Xalqaro veb-forumda ellikdan ortiq dolzarb maʼruzalar rejalashtirilgan

14:15 12 Avgust 2020 Siyosat
312 0

“Yoshlar-2020: global hamjihatlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari” mavzusidagi Samarqand veb-forumining 2 kunlik dasturida 50 dan ortiq maʼruza rejalashtirilgan boʻlib, 15 mamlakatdan 40 xalqaro maʼruzachi va 10 nafar milliy maʼruzachi soʻzga chiqishi kutilmoqda.

Veb-forumning 4 ta yalpi majlisi davomida “Yoshlar huquqlari boʻyicha xalqaro standartlarning rivojlanishi”, “Yoshlar huquqlari va Barqaror rivojlanish maqsadlari”, “Yoshlar uchun inson huquqlari boʻyicha taʼlim”, “Tinchlik va xavfsizlikni ilgari surishda yoshlarning roli: 2030-yilgacha yana-da xavfsizroq kelajakka nazar” mavzulari yuzasidan munozaralar boʻlib oʻtadi.

Ishtirokchilar 2017-yil 19-sentyabrda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan BMTning 72-sessiyasida taklif qilingan xalqaro tashabbuslar doirasida ishlab chiqilgan Yoshlar huquqlari boʻyicha xalqaro konvensiya loyihasini koʻrib chiqadilar. Navqiron avlodning hozirgi zamonda dunyo miqyosida eʼtirof etilishi zarur boʻlgan huquqlari oʻz aksini topgan mazkur tom maʼnodagi yangi hujjat muhokamasi Samarqand forumining asosiy voqealaridan biri hisoblanadi.

Yoshlar salohiyatini munosib baholash imkonini beradigan ushbu Konvensiya kelgusida yosh avlod hayotiga doir koʻplab yoʻnalishlar yana-da shiddatli rivojlanishi uchun xizmat qilishi tayin.

Bu haqda soʻz borganda, parlament tizimida yoshlarning roli haligacha munosib qadrlanmayotganini misol sifatida keltirish mumkin. Hozir dunyo miqyosida 30 yoshgacha boʻlgan parlament aʼzolari 2,2 foizdan ham ozroqni tashkil etishi ham buni yaqqol tasdiqlaydi.

Shunga qaramay, parlamentlarning ozchilikdan iborat ana shu navqiron aʼzolari koʻplab masalalar boʻyicha oʻz qarashlariga ega.

Ular mustaqil yondashuv asosida zarur qonun hujjatlarini ishlab chiqishda aholining katta qismini tashkil etuvchi yoshlar ishonchini qozonib kelmoqdalar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?