Xalqimizning munosib farzandi edi...

15:58 01 Avgust 2020 Jamiyat
266 0

Kecha Nukus shahridan sovuq xabar keldi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi oʻrinbosari Musa Yerniyazov ogʻir kasallikdan soʻng vafot etdi. 

Musa Yerniyazov nafaqat qoraqalpoq elining, balki oʻzbek xalqining ham haqiqiy vatanparvar, mard va jasur farzandi edi. Men u bilan bir necha marta suhbatlashganman, turli yigʻinlarda birga ishtirok etganman. Bu inson Oliy Majlis Senati Raisi oʻrinbosari lavozimida ham uzoq va samarali mehnat qildi.

Bugun barcha qoraqalpogʻistonliklar Musa Yerniyazov nomi bilan haqli ravishda faxrlanadi. Boisi, u Qoraqalpogʻiston Respublikasiga salkam yigirma yil davomida rahbarlik boʻlib, oʻz xalqiga, vataniga halol xizmat qildi. Oʻtgan yillar davomida qoraqalpoq yurti gullab yashnadi, Nukus shahri butunlay qayta qurildi. Respublika hududida yuzlab yangi korxonalar faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Musa Yerniyazov olimlarni, ijodkorlarni juda qadrlardi. Shuning uchun ham uning rahbarlik yillarida qoraqalpoq ilm-fani taraqqiy etdi. Nukusda koʻplab oliy oʻquv yurtlari tashkil etildi. Qolaversa, odamlarning turmushi farovon boʻldi. Qoraqalpogʻiston nomi butun dunyoda yangradi.

Uning samarali mehnati qadrlanib, “Oʻzbekiston Qahramoni” degan yuksak unvon berilgandi.

Eng muhimi, Musa Yerniyazov butun qoraqalpoq xalqining qalbidan joy oldi, odamlarning ishonchini qozondi. U bir umr davlatga, xalqqa sadoqat bilan xizmat qildi. Mustaqillikni mustahkamlash, xalqni rozi qilish yoʻlida butun umrini bagʻishladi.

Musa Yerniyazovning vafoti xalqimiz uchun juda katta yoʻqotish. Shu oʻrinda qoraqalpoq eliga, marhumning oila aʼzolariga chuqur hamdardlik bildiraman. Musa Yerniyazovning yorqin xotirasi qalblarimizda abadiy yashaydi.

Rustam XOLMURODOV,
Oliy Majlis Senati aʼzosi,
Samarqand davlat universiteti rektori,

professor.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?