Xalqimiz yaxshilik uchun doimo shamoldan tez boʻlgan

01:56 05 May 2020 Jamiyat
356 0

Illyustrativ foto

Oʻzbekning xulqi goʻzal. Oʻzbekning sabri goʻzal. Uning bagʻrikengligi esa shu goʻzalliklarga gultojdir. Xalqimiz doimo bu fazilatlariga sodiq qolgan. Tugʻishganu qarindosh urugʻi u yoqda tursin, “Yo Rabbim!” degan mazlumni, musofirni, bemorni qoʻlidan tutib bagʻridan joy bergan. Sirdaryodagi suv toshqini tufayli xalqimiz ana shu qadriyatini yana bir bor namoyon etdi. Jumladan Toshkent viloyati aholisi ham qoʻshni viloyatdagi holatni oʻz dardu tashvishi deb qabul qildi. Roʻy bergan voqeaning dastlabki kuniyoq yordamga shoshilishdi. Viloyatning barcha hududlarida oilaning kunlik ehtiyoji uchun zarur boʻlgan oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechak, koʻrpa-toʻshak, stol-stullar tayin etilgan manzillarga toʻplandi. Hattoki, kishilar eshigidagi ortiqcha deb hisoblashgan qoramollarini ham hadya sifatida taqdim etishdi.

Bu begʻaraz yordamlar Bekobod tumanida 12 ta, Boʻka tumanida 14 ta, Olmaliqda 14 ta, Ohangaronda 8 ta yuk avtouloviga joylandi. Shu tariqa viloyat ahlining sirdaryoliklarga begʻaraz koʻmak karvoni manziliga yetkazildi. 

Viloyatning tanti va joʻmard kishilari bu bilan chegaralanib qolishmadi. Boʻka, Bekobod, Yangiyoʻl, Chinoz, Oqqoʻrgʻon, Piskent tumanlaridagi yuzlab xonadon sohiblari uylarining bir qismini Sirdaryodagi vaqtincha yashash joyidan koʻchirilgan kishilarga boʻshatib berishdi.

Piskent tuman hokimligi axborot xizmatining xabar berishicha, ayni damgacha Oqoltin, Sirdaryo, Mirzaobod tumanlari va Guliston shahridan kelgan 44 ta oiladagi 125 nafar kishi Piskent tumanidagi mahallalarda istiqomat qilishmoqda. Jumladan, “Novkent”dagi 6 xonadonda 51nafar, “Zominovul” MFYdagi 5 ta xonadonda 21 nafar, “Gʻayrat” mahallasidagi 1 xonadonda 11 nafar, “Doʻstlik”MFYdagi 1 xonadon 8 nafar, “Moʻminobod”dagi 1 xonadonda 27 nafar sirdaryolik yurtdoshimiz qoʻnib topdilar.

Viloyat mutasaddilarining maʼlumotiga koʻra, hudud byudjetidan sirdaryolik jabr koʻrganlarga begʻaraz koʻmak sifatida 5 milliard soʻm pul mablagʻi ham yuborilgan.

Bunday mehr saxovatlarni muborak Ramazonda qilinayotgani kishilarning ajru savobini koʻpaytirmoqda. Buni teran anglagan saxovatli donishlar mehmon qabul qilgan xonadonlarda, manzillarda iftorlik va saharlik dasturxonlari yozishmoqda.

Shu satrlarni yoza turib koʻzimga yosh qalqidi. Bexosdan muhaddislar sultoni imom al-Buxoriy hazratlarining “Al-jomiʼ as-sahih” asaridagi mana bu jumlalar yodimga tushdi:

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qildadilar:

“Rasululloh sallollohu alayhi vasallam: “Kimki Alloh yoʻlida nimaiki boʻlsa ham, bir juftdan(ikki dinor, ikki dirham, ikki kuylak, ikki doʻppi) ehson qilsa, jannat eshiklaridan “Ey Allohning bandasi, bu qilgan ishing xayrlik ishdir!” deb ichkariga kirgizilgaydir”-dedilar.

Xalqimiz doimo yaxshilik uchun shamoldan tez boʻlishgan. Bugun ham shunday fazilatlar bilan bir-biriga koʻmak berishyapti. Bu mehr-muruvvatlar, saxiylik va joʻmardliklar ota-bobolarimizning bizga qoldirgan bebaho maʼnaviy merosi mevasidir.

Shodiyor Mutaharov,

(“Xalq soʻzi“)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?