“Xalqimizning saodatli kunlari bardavom boʻlsin!”

14:06 17 Avgust 2019 Jamiyat
383 0

“Xalq soʻzi” maxsus muxbiri Said RAHMONOV Saudiya Arabistonining Makka shahridan xabar qiladi.

“Hajingiz mabrur, saʼyingiz mashkur boʻlsin”. Hajning asosiy ruknlarini ado etib, hojilik maqomini olgan 7000 dan ziyod hamyurtlarimiz bir-birlarini bagʻriga bosib qutlar ekan, ana shunday ezgu tilak bildirmoqda. Zero, Paygʻambarimiz ­Muhammad sallollohu alayhi vasallam “Mabrur hajning ­mukofoti faqat jannatdir”, deya marhamat qilganlar. Shu bois oʻzbekistonlik ziyoratchilar haj arkonlarini katta ixlos va husni xulq bilan ado etishga intildilar. Navbatdagi — Minoga chiqish, Arofatda turish, Muzdalifada tunash kabi amallarni ham risoladagidek bajardilar.

Chodirli shahar

Hojilar hayitning uchinchi kuni asrgacha Minoda boʻlishi sunnat sanaladi. Shuning uchun Saudiya Arabistoni Haj ishlari vazirligi tomonidan bu yerda oʻziga xos shaharcha ­bunyod etilgan. Uning oʻziga xosligi shundaki, bu manzil chodirlardan tiklangan vashunchalik koʻpligidan butun vodiy boʻylab choʻzilib ketgan.

Toʻgʻri, bu yerda osmonoʻpar mehmonxonalar ham qurish imkoniyati mavjud. Ammo Paygʻambarimiz alayhissalom haj qilganlarida aynan chodirda oʻtirganlari uchun ummatlari ham shunday qilishni afzal biladilar.

Agar bu shaharchaning bor tarovatini his qilmoqchi boʻlsangiz, osmon uzra paydarpay uchib yurgan vertolyotga chiqsangiz, kifoya. Ayniqsa, hududqorongʻulik choʻmganda yanada goʻzallashib ketadi. Miltirab turgan ming-­minglab chiroqlar yogʻdusini koʻrib, bamisoli yulduzlar yerga qoʻnganmi, deb oʻylab qolasiz.

Oʻzbekistonlik hojilar uchun vodiyning 26 va 27-sektoridagi chodirlar ajratilgan. Ulardagi shart-sharoitlar bir necha yulduzli mehmonxonalardagi imkoniyatlardan aslo qolishmaydi. Har bir chodir kommunikatsiya tarmoqlariga ulangan, sovitkich bilan jihozlangan.

Tarviya, yaʼni yolgʻon arafa kuni bu yerga yetib kelgan yurtimiz ­ziyoratchilari duo va ibodat ­bilan mashgʻul boʻldilar.

— Hajning mashaqqati bor, deyishganda koʻpchilik Mino vodiysida boʻlishni nazarda tutadi, — deydi sirdaryolik otaxon Qoʻqonboy Shokirov. — Ammo bugun bu yerda ibodat qilish mashaqqat emas, rohat! Qarang, hamma sharoit muhayyo qilingan. Xizmat koʻrsatish aʼlo darajada.

Chindan ham, servis xizmatlari juda yaxshi yoʻlga qoʻyilgan. Hududlar ozoda, saranjom-sarishta. Har qadamda qoʻyilgan maxsus idishlar muzdek ichimliklar bilan toʻldirilgan. Ular kamayishi bilan darhol qayta toʻldiriladi. Chodirlar oldiga qoʻyilgan samovarlarda esa choy qaynab turibdi. Yuvinish, tahorat olish borasida ham muammo yoʻq.

Yuzidan nur yogʻilib turgan bu nuroniy otaxon bilan suhbatimiz uzoq choʻzildi. U kishi oppoq soqolini silab, shifokorlar, oshpazlar, Ishchi guruh xizmatidan hojilar mamnunligini ­aytadi.

— Muxbir bolam, endi gap bunday, — deya maqsadga koʻchadi otaxon. — Buni bolalarimga ­aytishim kerak. Ular xavotir olishmasin. Imkoni boʻlsa, uyimdagilar bilan bir gaplashtirsangiz.

Shu zahoti axborot-kommunikatsiya vositalari imkoniyatlaridan foydalanib, Vatanga qoʻngʻiroq qildik. Farzandlari, nabiralari bilan gaplashgan, suratlar almashgan Qoʻqonboy ota oʻzida yoʻq quvonib, Yaratgandan yurtimiz tinch, xalqimiz turmushi farovon, farzandu arju­mandlar omon boʻlishini soʻrab, duo qildi.

Prezidentga tabrik

Yurtimiz ziyoratchilari chin arafa kuni bomdod namozini oʻqiganlaridan soʻng tashkiliy ravishda hajning yana bir farzini bajarish maqsadida Arofat tomon yoʻl oldilar. Sahih manbalarda keltirilishicha, Arofat eng ulugʻ manzillardan biri boʻlib, bu yerda qilingan duo qabul boʻlarkan. Buni yaxshi anglagan hojilar har damni gʻanimat bilib, undan oqilona foydalanish payidan boʻldilar.

Ana shunday paytda Prezidenti­miz Shavkat Mirziyoyevning muborak Qurbon hayiti munosabati bilan Oʻzbekiston xalqiga yoʻllagan tabrigi yurtimiz hojilari, din ulamolarini behad quvontirdi. Ular tabrikni oʻqib, koʻngillari togʻdek koʻtarilganini aytishdi. Binobarin, unda shunday jumlalar bor: “Fuqarolarimiz uchun yaratilgan yangi imkoniyat va sharoitlar tufayli ushbu moʻtabar va ulugʻ ayyom kunlarida Makkai mukarramada muqaddas haj amallarini ado ­etayotgan 7 mingdan ziyod vatandoshlarimiz bugungi tinch-osoyishta, erkin hayot uchun Parvardigori olamga hamdu sanolar aytib, yurtimizga ravnaq, xalqimizga xayr-baraka soʻrab, duoi fotihalar qilishmoqda. Hojilarimizning barchasini samimiy muborakbod etib, ularning ona diyorimizga sogʻ-salomat qaytib kelishlarini tilaymiz. Ular oʻzlarining ibratli fazilatlari, jamiyat hayotidagi faol ishtiroki bilan yosh avlodimizni el-yurtga sadoqatli va fidoyi, hidoyat yoʻlidan boradigan halol va pok insonlar etib tarbiyalashga munosib hissa qoʻshadilar, deb ishonamiz”. 

Oʻz navbatida, Oʻzbekiston hojilari Arofat vodiysida ­davlatimiz rahbariga tabrik yoʻlladilar. Uni Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov oʻqib eshittirdi.

Yurtimiz hojilarini har yili minglab fuqarolarimizning haj ibodatini yuksak saviyada, barcha qulay shart-sharoitlar yaratilgan holatda ado etayotganlari, hech shubhasiz, mamlakatimizda vijdon erkinligini kafolatlash, milliy-diniy qadriyatlarimizni qayta tiklash borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlarning yorqin ifodasi ekanligini alohida taʼkidlab, Yurtboshimizga eng ezgu tilaklarini yoʻlladilar: “Muhtaram Prezident ­Janoblari! Biz, hojilar ­Arofatda turib, Sizning rahnamoligingizda yurtimiz hamisha omon, elimiz doimo tinch, turmushimiz yanada farovon boʻlishini Haq taboraka va taolodan iltijo qilib soʻramoqdamiz.

Alloh-taolodan sizga mus­tahkam sogʻliq, baxt-saodat ­tilaymiz, xalqimiz va aziz ­diyorimizni hamisha Oʻz panohida asrashini soʻrab, duolar qilib qolamiz. Jonajon Oʻzbekistonimizda boshlangan ulkan islohotlarning yorugʻ yuz bilan amalga oshishida Alloh-taolodan tavfiq va madad soʻrab qolamiz”.

Rahmat yomgʻirlari

Maʼlumki, 2019-yilgi haj mavsumi yilning eng issiq paytiga toʻgʻri keldi. Odatda, ­Saudiya Arabistonida yozning chillasida harorat 50 — 60 darajagacha koʻtarilib ketarkan. Ammo bu gal issiq u qadar zabtiga olmadi.

Kutilmagan holat arafa kuni Arofatda kuzatildi. Gap shundaki, hojilarimiz sunnatga muvofiq, peshin vaqtida unga asr namozini qoʻshib oʻqiganlaridan soʻng haroratda oʻzgarish kuzatila boshlandi. Garmsel shamol oʻrnini mayin shabada egalladi. Quyosh togʻu toshlar oʻrab turgan vodiyni tandirdek qizdirib turgan bir paytda osmonda oppoq bulutlar paydo boʻldi va chaqmoq chaqib, zumda sharros yomgʻir quydi. Hojilarimiz Yaratganga shukronalar aytib, koʻzlarida yosh bilan yana duoga qoʻl ochdilar.

Buni qarangki, bunday yomgʻirlar Qurbon hayiti va uning ­ertasida ham yogʻib, dillarni ravshan qildi. Zotan, bahorda koʻkdan tomchi kamdan-kam tomadigan bu joylarda ketma-ket yomgʻir yogʻib, salqin ob-havo roʻy berishi, hech shubhasiz, Allohning rahmatidir.

— Arafa va hayit kunlari yomgʻir yogʻishi hojilarning duolari ijobati, ularning gunohlari kechirilgani, ibodatlari, hajning qabul boʻlganidan bir alomatdir, — deydi Toshkent shahridagi Shayx Ziyovuddinxon masjidi imom-xatibi, guruh rahbari Erdon domla Esonov. — Bu yilgi hajning oʻzgacha boʻlganidan yana bir belgi shuki, goʻyoki jannat shamollari esib, bahor havosi kuzatildi. Bundan, hatto mahalliy aholi ham hayron. Chunki bunday moʻtadil harorat yanvar-fevral oylarida kuzatilar ekan. Oxirgi 25 yil davomida haj mavsumlarining bevosita kuzatuvchisi sifatida, aytishim mumkinki, oʻtgan davr ichida bunday holat birinchi bor yuz bermoqda. Bu — Allohning rahmati, gʻamxoʻrligi. Buning uchun biz, hojilar Parvardigori olamga hamd aytdik, sajdalar etdik, yigʻlab duoi xayrlar qildik. Ilohim, ularning barchasi ijobat qilingani rost boʻlsin!

Hojilarimiz shomdan soʻng Arofatdan chiqib, insoniyat beshigi boʻlmish Muzdalifaga keldilar. Bu yerda tongga qadar ibodatda boʻldilar, tosh terib, shaytonga tosh otish amalini bajardilar, shuningdek, Kaʼbatullohga borib, tavofi izofa qildilar.

Shunday qilib, ziyoratchilar haj ibodatining deyarli barcha ruknlarini bajarib boʻldilar. Ularning soʻnggisi, yaʼni safar yakunida tavofi vidoni bajarib, guruhlar 17-avgustdan boshlab 1-sentyabrga qadar navbatma-­navbat ona Vatanga qaytadilar.

Bugun hojilarning tilida, dilida bir tilak: Alloh-taolo barchaning hajini qabul aylasin, ularga gunohlardan forigʻ boʻlib, uylariga eson-omon ­qaytish nasib qilsin! Xalqimizning saodatli kunlari bardavom boʻlsin!


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?