Xalqaro valyuta jamgʻarmasi rahbari Kristin Lagard Oʻzbekistondagi islohotlar, inklyuziv rivojlanish va hamkorlikning yangi formulasi boʻyicha gapirdi

18:33 21 May 2019 Iqtisodiyot
148 0

XVJ boshqaruvchi direktori Kristin Lagard nutq soʻzladi. Quyida uning hisobot nutqini toʻliqligicha taqdim etamiz.

Kirish va asosiy mavzu

Xonimlar va janoblar, xayrli tong, assalomu aleykum!

Rais Nurmuratov, oliyhimmatli kirish soʻzlaringiz uchun rahmat. Rais birinichi oʻrinbosari janob Ishmetov, iliq kutib olganingiz uchun tashakkur. Barchangizni koʻrib turganimdan xursandman.

Kecha bu yerga kelishimdan oldin menga oʻzbeklarda “Mehmon otangdan ulugʻ ”, degan mashhur maqol borligini aytishdi.

Yurtingiz mehmoni sifatida shuni ishonch bilan aytishim mumkinki, Oʻzbekiston xalqi mehmondoʻstlik borasida dunyoda tengsiz. Xalqaro valyuta jamgarmasi sizlardan minnatdor. Shu oʻrinda mazkur goʻzal naqlda onaning oʻrni aytib oʻtilmaganiga eʼtibor berdim. Oʻylaymanki, onaning mavqei eng yuqori oʻrinda boʻladi va bu mavzuga hali qaytaman.

Albatta, Oʻzbekistonga kelgan har bir odam mehmondoʻstlikdan tashqari yana bir narsa – bu yurtning tarixi haqida oʻylaydi. Deyarli ming yil davomida dengizga chiqish imkoni boʻlmagan bu oʻlka savdo va oʻzgarishlar markazi boʻlib kelgan. Aynan mana shu zaminda - Toshkent, Samarqand, Buxoro, Fargʻona vodiysi va yon-atrofdagi koʻplab maskanlardan oʻtgan Buyuk Ipak yoʻli oddiy savdo-sotiq yoʻlidan, butun dunyoning diqqatini jalb qiluvchi moʻjizaga aylandi.

Savdo-sotiqqa erkinlik berilgani tufayli shaharlar gullab-yashnagan. Yetakchi olimlar, hunarmandlar, shoiru bastakorlar ushbu maskanni oʻz vatani deb bilgan. Shaharlar taraqqiyoti ortidan innovatsiyalar kirib kelgan. Xivada algebraning “otasi” Muhammad Al-Xorazmiy tavallud topgan. Ayrim zamonaviy yoshlarga algebra unchalik yoqmasa-da, men oʻz nutqimning mavzuini belgilashda aynan Xorazmiyning faoliyatidan ruhlandim va uni: “Oʻzbekiston xalqiga manfaat keltiradigan inklyuziv rivojlanish formulasini topish”, deb nomladim.

Oʻzbekistonning qadimgi tarixi bilan bir qatorda uning zamonaviy tarixidan ham muhim saboqlarni oʻrganishi mumkin. Oxirgi oʻn yilliklar davomida Oʻzbekiston dunyodagi eng yopiq mamlakatlardan biri boʻlib keldi va soni jadal oʻsib borayotgan mehnatga qobiliyatli aholini ish bilan taʼminlashga qodir boʻlgan xususiy sektorni yarata olmadi. Oddiy qilib aytganda, Oʻzbekistonning rivojlanish formulasi natija bermadi.

Ayni paytda Oʻzbekiston bu formulani oʻzgartirib, integratsiya va innovatsiya markaziga aylanishga yana bir bor harakat qilmoqda. Oxirgi ikki yil davomidagi islohotlar butun dunyoning nazariga tushdi. Hozir aynann shu oʻzgarishlar toʻlqinidan unumli foydalanib, mamlakatni inklyuziv rivojlantirish yoʻliga olib chiqish imkoniyatiga egasiz. Mazkur jarayonda Oʻzbekistonni oʻz oʻrniga qaytarish, yaʼni uni Markaziy Osiyoning taraqqiyot manbaiga aylantirishingiz mumkin.

Buni amalga oshirish uchun nima qilish kerak? Algebraga murojaat qilaylik. Inklyuziv rivojlanish formulasida qanday oʻzgaruvchan kattaliklar boʻlishi kerak?

Men Oʻzbekistondagi islohotlardan boshlab, eʼtiboringizni uchta asosiy oʻzgaruvchan kattaliklarga jalb qilmoqchiman: sifatli investitsiyalarni oshirish, iqtisodiy va moliyaviy barqarorlikni taʼminlash hamda korrupsiyani jilovlash.

Formuladagi yana bir muhim omil - Oʻzbekistonning mintaqa darajasidagi taraqqiyotni jadallashtirish borasidagi salohiyati.

I. Oʻzbekistonning yangi rivojlanish formulasi

a) Sifatli investitsiyalar hajmini oshirish

Birinchi oʻzgaruvchi - bu sifatli investitsiyalar hajmini oshirish va ularni eng muhim sohalarga yoʻnaltirish.

Islohotlarning dastlabki toʻlqinidan avval mamlakat resurslari Oʻzbekistondagi demografik oʻzgarishlarga javob bera olmaydigan davlat korxonalariga investitsiya qilinar edi.

Oxirgi oʻttiz yil davomida mehnatga qobiliyatli aholi soni jadal surʼatda oʻsib kelmoqda. Bugun mamlakat aholisining yarmini yoshi 30-dan kichik boʻlganlar tashkil etib, har yili ishchi kuchi safiga 600 mingdan koʻproq odam qoʻshilmoqda. 1 Shu xonadagilarning aksariyati mazkur toifaga kiradi. Ammo, sizga maʼlumki, oʻtgan yillarda qoʻshimcha ish oʻrinlari deyarli yaratilmadi.

Kerakli taʼlim va malakasi boʻlmagan odamlar, ayniqsa, yoshlarning ishsiz boʻlish ehtimoli yuqori. 2 Albatta, bu muammo, ammo ayni paytda ham imkoniyatdir. Oʻzbekistonning shiddatli va inklyuziv rivojlanishi uchun yoʻllari ochiq.

Muammo yechimining bir qismi taʼlim va mehnat bozorini islohot qilish orqali malaka yetishmovchiligini kamaytirish. Mazkur yoʻnalishda hukumat ijobiy ishlarni amalga oshirmoqda, jumladan, mamlakatda Taʼlim sifatini baholash milliy markazi tashkil etildi. Kasbiy dasturlarni takomillashtirish va kasbiy tayyorgarlik markazlarini qurish rejalashtirilmoqda.

Hukumat bu bilan kifoyalanayotgani yoʻq. Oilalarga bola parvarishi va maktabgacha taʼlim borasida yordam berilmoqda. Moliyaviy texnologiya sohasiga ayol tadbirkorlar uchun mikrokreditlar ajratish boʻyicha loyihalar kirib kelmoqda.

Bularning bari hukumat Birlashgan Millatlar Tashkilotining 2030 yilgacha boʻlgan Barqaror rivojlanish maqsadlariga (BRM) erishish uchun dadil kirishganidan dalolat beradi. Bu maqsadlar rivojlanishning barqaror, adolatli va atrof-muhitga bezarar tamoyillarini ilgari suradi.

Mazkur islohotlar natijasida malakasi kengroq rivojlangan kadrlarni tayyorlash va korxonalarning umumiy samaradorligini yuksaltirish imkoniyati yaratiladi.

Oʻz navbatida, oʻzgarishlar mamlakat uchun zarur boʻlgan toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni olib keladi. Ammo investitsiyalar eng raqobatbardosh va daromadli firmalarga yoʻnaltiriladimi? Bu savol Oʻzbekistonda doim dolzarb boʻlgan.

Buning javobi esa: ha — agar narxlar toʻgʻri kelsa.

Sifatli investitsiyalar hajmini koʻpaytirishning eng muhim omili – narxlarni erkinlashtirish. Hukumat buni yaxshi tushunadi. 2018 yilning ikkinchi yarimida kam taʼminlangan oilalar uchun tegishli oqibatalar qoplanilib non narxi erkinlashtirildi, subsidiyalar olib tashlandi va energiya narxlari ishlab chiqarish xarajatlariga moslashtirildi.

Boshlanishi juda yaxshi, va narxlarni toʻgʻrilash borasidagi choralar davom ettirilishi lozim. Istiqbolda bu islohotlar natijasida yuqori oʻsish surʼatlari, maoshlarning oshishi va turmush tarzining yaxshilanishiga erishiladi.

Albatta, narxlar koʻtarilganida inflyatsiyani jilovlash va iqtisodiyotning muvozanatini ushlab turish qiyin boʻlishi mumkin. Shu oʻrinda eʼtiboringizni ikkinchi oʻzgaruvchi — iqtisodiy va moliyaviy barqarorlikni taʼminlash masalasiga qaratmoqchiman.

b) Iqtisodiy va moliyaviy barqarorlik

Yuqori darajadagi inflyatsiya Oʻzbekistonning iqtisodiy farovonligi uchun doimiy xatarlardan biri boʻlib kelmoqda. Islohotlardan avval mamlakatda inflyatsiya darajasi yuqori boʻlar, ammo u rasmiy hisobotlarda aks ettirilmas edi. Ayni paytda Oʻzbekistonning eng katta banknotasi 100000 soʻmlik boʻlib, bir necha yil avval u 5000 soʻmlik edi.

Hozirgi islohotlar davrida Oʻzbekiston inflyatsiyani jilovlash va narxlarni barqarorlashtirish imkoniyatiga ega.

Markaziy Bank mazkur muammo bilan bevosita kurashmoqda va inflyatsiya koʻrsatkichini bir raqamli son darajasiga tushirish niyatida. Hukumat kreditlar koʻpayishini boshqarishga eʼtibor bermoqda.

2018 yilda iqtisodiyotda kreditlarning keskin oʻsishi yuz berib, ularning hajmi 50 foizga oshdi. Mablagʻlarning bir qismi ularga eng muhtoj boʻlgan taʼlim va infrastruktura sohalarini moliyalashtirishga yoʻnaltirildi. Ammo samarasiz investitsiyalarni koʻpaytiradigan bu kabi oʻsishning davom etishi oqibatda kredit inqiroziga olib kelishi mumkin.

Hukumat kreditlar oʻsishini meʼyorga solish choralarini koʻrayotganidan mamnunman.

Maqsadlarga erishish jarayonida XVJ siz bilan birgalikda ishlashni davom etadi.

Shuningdek, bank sektorini isloh qilishda ham birga ishlashga tayyormiz. Bank tizimi xususiy egalik miqyosini kengaytirishdan foyda koʻrishi aniq. Ayni paytda hukumat tizimdagi jami aktivlarning 85 foizdan koʻprogʻini boshqarmoqda.

Markaziy Bank mazkur masala naqadar jiddiy ekanini tushunadi va xatarlarni kamaytirish choralarini koʻrgan, jumladan, isteʼmol kreditlarini berish tartibi qayta koʻrib chiqildi va intervensiya vositalari yangilandi.

Keyingi bosqich esa bank tizimini qayta qurish uchun yangi strategiya ishlab chiqishdan iborat boʻladi.

Agar tegishli tarzda ishlab chiqarilsa, mazkur strategiya davlat investitsiyalari bilan xususiy investitsiyalar oʻrtasidagi muvozanatni taʼminlab beradi. Bu - davlat boshqaruvidagi rivojlanishdan bozor iqtisodiyotiga asoslangan rivojlanishga oʻtish borasidagi choralarining muhim qismidir.

Shunday qilib, formulaning ikkala tomonidagi oʻzgaruvchan kattaliklarni koʻrib turibmiz. Bir tomondan, yangi ish oʻrinlarini yaratadigan va yangi imkoniyatlarni taqdim etadigan sifatli investitsiyalar hajmini oshirish zaruriyati bor. Ikkinchi tomondan, iqtisodiy va moliyaviy barqarorlikni taʼminlash zaruriyati mavjud.

Bu formulada nima yetishmayapti? Uzluksiz sifatli boshqaruv. Oʻzbekistonda investitsiyalar korrupsiyaga zarba berilsagina samarali boʻladi. Bu mening uchinchi oʻzgaruvchimdir.

c) Korrupsiyaga qarshi choralarni kuchaytirish

Odamlar hukumatga ishonsagina, taʼlim, infrastruktura, soliq va moliyaviy siyosatda rivojlanish boʻladi.

Korrupsiya odatiy holga aylansa, mamlakatning investorlarni jalb qilish va ish oʻrinlarini yaratish borasidagi imkoniyatlari zaharlanadi. Buni yoshlar hammadan yaxshi anglaydi. Yaqinda oʻtkazilgan global soʻrovnomadan maʼlum boʻlishicha, yoshlar oʻz mamlakatlarida ish oʻrinlarini yaratish yoki taʼlim yetishmovchiligini emas, balki aynan korrupsiyani birinchi navbatda hal etilishi lozim boʻlgan masala, deb hisoblaydi. 3 Oʻylaymanki, bu yerdagilar ham mazkur fikrga qoʻshiladi.

Menimcha bu juda oʻrinli. Negaki odamlar oʻz kundalik hayotida duch keladigan aksariyat adolatsizliklarning ildizi korrupsiyaga borib taqaladi.

Muammoning naqadar dolzarb ekaniligini nafaqat yoshlar anglaydi. Oʻzbekiston hukumati ham buni yaxshi tushunadi. Bu borada amalga oshirilayotgan choralar yuqori bahoga sazovor. Islohotlar jarayonida birinchilardan boʻlib “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi" qonunqabul qilindi.

Davlat boshqaruvini takomillashtirish, texnik taʼminotni yaxshilash va sudlar samarasini oshirish boʻyicha oʻzgarishlar tatbiq etilmoqda.

Valyuta bozorini erkinlashtirish ham korrupsiyani kamaytirish yoʻlidagi yuqori samarali qadam boʻldi. Yaqinda oʻtkazilgan soʻrovnomaga koʻra, valyutalar kursining oʻzgarishi mamlakatdagi eng taʼsirchan islohot sifatida qayd etildi. 4

Shaffoflik boʻlmasa, bu islohotlarning hech biri natija bermas edi. Mamlakat tarixida ilk bor fuqarolar byudjetining chop etilishi muhim bosqich boʻldi. Byurokratiyani kamaytirish va soliqlarni samaraliroq va adolatli undirish borasidagi choralar ham shular jumlasidan. Yaqinda bizning soliq-byudjet shaffoflikni baholashimiz oʻtkazilganda,

Oʻzbekistonning budjet ochiq-oydinliq sohasida yutuqlari tan olindi. Oxirgi toʻqqiz oy davomida, mamlakat hukumati davlat mablagʻlar qanday sarflanishi boʻyicha qoʻproq maʼlumot berdi va soliq-byudjet xavf-xatarlarni muxokama qildi.

Ish endi boshlanyapti. Prezident Mirziyoyev oʻtgan yili BMTdagi nutqida aytganidek, yangi raqamli texnologiyalar hukumatga boʻlgan ishonchni tiklashga yordam berishi mumkin va yordam berishi kerak. Prezident oʻz vaʼdasida turmoqda. Oʻtgan yili Prezidentning virtual qabulxonasiga 2 000 000 dan ziyod murojaat kelib tushgan. Demak, qiziqish bor. Koʻpchilik bunga eʼtibor bermoqda.

Bu - Oʻzbekiston boshqalar uchun oʻrnak boʻla olishi va unda amalga oshirilayotgan ishlar Markaziy Osiyo taraqqiyotiga turtki berishi mumkinligini namoyish etadi. Shunday qilib, nutqimning yakuniy qismida Oʻzbekiston mintaqaga naqadar ijobiy taʼsir koʻrsatishi mumkinligiga toʻxtalib oʻtmoqchiman.

II. Mintaqa boʻylab taraqqiyot surʼatini jadallashtirish

Markaziy Osiyoning taraqqiyoti Oʻzbekistonning taraqqiyoti bilan chambarchas bogʻliq. Bu tabiiy holat, negaki Oʻzbekiston mintaqada aholisi eng koʻp mamlakat boʻlib, Markaziy Osiyodagi barcha davlatlar bilan umumiy chegaraga ega. Keling, raqamlarga murojaat qilaylik.

Oʻzbekiston ochiqroq boʻlsa, mintaqadagi savdo keskin kuchayib ketishi mumkin. 2017-2018 yillar davomida bozorlarning ochilishi natijasida qoʻshni mamlakatlar bilan tovar aylanish hajmi taxminan 50 foizga oshdi.

Tashrif buyuruvchilar ham koʻpaygan. 2018 yilda Oʻzbekistonga kelgan xorijiy fuqarolar soni ikki barobar ortdi. Markaziy Osiyo uchun “Ipak yoʻli vizasi”ning joriy etilishi eʼlon qilingani ham kelgusi yillarda hamkorlik imkoniyatlari yanada kengayishini anglatadi.

Xuddi yuzlab yillar avval Buyuk Ipak yoʻlida yuz berganidek, savdo erkinlashtirilsa, sanoat ham rivojlanadi.

Ayni paytda oʻrnatilayotgan aloqalarni olaylik. Yangi yoʻllar qurilmoqda; Xitoy, Qozogʻiston, Turkmaniston va Oʻzbekistonni bogʻlaydigan temir yoʻl qurilishi tugallanmoqda; energiya tarmoqlari qurilmoqda.

Darhaqiqat, oʻtgan yili Tojikiston bilan Oʻzbekiston oʻrtasidagi elektr liniyalari tiklandi. Bugunga kelib,ikki davlat oʻrtasidagi energiya oldi-sotdisi kundalik tarzda amalga oshirilmoqda.

Qoʻshnilar bilan aloqalarning yaxshilanishi Oʻzbekistonning olis hududlaridagi farovonlikni yuksaltiradi. Ilgari rivojlanmay kelgan hududlar endi mintaqadagi iqtisodiy markazlarga aylanib, chegaraviy savdo-sotiq rivojiga turtki berishi mumkin.

Shu oʻrinda yana bir bor tarixga murojaat qilish lozim. Qadimdan odamlar aynan mana shu shahar atrofida jamlangan, negaki u daryo yoqasidagi hosildor yer va voha edi. Savdosotiq natijasida u kichik bir manzilgohdan toshdan qurilgan yirik shaharga aylandi. Shu yirik toshlar tufayliToshkent nomini oldi. Qissadan hissa nima? Kichik miqyosdagi mahsulot ayriboshlashdan turtki olgan jarayon vaqt oʻtishi bilan qudratli mintaqaviy kuchning paydo boʻlishiga xizmat qilishi mumkin.

Istiqbolda bu - yaxshiroq ish oʻrinlari va yuqori turmush tarzini taʼminlaydi, shu jumladan, ayollar uchun ham. Yodingizda boʻlsa, ona mavzusiga qaytaman degandim. Ayni paytda, Oʻzbekistonda ayollarning iqtisodiy faollik darajasi 50 foizdan biroz yuqori boʻlib, bu Markaziy Osiyodagi oʻrtacha koʻrsatkichdir. 5 Ammo sogʻliqni saqlash, taʼlim va ishga joylashish imkoniyatlari borasida erkaklar bilan ayollar orasida katta farq bor. Mintaqaviy aloqalarning yaxshilanishi natijasida Oʻzbekiston bir avlod hayoti davomida bir marta paydo boʻladigan xotin-qizlar mavqeini oshirish imkoniyatini qoʻlga kiritadi.

Markaziy Osiyoda inklyuziv rivojlanish mavzusidagi yangi tadqiqotimizdan maʼlum boʻlishicha, mamlakat erkaklar bilan ayollar teng huquqliligini taʼminlashni Yevropadagi rivojlanayotgan mamlakatlar darajasiga yetkaza olsa, unin yalpi ichki mahsuloti sezilarli tarzda oʻsadi. 6 Bu, oʻz navbatida, mintaqada ayollar duch kelayotgan iqtisodiy va yuridik toʻsiqlarni olib tashlash uchun muhim daʼvat boʻlar edi.

Bu boʻlsa, Oʻzbekiston hamda mintaqaning taraqqiyot formulalarning uygʻunlashish va rivojlanish yollaridan bittasidir.

Xulosa

Xulosa oʻrnida formulamiz asoslariga qaytmoqchiman. Oʻzbekiston alohida ahamiyatga ega mamlakatdir.

Bu zaminda Iskandar Zulqarnay oʻz rafiqasi Roksanani topib, uni dunyodagi eng goʻzal ayol sifatida taʼriflagan. Bu oʻlkadan ilhom olgan Yedgar Allen Po oʻzining mashhur Temurlangsheʼrini yozib, unda baxtga erishish uchun beriladigan qurbonlar haqida soʻz yuritgan. Va aynan mana shu oʻlkada matematikaning yangi yoʻnalishi dunyoga kelib, murakkab muammolarga oʻzgacha yondashuvni boshlab bergan.

Eng gullagan davrlarida Oʻzbekiston Markaziy Osiyodagi taraqqiyot, imkoniyat va innovatsiyalar chorrahasida boʻlgan. Qorongʻilashgan davrlarida Oʻzbekiston dunyodan uzilib qolgan. Bugun esa mamlakat yangi formulani yechish arafasida turibdi. Siz toʻgʻri yoʻldasiz. Agar muammolarga birgalikda yechim topsak, Oʻzbekistonga tashrif buyurganlar faqatgina uning tarixi emas, balki Oʻzbekistonning joʻshqin, tinch va farovon kelajagi haqida fikr yuritadi.

Katta rahmat.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?