Xalqaro terrorizm balosini birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz bilan daf etish mumkin

17:59 20 Iyul 2018 Jamiyat
241 0
Foto: Mir24.tv

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida o‘tkazilgan uchrashuvda Shanxay hamkorlik tashkiloti Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi ijroiya qo‘mitasi direktori Yevgeniy Sisoyev sudyalar korpusi vakillari huzurida “Xalqaro terrorizmga qarshi kurashning bugungi holati, mintaqaga xavf solayotgan zamonaviy tahdid va xurujlar” mavzuidagi ma’ruzasi bilan chiqish qildi. Videkonferensaloqa shaklidagi tadbirda Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar va Tashqi ishlar vazirliklari hamda Oliy sud, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari vakillari, shuningdek, OAV xodimlari ishtirok etdi.

Uchrashuvda SHHTga a’zo davlatlar, xususan, Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi tomonidan xalqaro terrorizmga qarshi olib borilayotgan choralar, yoshlarni bu balolardan asrab-avaylash, kiberxavfsizlik masalasi yuzasidan atroflicha ma’lumotlar berildi.

— Mamlakatimizda bu borada insonparvarlik tamoyiliga yo‘g‘rilgan izchil siyosat olib borilmoqda, zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda, — deydi Oliy sud sudyasi Uchqun Ro‘ziyev. — Xususan, sudlarda ushbu yo‘nalishdagi ishlarni ko‘rib chiqish amaliyoti asosida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi takomillashtirildi. Shu o‘rinda aytish joizki, adashib terrorizm yo‘liga kirib qolayotgan yoshlar ham begona emas, o‘zimizning farzandlarimiz. Masalaga ana shu jihatdan yondashilmoqda. Buning yorqin ifodasi sifatida Prezidentimizning afv etish to‘g‘risidagi Farmonini keltirish mumkin. Bu hujjat bilan bilib-bilmay terrorchilik yo‘liga kirib qolgan qator yoshlar ozodlikka chiqarildi. Tadbir davomida Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi faoliyati va istiqboldagi dolzarb vazifalar xususida batafsil ma’lumotga ega bo‘ldik. Bu esa , albatta, hamkor tashkilotlar bilan birgalikda xalqaro terrorizmga qarshi samarali kurash olib borishimizda qo‘l keladi.

O‘tgan yili Ostona shahrida bo‘lgan SHHT sammitida Prezidentimiz tomonidan alohida ta’kidlanganidek, hozirgi paytda xalqaro terrorchilik guruhlari o‘zlarining faoliyatiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish orqali hali mustaqil fikri shakllanmagan yoshlarimizni yovuz to‘riga ilintirmoqdaki, bu barchamizni yanada hushyor bo‘lishga undaydi. Shu asosda bugun ushbu xalqaro tashkilotga a’zo davlatlar o‘rtasida yoshlarni turli yot g‘oyalar ta’siridan asrash, ularga zamonaviy ta’lim-tarbiya berish va har tomonlama yetuk insonlar qilib voyaga yetkazish yo‘lidagi hamkorlik aloqalari tobora mustahkamlanmoqda.

Anjumanda xalqaro terrorizmga qarshi kurashish borasidagi ishlarni yanada kuchaytirish yuzasidan ham fikr-mulohazalar bildirildi.

Uchrashuvda ishtirokchilar mavzu bilan bog‘liq o‘zlarini qiziqtirgan boshqa savollarga atroflicha javob olish imkoniga ega bo‘lishdi.

Zokir XUDOYSHUKUROV.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?