Xalqaro valyuta jamgʻarmasi missiyasining xulosasi

12:19 06 Mart 2019 Jamiyat
290 0

Ikki hafta davomida Xalqaro valyuta jamgʻarmasining Oʻzbekiston boʻyicha missiyasi tomonidan mamlakatimizning joriy makroiqtisodiy holati tahlil qilindi.

Xoʻsh, taniqli ekspertlarning xulosalari qanday? Ular barqaror iqtisodiy oʻsish surʼatini taʼminlash, ehtimoliy tashqi va ichki xavflarning oldini olish boʻyicha qanaqa tavsiyalar ­berishmoqda?

Bu kabi masalalar nafaqat yurtdoshlarimiz, balki chet ellik hamkorlar va investorlarni qiziqtirayotgani turgan gap. Binobarin, Albert Yeger rahbarligidagi XVJ delegatsiyasi tomonidan taqdim etiladigan xulosa jahon hamjamiyati tomonidan Oʻzbekistondagi mavjud vaziyat haqida ishonch­li va xolis axborot sifatida qabul qilinadi.

XVJ kelishuv moddalarining IV bandi boʻyicha maslahatlar doirasidagi jamgʻarma missiyasining yurtimizga tashrifi yakunlariga bagʻishlab tashkil etilgan matbuot anjumanida yuqoridagi savollarga batafsil javob berildi.

— Oʻzbekistonning iqtisodiy rivojlanish istiqbollari boʻyicha xulosamiz mutlaqo ijobiy, — deydi Xalqaro valyuta jamgʻarmasining Oʻzbekiston boʻyicha missiyasi rahbari Albert Yeger. — Yalpi ichki mahsulotning oʻsishi 5,5 foizdan yuqori boʻlishi kutilyapti. Kelgusida investitsiyalar oqimi ortishi, koʻplab yangi ish oʻrinlari ochilishiga ishonchimiz komil. Biroq xavotirli jihatlar ham yoʻq emas. Bu — kreditlash masalasi.

Oʻtgan yili kreditlash hajmi keskin oʻsgan. Buning oqibatida narx-navo oshishi, inflyatsiya darajasi oʻsishi mumkin. Bundan Hukumat xabardorligi va zarur chora-tadbirlar koʻrilayotgani eʼtiborga molikdir.

Oʻzbekistonda monetar siyosat toʻgʻri yuritilyapti. Pul-kredit siyosati haqida toʻxtalganda, inflyatsiya darajasi nisbatan yuqori boʻlishi kutilayotganini aytish joiz. ­Prognozlarimizga koʻra, 2019 yilda bu boradagi koʻrsatkich 15 foizga yetishi mumkin.

Markaziy bank boshqaruvi raisi Mamarizo Nurmuratovning aytishicha, XVJ Oʻzbekiston boʻyicha missiya­si xulosasidan kelib chiqib, ehtimoliy xatarlarni bartaraf etishga qaratilgan “yoʻl xaritasi” amaliyotga tatbiq qilinadi. Bunda ­asosiy eʼtibor valyuta siyosatini yanada liberallashtirish, tashqi iqtisodiy faoliyat boʻyicha har qanday kichik toʻsiqlarni ham olib tashlash, qulay investitsiya muhitini yaratish va samarali pul-kredit ­siyosatini yuritishga jiddiy eʼtibor qaratiladi.

— Pul-kredit siyosatini takomillashtirish, ichki bozordagi narxlar barqarorligini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlarimiz XVJ mutaxassislari tomonidan ham maʼqullanmoqda, — deydi M. Nurmuratov. — Bu jarayonda oʻrta muddatda inflyatsiyani targetlashni oʻz oldimizga maqsad qilib qoʻyganmiz. Agar oʻtgan yili yanvarda xalqaro mutaxassislar inflyatsiya darajasi 20 foizga yetishi boʻyicha prognoz qilgan boʻlsa, yil oxiriga kelib, amalda bu koʻrsatkich 14,3 foizni tashkil etdi. 2019 yilda ham ana shunday samarali chora-tadbirlar qoʻllanilib, inflyatsiya darajasi 13,5 — 15 foiz atrofida ushlab turiladi.

Anjumanda Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining birinchi oʻrinbosari Ahadbek Haydarov mamlakatimizda makroiqtisodiy barqa­rorlikni taʼminlash, iqtisodiyot tarmoqlarida yuqori oʻsish surʼatlariga erishish borasida belgilab olingan vazifalar, ularning ijrosi haqida maʼlumot berdi.

Said RAHMONOV (“Xalq soʻzi”).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?