Xalqimiz madaniyatining noyob durdonasi

16:39 03 Aprel 2019 Jamiyat
210 0

Baxshichilik xalqimiz maʼnaviyati, madaniyati va badiiy salohiyatini namoyon etadigan yorqin koʻzgudir. Ushbu sanʼat davr murakkabliklarini yengib, oʻzining goʻzal shakllari, sodda va teran mazmuni, chuqur mohiyati bilan asrlar osha ahamiyatini yoʻqotgani yoʻq.

Olimlarning eʼtirof etishicha, “baxshi” soʻzi ustoz, maʼrifatchi degan maʼnolarni ang­latadi. ­Mutafakkir shoirimiz Alisher ­Navoiyning “Munshaot” asarida bu soʻz kotib, mirzo maʼnolarida qoʻllanilgan. Oʻzbeklarda baxshi deb atalgan xalq ijodkorlari ­boshqa turkiy xalqlarda ham mavjud boʻlib, qoraqalpoqlarda jirov, qozoqlarda oqin, qirgʻizlarda manaschi, moʻgʻullarda toʻlchi, oʻgʻuzlarda uzan, deyiladi.

Baxshilar favqulodda kuchli xotiraga ega boʻladi. Ular xalq ­dostonlarini soatlab, hatto bir necha kun mobaynida yoddan aytishi mumkin. Ushbu sanʼat, asosan, “ustoz — shogird” maktabi anʼanalari asosida rivojlangan. Baxshilar sho­girdlarini ikki-uch yil, ayrim joylarda besh-olti yil begʻaraz oʻqitishgan. Vaqti kelib, ustoz shogird uchun maxsus sinov uyushtirgan: shogird saralangan auditoriya oldida butun bir dostonni maromiga yetkazib kuylab berishi lozim boʻlgan. Agar u ustoz talablariga mos ijro qila olsa, shundan soʻng tarbiyalanuvchi baxshi nomini olgan va mustaqil faoliyat boshlagan.

Yurtimizda doston kuylash anʼanasi qadimda uch yoʻnalishda rivojlangan. Birinchi yoʻnalish — Bulungʻur, Narpay, Nurota, Qoʻrgʻon, Shahrisabz, Qamay, Sherobod, Janubiy Tojikistonda yashovchi oʻzbek-laqay dostonchilik maktablarida doʻmbira chertib yakka holda, boʻgʻiz ovoz bilan ijro etilgan. Ikkinchi yoʻnalish — Xorazmda tor, dutor, gʻijjak, garmon, bulamon, qoʻshnay, doira joʻrligida baʼzan yakka, baʼzan juft holda, ochiq ovoz bilan ijro etilgan. Uchinchi yoʻnalish — Fargʻona vodiysida dutor joʻrligida ochiq ovozda aytilgan.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan oʻtgan yili Termiz shahrida tashkil etilgan “Baxshilar maktabi” baxshichilik sanʼati anʼanalarini oʻrganish va davom ettirish, isteʼdodli yoshlarni kashf qilish hamda tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Prezidentimizning 2018 yil 1 noyabrdagi qaroriga muvofiq, 5 — 10 aprel kunlari Termiz shahrida boʻlib oʻtadigan Xalqaro baxshichilik sanʼati festivali ham ushbu noyob sanʼatimizni jahon miqyosida keng targʻib etish, milliy madaniyatimizni yanada yuksaltirishda keng imkoniyatlar ochadi. Baxshilarimiz doʻmbirasi ohangini, xalq dostonlarini dunyo ahli tinglaydi. Xalqimiz ham doʻmbiraning noyob ovozi va baxshilarning yuksak mahoratidan, xalq ogʻzaki ijodining nodir durdonalaridan yana bir bor bahramand boʻladi.

Festival doirasida xorijiy va mahalliy olimlar ishtirokida ilmiy-amaliy anjuman tashkil etiladi. Ayni paytda ushbu yoʻnalishda ilmiy izlanishlar olib borayotgan 70 nafarga yaqin xorijlik olimlar anjumanda qatnashish istagini bildirib, oʻz maʼruzalarini taqdim etgan. Ular orasida AQSH, Germaniya, Fransiya, Rossiya, Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya va Turkiya kabi yirik mamlakatlar vakillari borligi anjuman nufuzini yanada oshiradi.

Azamat HAYDAROV, professor.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?