Xalqimizning ezgu fazilatlari koronavirusga qarshi kurashishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda

01:31 15 May 2020 Jamiyat
503 0

Mashhur faylasuf Senekaning “Hosil yomon boʻlganda ham yana ekaverish kerak”, degan soʻzlari bundan ikki ming yil avval aytilgan, ammo undan chiqariladigan xulosa bugungi kunimiz uchun ham nihoyatda dolzarbdir.

Darhaqiqat, faqat zorlanish bilan biror natijaga erishib boʻlmaydi. Muammolarni bartaraf etish, hayotni yaxshilash va farovon qilishda tinimsiz oldinga intilish, fidokorona mehnat qilish, mashaqqatlarni mardonavor yengib oʻtish lozim. Joriy yilgi bahor oʻzi bilan murakkab sinovlarni olib kelgan Oʻzbekistonda aynan mana shu yondashuvga amal qilinmoqda. Bu esa odamlarimiz ruhini koʻtarib, ertangi kunga ishonchini mustahkamlamoqda.

Oʻzi nimadan boshlandi?

Oʻtgan yil oxirida ilgari maʼlum boʻlmagan yangi virus haqidagi xabarlar “yomgʻiri” yogʻa boshladi. Keyin u kuchayib, ikki oy ichida butun dunyoni qoplagan “qoru doʻl”ga aylandi.

Mamlakatimizda koronavirus kasalligi ilk bor mart oyida aniqlandi. Oʻshandan buyon epidemiologik vaziyat boʻyicha har kuni xabar berib borilmoqda. Mutaxassislar gigiyena va “oʻz-oʻzini yakkalash” qoidalariga ogʻishmay rioya qilish zarurligi haqida ogohlantirishyapti. Odamlarning bir-biri bilan, jamiyatning hukumat va davlatimizning boshqa mamlakatlar bilan munosabatlari mutlaqo yangicha shakl va mazmun kasb etmoqda.

Oʻzbekistonda dastlabki kundan boshlab koronavirusga qarshi mustahkam toʻsiq oʻrnatishga harakat qilindi. Pandemiya tarqalishining oldini olish, inson hayoti va salomatligini muhofaza qilish boʻyicha rejali hamda keng koʻlamli ishlar olib borilyapti. Yuzaga kelgan murakkab sharoitni hisobga olgan holda milliy qonunchiligimiz takomillashtirilayotir. Karantin eʼlon qilinib, harakatlanish cheklandi, ommaviy tadbirlar bekor qilindi. Jamoat transportlari qatnovi toʻxtatildi.

Ammo hayot toʻxtagani yoʻq. Oʻz vaqtida tezkor qabul qilingan chora-tadbirlar tufayli u yangi sharoitlarga moslashgan holda davom etyapti. Maktablar, kollej va oliy oʻquv yurtlarida masofaviy usulda oʻqitish yoʻlga qoʻyildi, koʻplab tashkilotlar ham masofadan turib ish yuritmoqda.

Yoʻl harakati va yongʻin xavfsizligi xizmatlari, huquq-tartibot organlari, tibbiy yordam, ommaviy axborot vositalari faoliyat koʻrsatyapti. Elektr energiyasi, gaz va suv taʼminoti, kommunal xizmatlar uzluksizligi taʼminlanmoqda. Aholiga oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmonlar, gigiyena buyumlari, birlamchi ehtiyoj mollari muntazam yetkazib berilayotir. Xullas, fuqarolarni qiyin sharoitda qoʻllab-quvvatlash uchun barcha ishlar amalga oshirilmoqda. Ijtimoiy muhofazaga muhtoj qatlam, kam taʼminlangan oilalar, keksalar va nogironligi bor shaxslarga alohida gʻamxoʻrlik koʻrsatilyapti. Karantin sabab koronavirus xavfi yuqori boʻlgan xorijiy davlatlarda qolgan yurtdoshlarimiz ham eʼtibordan chetda emas. Ularni Oʻzbekistonga qaytarish uchun maxsus charter reyslar tashkil etilmoqda.

Ayni vaqtda ushbu yuqumli kasallikning oldini olish va uni davolash ishlariga jalb qilingan tibbiyot xodimlari zimmasiga ulkan masʼuliyat yuklandi. Ularga faoliyati yana-da samarali va natijador boʻlishi uchun kerakli sharoitlar yaratildi. Xususan, shu yoʻnalishda zarur bilimga ega xorijiy mutaxassislar bilan tajriba almashish yoʻlga qoʻyildi, ixtisoslashtirilgan tibbiy muassasalar va karantin zonalari tashkil etildi. Butun mamlakat aholisi shifokorlar uchun qaygʻurib, ularning muvaffaqiyatlaridan mamnun boʻlyapti. Davlatimiz tomonidan koronavirus bilan kurashning oldingi safida turgan ushbu soha xodimlarini moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirish choralari koʻrilmoqda.

Taʼkidlash joizki, amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlar aholi birdamligi va qoʻllab-quvvatlashi tufayli katta natija beryapti. Telefon orqali soʻrov oʻtkazib, ijtimoiy fikr oʻrganilganda, oʻzbekistonliklarning aksariyat qismi karantin cheklovlarini toʻgʻri tushunganligi maʼlum boʻldi. Buni xorijlik ekspertlar ham tasdiqlashmoqda.

— Pandemiya oʻzbek jamiyatining birdamligini namoyon etdi, — deb yozadi “Polish Market” jurnali muallifi A. Kazimerskiy. — Koʻpgina davlatlarda, jumladan, Polshada ham Oʻzbekiston aholini pandemiyadan muhofaza qilish masalasiga oqilona va oʻta masʼuliyat bilan yondashganligi ibrat qilib koʻrsatilmoqda.

Iqtisodiyotmi yo hayot?

Koronavirus toʻsatdan tarqalgani bois dunyo mamlakatlarida bu baloni daf etish boʻyicha tayyor usul yoʻq edi. Shuningdek, “Bu murakkab sharoitda birinchi galda odamlar hayotini saqlab qolish kerakmi yo iqtisodiyotnimi?” degan savolga yagona javob hali ham berilmadi. Bu masalada bahslar davom etyapti. Bir tomondan, har bir insonning hayoti va salomatligi bosh qadriyat ekanligi deyarli barcha davlatlarda mustahkamlab qoʻyilgan. Shu bois aksariyat davlatlarda koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida fuqarolar hayoti va sogʻligʻini saqlab qolishga qaratilgan turli darajadagi cheklovlar joriy etildi. Ikkinchi tomondan esa ushbu cheklovlar faqat oddiy fuqarolar tomonidan karantin qoidalariga rioya qilishning oʻzigagina tegishli boʻlmay, balki mamlakatlar oʻrtasida va hatto bir mamlakat ichidagi hududlar oʻrtasidagi transport aloqasini uzib qoʻydi, aksariyat korxonalar, doʻkonlar va xizmat sohalari obyektlarining yopilishiga sabab boʻldi. Bunday holat iqtisodiy faollik pasayishi, ishlab chiqarish toʻxtab qolishi, shunga mos holda ishlovchilarning daromadi pasayib ketishi yoki umuman yoʻqotilishiga olib keldi. Ayrim ekspertlar ochiq aytayotganidek, muayyan kishini koronavirusdan saqlab qolsak ham, u oʻzi va oilasini boqish uchun daromadga ega boʻlmasa, bu qanday oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkinligini tasavvur etishning oʻzi qiyin.

Ana shunday sharoitda nafaqat mamlakatimizda, balki xalqaro darajada ham Oʻzbekiston rahbariyati tutgan yoʻlga munosib baho berilmoqda. 19-mart kuniyoq, hali koʻp mamlakatlar COVID-19 hujumini qanday bartaraf etish haqida endi oʻylay boshlagan vaqtda, Oʻzbekiston Prezidentining “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilinib, unda Moliya vazirligi huzurida Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasini tashkil etish va mablagʻlardan foydalanishning asosiy yoʻnalishlari belgilab berildi. Unga koʻra, ajratilgan mablagʻlar koronavirus tarqalishining oldini olish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va aholi bandligini taʼminlash, ijtimoiy muhofazani kengaytirish, iqtisodiyot tarmoqlarining barqaror faoliyatini taʼminlashga sarflanmoqda.

Biznes uchun ragʻbat zarur

Vaziyatning oʻzgarishi va karantinning choʻzilishi sababli birinchi galdagi vazifalarga qoʻshimcha ravishda mamlakatimiz rahbariyati tomonidan boshqa samarali chora va vositalar ham qoʻllanila boshlandiki, ular yordamida pandemiyaning salbiy oqibatlari kamaytirildi. Ushbu choralarning roʻyobga chiqarilishi qator dolzarb masalalarni hal etishga qaratilgandir. Misol uchun, qishloq joylarda yashab, mehnat qilayotgan odamlarni qoʻllab-quvvatlashni olaylik. Eng avvalo, qishloq xoʻjaligi xodimlariga bahorgi ekin-tikin ishlarini oʻz vaqtida, sifatli bajarish, kelgusida yaxshi hosil olish uchun zamin hozirlashga koʻmaklashuvchi choralar qoʻllanildi. Bu esa mamlakatda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, oziq-ovqat sanoati korxonalariga oʻz vaqtida xom ashyo yetkazib berish, ularning eksport salohiyatini yuksaltirishda juda muhimdir. Shu bois chorvachilik, baliqchilik, asalarichilik va boshqa faoliyat turlari bilan shugʻullanish istagida boʻlgan qishloq aholisini ragʻbatlantirish davom ettirilmoqdaki, mazkur tadbirlar daromadni koʻpaytirish va qoʻshimcha ish oʻrinlarini yaratishda qoʻl kelmoqda.

Bir qator ragʻbat choralari tomorqa egalariga koʻmaklashishni koʻzda tutadi. Ular ham oʻz oilasini meva-sabzavotlar bilan taʼminlaydi, ham ehtiyojidan ortigʻini sotib, daromad oladi. Bunda oʻz tomorqasidan yiliga 2-3-marta hosil olayotgan va oʻn million soʻmlab daromad qilayotgan tomorqa egalarining tajribasini yoyishga eʼtibor berilyapti.

Yana bir jihat gʻoyat ahamiyatli: qator viloyatlarda irrigatsiya tarmoqlaridan foydalanishda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar sababli sugʻorish uchun suv yetishmasligi kuzatilib, oʻn minglab gektar yerlar muomaladan chiqarilgan edi. Shuning uchun ushbu yerlarning holatini tiklash, bir qismini ishsiz aholiga ekin ekish uchun berish vazifasi qoʻyildi. Bunday yer maydonlarini adir joylarda ham oʻzlashtirib, yangi bogʻ va uzumzorlar barpo etish mumkinligi belgilandi. Shunday qilib, bir nechta oʻzaro bogʻliq vazifalar hal etilmoqda.

Karantin cheklovlarini yumshatish boʻyicha chora-tadbirlarni belgilashda asosiy eʼtibor eng koʻp xodimlar ishlaydigan tarmoqlarga, yaʼni toʻxtab qolgan korxona, tashkilot va kompaniyalarning daromad manbaidan ayrilgan xodimlariga qaratildi. Bu borada birinchi boʻlib qurilish sohasi “jonlandi”. Keyingi yillarda Oʻzbekistonda qurilish eng jadal rivojlanayotgan soha. Mamlakatimizning hamma viloyatlarida yuzlab ishlab chiqarish korxonalari va ijtimoiy obyektlar, turarjoylar qurilyapti. Qurilish maydonlarida, shuningdek, binolarni taʼmirlashda yuz minglab mutaxassislar mehnat qilmoqda. Ishlar qayta boshlangach, qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalar va ularni tashish bilan shugʻullanuvchi subyektlar ham avvalgi ish surʼatlarini tiklashdi. Bu esa yana ming-minglab ish oʻrinlari, deganidir.

Koronavirus pandemiyasining iqtisodiyotga salbiy taʼsirini kamaytirish, mahalliy xom ashyoni qayta ishlashni chuqurlashtirish, aholi bandligi va daromadlarini oshirishga xizmat qiluvchi yana bir soha — toʻqimachilik sanoati. Ushbu tarmoqda ikki mingdan ortiq korxonalar mavjud boʻlib, ularda 365 ming kishi mehnat qiladi. Ularning koʻpchiligi faoliyatini tikladi yoki tiklamoqda. Lekin mamlakatimizda yetishtiriladigan paxta xom ashyosini toʻligʻicha qayta ishlash, eksport hajmini 15 milliard dollargacha yetkazish va uch milliondan ziyod kishilarning bandligini taʼminlash imkoniyati mavjud. Shu bois bu borada aniq qadamlar qoʻyilmoqda. Jumladan, davlatimiz rahbarining “Toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini qoʻllab-quvvatlashga doir kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmonida yirik mintaqaviy toʻqimachilik-tikuvchilik klasterlarini rivojlantirish bilan bir qatorda, ularning har biri mashhur xalqaro brend mahsulotlarini realizatsiya qilishga, shuningdek, kamida mingta ish oʻrni yaratishga yoʻnaltirilishi koʻzda tutilmoqda.

Biznes vakillariga Prezidentimizning kecha boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida aytgan soʻzlari yana-da katta ishonch baxsh qildi. Davlatimiz rahbari tadbirkorlar va aholini pandemiya sharoitida qoʻllab-quvvatlash shu paytgacha berilgan imtiyozlar bilan chegaralanib qolmasligini va, albatta, davom ettirilishini alohida taʼkidladi.

Inqirozga qarshi choralar haqida munosabat bildirgan Yevropa parlamentining Markaziy Osiyo mamlakatlari va Moʻgʻuliston bilan aloqalar boʻyicha delegatsiyasi raisi Fulvio Martushello taʼkidlashicha, Yevroittifoq Oʻzbekistonda roʻy berayotgan voqealarni diqqat bilan kuzatmoqda.

— Biz mamlakat rahbariyatining koronavirusga qarshi kurashish choralarini qoʻllab-quvvatlaymiz, — deydi u. — Oʻzbekistonning pandemiya sharoitida iqtisodiyot, biznes va aholini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha amalga oshirayotgan saʼy-harakatlari olqishga sazovor. Hech kim eʼtibordan chetda qolmayotgani juda muhimdir.

Hatto genlar ham yordam bermoqda

Keyingi kunlarda mamlakatimizda umid uygʻotuvchi koʻrsatkichlar qayd etilmoqda, yaʼni shifokorlar yordami bilan kasallikdan tuzalganlar soni davolanayotganlar sonidan deyarli toʻrt marta koʻp. Shunday boʻlsa-da, Prezidentimiz taʼkidlaganidek, xavf butun dunyoda bartaraf etilmaguncha, biz ham xotirjamlikka berilishga haqqimiz yoʻq. Har birimiz karantin qoidalariga toʻliq amal qilishimiz hamda nafaqat oʻz salomatligimiz, balki yaqinlarimiz va butun xalqimizning sogʻligʻi uchun masʼul ekanligimizni yoddan chiqarmasligimiz lozim.

Chindan ham, bugun hayot butunlay oʻzgardi. Mana, ikkinchi oydirki, karantindamiz. Eng yaqin doʻkon, dorixona va poliklinikani hisobga olmaganda, koʻchaga chiqmayapmiz. Mehmon kutish ham mumkin emas. Ruhshunoslar aytishicha, toʻrt devor ichida oʻtirish inson uchun, ayniqsa, yoshi katta odamlar, bolalar, yoshlar uchun ancha ogʻir sinov. Karantin sharoitidagi cheklovlar aholi chidamini sinaydigan haqiqiy imtihon boʻldi. Biroq “oʻzini yakkalash” haftalari davomida odamlar atrofdagi vaziyatdan koʻra kuchliroq boʻla olishlariga ishondilar. Chidam, sabr-toqat va sabot namoyish etdilar. Bu quruq soʻzlar emas. Hamma narsadan xabardor boʻlib turuvchi internetdagi dalillarga qaraganda, vatandoshlarimiz juda intizomli ekanliklarini koʻrsatib, xalqaro reytinglarda ham bu eʼtirof etildi.

Shunisi ham ahamiyatliki, hozirgi qiyin sharoitga qaramay, oʻzbekistonliklar nafaqat oʻzlari va oʻz yaqinlari, balki muhtojlarga gʻamxoʻrlik qilishga ham ulgurmoqda. Minglab yurtdoshlarimiz himoyaga muhtoj oilalar, yolgʻiz keksalar, nogironligi bor insonlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha tashabbusga qoʻshildi. Ular maxsus jamgʻarmalarga pul mablagʻlari oʻtkazyapti. Shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechak, gigiyena vositalari bilan yordam bermoqda. Xayriya harakati, ayniqsa, tabiiy ofatdan zarar koʻrilganda yana-da keng quloch yozdi.

Soʻnggi voqealar shunday oddiy haqiqatni koʻrsatdiki, odamlarimizning irodasini bukib boʻlmaydi. Axir vujudimizda oʻz faoliyati, insonparvarligi va qatʼiyati bilan dunyoni zabt etgan ulugʻ ajdodlarimiz qoni oqmoqda. Bu fazilatlar gen darajasida boʻlib, bizga pandemiyani yengishda yordam beryapti. Butun dunyo hali fanga, tibbiyotga nomaʼlum boʻlgan “dushman” bilan kurashayotgan bir davrda ana shu xislatlarimiz bizni matonat bilan bu kurashda gʻalaba qozonishga, azaliy qadriyatlarimizni yana-da mustahkamlashga undayapti.

Mamlakat rahbari taʼkidlaganidek, katta qiyinchiliklarga qaramay, xalqimiz sinovlar oldida dovdirab qolmadi. Yurtdoshlarimiz yana-da jipslashib, har lahzada mehr-muruvvat, chidam va sabot, buyuk saxovat namunalarini koʻrsatishmoqda. Bu ezgulik mamlakatimiz chegaralaridan chiqib, dunyo boʻylab keng quloch yozmoqda. Oʻzbekistondan Xitoy, Eron, Rossiya va qoʻshni mamlakatlarga insonparvarlik yordami ortilgan samolyot va poyezdlar yoʻl oldi. U yerlarda saxovat karvonlariga munosib baho berildi.

— Bunday xayrli tadbir Markaziy Osiyoning butunlay oʻzgarganini, u mintaqaviy hamkorlik va integratsiyani kuchaytirishga, oʻzaro munosabatlarni yaxshilashga intilayotganini koʻrsatdi, — dedi Qirgʻizistonning Xalqaro munosabatlar va xavfsizlik kengashi boshqaruvining hamraisi Edil Osmonbetov Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusi bilan shu mamlakatga insonparvarlik yuklari yuborilgani voqeasini sharhlar ekan. — Oʻzaro ishonch va bir-birini tushunish bugun, koronavirus pandemiyasi sharoitida har doimgidan ham muhim. Oʻzbekiston ushbu global muammoni birgalikda hal etish uchun soʻz bilan emas, amaliy ishlari bilan harakat qilyapti.

Oʻzbekistonda koronavirusga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli chora-tadbirlar va ularning ijobiy samaralariga davlatimiz rahbari nomiga nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlaridan kelayotgan xatlarda ham alohida urgʻu berilmoqda.

Jumladan, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga kuni kecha yoʻllagan maktubida Oʻzbekiston Respublikasida virusning tarqalishini jilovlash, shuningdek, pandemiyaning ijtimoiy-iqtisodiy, shu jumladan, aholining eng ehtiyojmand qatlamlari uchun oqibatlarini yumshatish boʻyicha koʻrilgan qatʼiy choralarni yuksak baholashini taʼkidladi.

Bunday eʼtibor va eʼtiroflar har birimizning ruhiyatimizni koʻtarishi bilan birga, masʼuliyatimizni, jarayonga daxldorligimizni yana-da oshiradi. Zero, “koʻrinmas yov”ga qarshi kurash hali tugagani yoʻq. Bu balo dunyo ahliga xavf solib turar ekan, bir zum boʻlsa-da xotirjamlikka berilishga, loqaydlikka yoʻl qoʻyib boʻlmaydi. Aksincha, uni butunlay yoʻqotishga jiddu jahd qilishimiz, gʻayrat-shijoatni aslo susaytirmasligimiz lozim. Bu yoʻlda xalqimizga xos birdamlik, hamjihatlik, oʻzgalar dardini oʻz tashvishidek qabul qilish, muhtojlarga koʻmak koʻrsatishga doimo shay turishdek ezgu fazilatlar har birimiz uchun mustahkam tirgak, yorugʻ manzillar sari yoʻlchi yulduz boʻla oladi.

******

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning Prezidentimizga yoʻllagan maktubidan:

“...Siz rahbarlik qilayotgan mamlakatning mintaqada jabr koʻrgan davlatlarga, jumladan, Afgʻoniston Islom Respublikasiga insonparvarlik yordami koʻrsatish borasidagi saʼy-harakatlari uchun gʻoyat minnatdorman.

Sizning Hukumatingiz tomonidan Oʻzbekiston Respublikasida virusning tarqalishini jilovlash, shuningdek, pandemiyaning ijtimoiy-iqtisodiy, jumladan, aholining eng ehtiyojmand qatlamlari uchun oqibatlarini yumshatish boʻyicha koʻrilgan 
qatʼiy choralarni yuksak baholayman”.

Oʻtkir RAHMAT.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?