mashinalar korteji hamrohligida Oq uyga tantanavor kirib keldi. Prezident faoliyatini jonli efirda ko‘rishga odatlanib borayotgan O‘zbekiston xalqi qalbida bu tasvirlar faxr hissini uyg‘otdi. Har bir o‘zbekda Vatanidan, Prezidentidan cheksiz g‘ururlanish hissini uyg‘otdi.

Oq uydan uzatilgan translyatsiyani nafaqat Amerika, balki butun olam kuzatib bordi. “CNN”, “Fox News”, xullas, boshqa o‘nlab telekompaniyalar kameralari to‘g‘ridan-to‘g‘ri oynai jahonda ushbu jarayonni yoritdi. Aziz mehmonni Oq uy ostonasida Amerika Prezidentining shaxsan o‘zi kutib turardi.

Mashinadan tushishi bilan Tramp Prezidentimizni samimiy qutlab, xuddiki o‘zbekona lutf bilan mehmonni uyga taklif qildi.
Suhbat boshida Prezident Tramp: “Sizga katta rahmat. O‘zbekiston Prezidentining tashrifi biz uchun juda katta sharafdir. Janob Prezident o‘z yurtida va butun dunyoda hurmatga sazovor kishidir. Biz ko‘p masalalarda, jumladan, savdo-sotiq bo‘yicha juda yaqin aloqadamiz. Ular bizga investitsiya keltirgan, biz ham ularga investitsiya kiritamiz. Janob Prezident, siz juda hurmatli insonsiz. Rahmat”, dedi.

Bu so‘zlardan ham ayon bo‘ladiki, O‘zbekiston ham AQSh iqtisodiyotiga anchagina investitsiya kiritmoqda. O‘zbekiston uchun zamonaviy texnologiyalar, dastgohlar, harbiy qurol-aslaha, samolyotlar va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish Amerika hududida o‘n mingdan ziyod ish o‘rinlarining saqlab qolinishiga zamin yaratmoqda. O‘z navbatida, endi AQSh ham O‘zbekistonga sarmoyalar hajmini kengaytirish tarafdori.

Oliy darajada kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralar yakunlangach, protokol talablaridan chiqib, Donald Tramp O‘zbekiston Prezidentini kuzatib qo‘ydi. Oq uy ostonasida Prezidentlar yana bir muddat dildan samimiy suhbatlashdilar. Kayfiyatlari ham a’lo edi. AQSh Prezidenti O‘zbekiston rahbari o‘tirgan mashina jo‘nab ketganidan keyin ham qoniqish hissi hamda hurmat nuqtai nazaridan kuzatib turishda davom etdi...

Davlatimiz rahbari AQShdan quruq qo‘l bilan qaytmadi. Amerikaga safar barakali bo‘ldi. Prezidentimiz o‘zi bilan “Boeing-787 Dreamliner” samolyotini olib qaytdi. Ma’lumki, “Dreamliner” — orzular layneri, degani. Bunda ham ramziy ma’no, ezgu maqsad mujassam, desak, o‘rinlidir. Ya’ni o‘zbekistonliklarning orzusi doimo ushalsin, xalqimiz hayotini yanada yaxshilashga qaratilgan o‘zgarishlar bardavom bo‘laversin. Zotan, Amerika mo‘’jizasining kaliti, bu — Amerika orzusi, ya’ni o‘z kuchi hamda g‘oyasiga ishongan odamning g‘alaba qozonish hissidir.
Sherzodxon QUDRATXO‘JAYЕV,
Xalqaro press-klub raisi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?