“Xalqaro savdo” koʻrsatkichida Oʻzbekiston nega 165-oʻrinda ekani oydinlashdi

17:08 29 Oktyabr 2019 Jamiyat
111 0

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2019-yil 29-oktyabrda oʻtkazilgan navbatdagi majlisida deputatlar kun tartibidan oʻrin olgan “Oʻsimliklar karantini toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish kiritish haqida”gi qonun loyihasini koʻrib chiqdilar. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur qonun loyihasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishda maʼmuriy tartib-taomillarni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi yuzasidan ishlab chiqilgan.

Ushbu qaror bilan tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari veterinariya ruxsatnomalarini, fitosanitariya va veterinariya sertifikatlarini rasmiylashtirish uchun eksport qilishdan 30 kun oldin ariza bilan murojaat etish tartibi bekor qilindi.

Shu bilan birga, “Oʻsimliklar karantini toʻgʻrisida”gi Qonunning 30-moddasida karantin ostidagi mahsulotni eksport qilish bilan shugʻullanuvchi yuridik va jismoniy shaxslar tegishli oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasini karantin ostidagi mahsulotni yuklab joʻnatish sanasi toʻgʻrisida kamida oʻn kun oldin xabardor qilishi, mahsulotni yuklab joʻnatish uchun maqbul boʻlgan joyni ular bilan birgalikda belgilashi, yuklab joʻnatish sanasidan uch kun oldin eksport qilinayotgan mahsulotni tekshirish uchun taqdim etishi shartligi belgilanmoqda.

Qayd etilganidek, xalqaro tajribani oʻrganish natijalari ilgʻor xorijiy mamlakatlarda tadbirkorlik subyektlariga eksport qilishdan oldin fitosanitariya sertifikatini olish uchun murojaat qilishning aniq muddatini belgilovchi yagona norma mavjud emasligini koʻrsatdi. Xorijiy davlatlar qonunchiligida fitosanitariya sertifikatini berish muddati oʻrtacha besh kunni tashkil etadi.

Undan tashqari, qizgʻin bahs-munozaralarga boy tarzda oʻtgan majlisda xalq vakillari eksport-importni amalga oshirishda tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari ortiqcha xarajat va koʻp vaqt sarflashiga sabab boʻlayotgani tufayli ham mamlakatimiz “Doing business” reytingining “Xalqaro savdo” koʻrsatkichida 165-oʻrinda qolayotganini bildirdilar.

Holbuki, mazkur koʻrsatkich boʻyicha yuqori natijaga erishgan xorijiy davlatlar tajribasida eksport-import uchun sarflangan vaqt va xarajat qariyb nolga teng. Masalan, Daniyada (1-oʻrin) hujjatlarni rasmiylashtirish uchun 1 soat, Belarus Respublikasida esa, 4 soat vaqt sarflanadi, xolos.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, “Oʻsimliklar karantini toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish kiritish haqida”gi qonun loyihasi bilan amaldagi qonunga tegishli oʻzgartirish kiritilmoqda.

Kun tartibidan oʻrin olgan ushbu qonun loyihasi deputatlar tomonidan yakdillik bilan maʼqullandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?