Xalqaro talablar darajasida taʼmirlangan Respublika velotrek oʻquv-mashq markazi tantanali ochildi

23:19 15 Noyabr 2019 Sport
647 0

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Bugun poytaxtimizning Olmazor tumanida joylashgan Respublika velotrek oʻquv-mashq markazida ushbu sport turi boʻyicha erkaklar hamda ayollar oʻrtasida Oʻzbekiston chempionatiga start berildi. Shuni alohida taʼkidlash kerak, mazkur musobaqa mamlakat terma jamoasi aʼzolari endilikda muhim xalqaro musobaqalarga puxta tayyorgarlik koʻrishi uchun xalqaro talablar darajasida qayta rekonstruksiya qilingan oʻquv-mashgʻulot bazasida oʻtkazilmoqda.

Ushbu markaz 1982-yilda qurilgan boʻlib, muhtaram yurtboshimizning joriy yil 4-sentyabr kuni boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida kelgusi yil Yaponiyaning Tokio shahrida boʻlib oʻtadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya oʻyinlariga Oʻzbekiston sportchilarini munosib tayyorlash hamda respublikamizda har bitta sport yoʻnalishi boʻyicha sport bazalarini tashkil etish yuzasidan berilgan topshiriqlari ijrosini taʼminlash doirasida qayta rekonstruksiya qilindi.

Bugun ushbu markazning tantanali ochilish marosimi oʻtkazildi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi, Oʻzbekiston velosiped sporti federatsiyasi prezidenti Tanzila Narbayeva, Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev, Milliy Olimpiya qoʻmitasi prezidenti Rustam Shoabduraxmonov, Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Oʻzbekistondagi koordinatori janob Jon MakGregor, Buyuk Britaniyaning Vestminster universiteti vitse-kansleri hamda prezidenti, velosport boʻyicha jahon chempionati gʻolibi janob Piter Bonfild, keng sport jamoatchiligi va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Dastavval faxriy mehmonlar ramziy tasmani qirqib, xalqaro talablar darajasida qayta rekonstruksiya qilingan Respublika velotrek oʻquv-mashq markazini ochib berishdi. Shundan soʻng Oʻzbekiston velosiped sporti federatsiyasining rahbari mehmonlarni bu yerda yaratilgan sharoit va qulayliklar bilan birma-bir tanishtirdi. Zamonaviy yotoqxonalar, oshxona, trenajyor zali va eng muhimi, xalqaro talablar darajasidagi velotrek yoʻlaklari xorijlik mehmonlarda iliq taassurot qoldirdi. Ular mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sport sohasiga hukumatimiz darajasida berilayotgan eʼtiborni yuqori baholadi. Shuningdek, faxriy mehmonlar tomonidan bu yerda daraxt ekildiki, bu ham milliy qadriyatlarimiz namoyishidir.

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"
Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

- Bunday majmua poytaxtdan tashqari Namangan viloyatida ham barpo etilgan. Yaqin orada Samarqand viloyatida ham zamonaviy velotrek oʻquv-mashgʻulotlar markazini qurish ishlari boshlanadi. Umuman, biz kelgusida barcha viloyatlarimizda mana shunday majmualarni barpo etish hamda yurtimizdan koʻplab Osiyo va jahon chempionati gʻoliblari, Olimpiya oʻyinlari chempionlarini yetishtirib chiqarmoqchimiz. Bizda isteʼdodlar yetarli, faqat ularga avvalo sharoit va imkoniyatlarni yaratib berishimiz lozim, - dedi Oʻzbekiston velosiped sporti federatsiyasi prezidenti Tanzila Narbayeva.

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"
Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Shu yerning oʻzida velosport boʻyicha Tokio-2020 olimpiadasiga ikkinchi litsenziyani qoʻlga kiritgan mamlakatimiz sporti faxri Murod Xolmurodovga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 100 million soʻm, uning treneri Rustam Nuritdinovga 50 million soʻm miqdorida pul mukofotlari tantanali topshirildi.

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Shuningdek, tadbir doirasida velotrek boʻyicha Oʻzbekiston chempionati gʻolib va sovrindorlari ham taqdirlanishdi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi

Matbuot xizmati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?