“Xalqimizga xos bag‘rikenglik farzandlarimizga ham o‘tsin”

20:00 09 May 2018 Jamiyat
560 0
Foto: Hasan Paydoyev, "Xalq so‘zi"

Mamlakatimizda 9 may — Xotira va Qadrlash kuni hamda fashizm ustidan qozonligan G‘alabaning 73 yilligi munosabati bilan bayram tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda. Mahallalarda, ta’lim muassasalarida, madaniyat va istirohat bog‘larida, shahar va tumanlarda uyushtirilgan marosimlarda suronli yillarda urush azobini ko‘rganlar e’zozlanib, o‘tganlar xotirasi yod etilmoqda. 

Foto: Hasan Paydoyev, "Xalq so‘zi"

Poytaxtimizdagi “Xalqlar do‘stligi” maydoni esa yanada gavjumlashgan. Sababi, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ikkinchi jahon urushi vaqtida O‘zbekistonga ko‘chirib keltirilgan yetimlarning 14 nafarini o‘z bag‘riga olib, xalqimizning bag‘rikengligini namoyon etgan Shomahmudovlar oilasi xotirasiga o‘rnatilgan yodgorlik eski joyiga qaytarildi. Shuningdek, Shayxontohur tumani hududidagi avval Shomahmudovlar nomi bilan yuritilgan Bog‘ ko‘cha ham avvalgi nom bilan ataladigan bo‘ldi. 

Foto: Hasan Paydoyev, "Xalq so‘zi"

O‘zbekiston xalq yozuvchsi Rahmat Fayziyning “Hazrati inson” asari asosida rejissyor Shuhrat Abbosov suratga olgan «Sen yetim emassan» filmi orqali ushbu oila haqida har birimiz ma’lumotga egamiz. 

Foto: Hasan Paydoyev, "Xalq so‘zi"

Temirchi Shoahmad ota va Bahri ona aslida farzandsiz edi. Ularning butun hayoti mehnatda o‘tgan. Ular urush yillarida rus, belarus, tatar, yahudiy, moldovan, qozoq va boshqa millatlarga mansub 14 nafar yetimni asrab olib voyaga yetkazishgan. Shoahmad ota «Hurmat belgisi» ordeniga loyiq ko‘rilgan, Bahri ona esa «Qahramon ona» deb e’tirof etilgan.

Foto: Hasan Paydoyev, "Xalq so‘zi"

O‘sha vaqtda xizmatlari yuqori baholanib Shomahmudovlar oilasi yashaydigan ko‘cha oilaning nomi bilan atalgan edi. 1982 yilning 26 mayida Toshkent shahrida ushbu oila xotirasi uchun «Xalqlar do‘stligi» yodgorligi o‘rnatilgandi. 2008 yilning 12 aprelida bu yodgorlik shaharning chekka hududiga ko‘chirib yuborilgan. 2017 yilning 1 mayida esa yodgorlik Yakkasaroy tumanidagi Do‘stlik bog‘iga joylashtirilgan. Hozirgi kunda esa yodgorlik yana o‘z o‘rniga qaytdi. Bu tarixiy adolatni tiklash borasidagi ezgu sa’y-haraktalarning o‘ziga xos ifodasidir. 

Foto: Hasan Paydoyev, "Xalq so‘zi"

Davlatimiz rahbari 9 may — Xotira va Qadrlash kuni munosabati bilan poytaxtimizdagi Botanika bog‘ida bo‘lib o‘tgan bayram tantanalarida qatnashish chog‘ida, ushbu haykalning avvalgi joyiga qaytarilgani haqida gapirib, “Xalqimizga xos bag‘rikenglik farzandlarimizga ham o‘tsin” deya alohida ta’kidladi. 
Maqsud JONIXONOV,
Hasan PAYDOYeV (suratlar),
“Xalq so‘zi” muxbirlari. 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?