Xalqimiz osoyishtaligi yo‘lida

09:10 20 Iyun 2018 Jamiyat
172 0

Prezidentimizning shu yil 19 iyundagi “Toshkent shahrida jamoat tartibini ta’minlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi faoliyatni yanada takomillashtirishga qaratilgani bilan nihoyatda ahamiyatli bo‘ldi.

— Aytish joizki, o‘tgan davr mobaynida Toshkent shahrida davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlarining izchil hamkorligida ushbu sohada sezilarli ishlar amalga oshirildi, — deydi Toshkent shahar IIB boshlig‘i o‘rinbosari Azizxon Umarxonov. — Eng asosiysi, qirqdan ortiq normativ hujjatlar qabul qilindi. Bundan tashqari, Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari — ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i har o‘n kunda xalq oldida hisobot berishi hamda tashkil etilgan ichki ishlar idoralari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmalarining boshliqlari har chorakda, ularning o‘rinbosarlari esa har oyda xalq deputatlari tuman Kengashlari sessiyalarida hisobot berishlari to‘liq yo‘lga qo‘yildi. Ichki ishlar bosh boshqarmasi quyi tizimlari barcha shaxsiy tarkibining 75 foizi hozirgi kunda tashkil etilgan ichki ishlar bo‘limlariga tushirib berildi. Navbatchilik qismlari yo‘lga qo‘yildi. Maqsadimiz fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan.

Bu sa’y-harakatlarning amaliy natijasi o‘laroq, Toshkent shahrida o‘tgan 5 oyda umumiy hisobda jami 3020 ta jinoyat sodir etilib, o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan 2680 taga, ya’ni 47 foiz kamayishiga erishilgan. Jumladan,talonchiliklar 60 foizga, o‘g‘riliklar 53 foizga, firibgarliklar 39 foizga, bezoriliklar 54 foizga, yengil tan jarohati yetkazish jinoyatlari 36 foizga, o‘rtacha og‘irlikdagi tan jarohati yetkazish jinoyatlari 55 foizga kamaygan. Jinoyatlarning fosh etilishi darajasi esa 94 foizni tashkil etadi.

Albatta, sohada erishilgan natijalar, xususan, jinoyatlarning qariyb

50 foizga pasaygani kishini quvontiradi. Lekin bitta bo‘lsa ham u baribir jinoyat, har bir qonunbuzarlik ortida esa inson, qo‘yingki, butun bir oila taqdiri, jamiyatimiz osoyishtaligi turadi. Prezident qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan “Xavfsiz poytaxt” konsepsiyasi esa kunu tun birlashgan patrullik xizmatlarini yo‘lga qo‘yish orqali poytaxtimizni xavfsiz hududga aylantirishga xizmat qiladi.

Tan olish kerak, sutkaning, ayniqsa, kechki va tungi vaqtlarida huquq-tartibot organlari kuch va vositalarining tezkor harakati, ularning dislokatsiyasi hamda qo‘yilgan vazifalarni ijro etish sifati yetarlicha samarador emasligini amaliyotning o‘zi ko‘rsatmoqda. Agar keyingi 5 oy mobaynida Toshkent shahrida ro‘yxatga olingan jinoyatlar tahlil qilinganda, kechki va tungi vaqtlarda qasddan odam o‘ldirish 8 taga, qasddan og‘ir tan jarohati yetkazish 32 taga, qasddano‘rtacha tan jarohati yetkazish20 taga, yengil tan jarohati yetkazish 23 taga, bosqinchilik 6 taga, talonchilik13 taga, o‘g‘irlik 18 taga, transport vositalarini olib qochish 11 taga, bezorilik 40 taga oshganiga guvoh bo‘lish mumkin.

— Tungi jinoyatlar asosan ko‘ngilochar maskanlari va jamoat joylaridagi bezorilik hamda o‘g‘irliklardan iborat, — deydi Olmazor tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Akmal Bahromov. — Avvallari bir nechta mahallalar hududini nazorat qilish ishlariga birgina profilaktika inspektori bilan yo‘nalishli post patrul xizmati xodimlari jalb etilardi. Qarorga asosan esa kelgusida nazorat ishlarini tungi vaqtda yanada izchillik bilan olib borish ko‘zda tutilgan. Bu, o‘z navbatida, tungi vaqtda jinoyatchilikning oldini olish, huquqbuzarliklarga qarshi kurashish, hududlarda bironta ham jinoyat sodir etilmasligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Shu kabi holatlarning oldini olishga qaratilgan Prezident qarori Toshkent shahrida huquq tartibot organlari xizmat faoliyatini tashkil etishning sifat jihatidan yangi tartibini,kechki va tungi vaqtlarda o‘zaro yakdil harakatlarning samarador mexanizmlarini joriy etish, jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishda innovatsion usullardan keng foydalanishni nazarda tutadi. Qarorga muvofiq ishlab chiqilgan “Xavfsiz poytaxt” konsepsiyasi esa shu yilning 1 iyulidan, Toshkent shahrida sinov tariqasida tatbiq etiladi. Unga ko‘ra, bir sutkada 3 smenalik uzluksiz patrul xizmati yo‘lga qo‘yiladi, soat 16:00 dan 08:00 gacha bo‘lgan vaqtda nazoratni kuchaytirish maqsadida esa Ichki ishlar organlarining YPX va PPX hamda Milliy gvardiya bo‘linmalarining 70 foizidan kam bo‘lmagan saf qismlari jalb qilinadi. Bundan tashqari, sutkaning kechki va tungi vaqtlarida Ichki ishlar va prokuratura organlarining profilaktika, tezkor-tergov bo‘linmalari, ma’muriy sudlar, advokatura, shuningdek, sudga doir tibbiy ekspertiza xizmati xodimlari ham faoliyat olib boradi.

Qarorga muvofiq, joylarda Aloqa va jamoat tartibini saqlash kuchlarini muvofiqlashtirish mobil markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda. Mazkur harakatlanuvchi mobil markazlar kechki va tungi vaqtlarda xizmat o‘tashga jalb qilingan jamoat tartibini saqlash kuchlarini nazorat qilishda, ularni boshqarish va samarali harakatini tashkil etishda Ichki ishlar bo‘limlariga ko‘maklashadi.

Xalqaro Gellap tashkiloti tomonidan tuzilgan so‘nggi reyting natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston — dunyoning eng xavfsiz mamlakatlar beshtaligidan o‘rin oldi. Bu mamlakatimizda tinchlik-xotirjamlikni ta’minlash borasida olib borilayotgan sa’y-harakatlarning xalqaro maydondagi e’tirofi hamdir. “Xavfsiz poytaxt” konsepsiyasi esa mamlakat miqyosida qaror topayotgan tinchlikva osoyishtalikning chinakam muqaddimasi bo‘lib qoladi, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.

Bosh prokuratura huzuridagi
Axborot-tahlil multimedia markazi
materiallari asosida tayyorlandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?