“Xalqimdan kechirim soʻrayman” —  Vaʼdangizda tursangiz, uzringiz qabul qilinadi

17:07 17 Oktyabr 2020 Jamiyat
155 0

Illyustrativ foto

Hokim minbarga koʻtarildi. U odatdagidek hisob berish uchun emas, balandparvoz nutq irod qilish uchun emas, balki oʻzi boshchilik qilayotgan hudud nima sababdan imtihondan yiqilgani, maktab mezonida aytganda, “2” baho olgani sababini aytib bermoqchi. Albatta, bugungi oshkoralik zamonida shu kamchiliklarga aybdor kimligini aytishi kerak. “Shunday mushkul holatga tushishimizga men va men bilan safdosh boʻlgan sektor rahbarlari aybdor” degan soʻzni aytdi.

Eh, bunday iqrornomani zimmaga olish oson boʻlmagandir. Zalga toʻplangan xalq vakillarida “Nega shu haqida oldin oʻylamadingiz, rahbarman deb gʻoʻddayib yuraverdingizmi?” degan iddao bor edi.

Ha, rahbarlik qilish naqadar katta masʼuliyatni anglatadi. Hashamdor xizmat xonasi, oʻrindigʻi yumshoq yengil mashina kattaning belgilovchi alomati emas, el-ulus taqdiri, odamlar roziligi, adolatli nigoh talab qilinadi rahbarlardan. Hokim bu arabcha “hukmdor” degan maʼnoni anglatadi. Prokuror esa, vaqti kelganda, oʻzini hokimdan ham qoʻlim uzun deb hisoblaydi. Ichki ishlar boʻlimi boshligʻi — tartib-intizom, osoyishtalik posboni. Soliq idorasi rahbari — qonun ijrosi boʻyicha yana bir davlat odami. Modomiki, ularning qoʻlida shunday keng qamrovli dastak toʻplangan ekan, shu imkoniyatni xalq farovonligiga yoʻnaltirish taqozo etiladi.

Xoʻp, aybni zimmangizga olar ekansiz, endi nima qilmoqchisiz? Inqirozga qarshi boshqaruv tizimini ishlab chiqqanmisiz? “Yaxshi” baho olgan tumanlar tajribasini oʻrgandingizmi? Hudud boʻyicha ahvolni yaxshilash uchun qaysi nuqtalarga eʼtibor qilish kerakligini bilasizmi? “Temir daftar”ga kiritilgan aholini tadbirkorlikka yoʻnaltirish, bu roʻyxatni tobora qisqartirib borish lozimligini tushunasizmi? Qolaversa, ahvolni oʻnglash boʻyicha koʻzga koʻrinadigan yutuqqa erishsangiz, avvalo, sizga rahmat deyishlarini his qilasizmi?

Hurmatli sektor rahbarlari!

Sizlar iqtidor va qobiliyatlaringiz tufayli xalq ishonchini qozongansiz, Prezident nazariga tushgansiz. Ana shu yuksak ishonchni oqlash uchun butun kuch-imkoniyatingizni ishga solish muqaddas burchingizdir.

Toʻrttala sektor el-xalq duosini olish uchun bir yoqadan bosh chiqarib ishlasa, oʻzaro uygʻunlikni taʼminlasa, har qanday vazifani udallashi mumkin. Uchinchi Renessansga poydevor qoʻyish davrida ishlash, umummaqsad yoʻlida hissa qoʻshish hammaga ham nasib qilavermaydi. Zero, bugungi kun oʻzlikni namoyon etishga ayni qulay palla.

Moddiy manfaatdorlikni taʼminlash, aholi qozoni qaynashi bevosita sizning ertani koʻzlab fidoyi mehnatingizga bogʻliq. Bu yoʻlda aslo mayda-chuyda masala yoʻq. Odamlarni rozi qilish, har qanday muammo yechimida adolat posangisini teng tutish rahbarlik burchingizdir. Hamisha xalq orzulari roʻyobi yoʻlida kurashing. Xalq bagʻriga oʻzingizni yaqin tuting. Hozirgi pandemiya davrida ayrim hokimlar koronavirusni bahona qilib fuqarolarni qabul qilishni toʻxtatib qoʻyibdi. Shu toʻgʻrimi? Axir Prezidentimiz huzuridagi Xalq qabulxonalari el-ulus ehtiyoji bilan muntazam qiziqmoqda-ku?! Nega hokimlar bu ishlardan chetda turishlari kerak?

Ajoyib xalqimiz bor. “Ming qoʻshchiga bir boshchi” deganlaridek, uni bunyodkorlik yoʻliga boshqarish kerak. “Qoniqarsiz” tumanni bugungi kunda “qizil hudud” deyishyapti. Yil oxirigacha “sariq hudud”, kelgusi yil boshida “yashil hudud”ga oʻtish, agar bu vaʼda uddalanmasa egallagan lavozimni tark etish haqida gap boʻlyapti. Ilohim, el-yurt oldida yuzingiz yorugʻ boʻlsin. Bergan vaʼdalaringiz amalga oshsin, toki xalq ham samimiy uzringizni qabul qilsin.

Shuhrat Jabborov

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?