Xalqaro reyting va indekslarda mamlakatning oʻrnini yaxshilash muhim masala

15:48 19 Oktyabr 2020 Iqtisodiyot
241 0

Maʼlumki, Prezident Farmoniga binoan davlat organlarida xalqaro reytinglar bilan ishlash masalasini muvofiqlashtirish maqsadida Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash boʻyicha respublika kengashi tashkil etildi. Mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy taraqqiyot darajasini tizimli tahlil qilib borish, amalga oshirilayotgan tub oʻzgarishlarning xalqaro reyting va indekslarda mamlakatning oʻrnini yaxshilash maqsadlariga xizmat qilishini taʼminlash Kengash vazifalaridan biridir.

Albatta, mamlakatning rivojlanish darajasini koʻrsatuvchi muhim omillardan biri xalqaro reyting va indekslardir. Bu xalqaro hamjamiyatdagi obroʻ va nufuzni oshirishga xizmat qiladi.

Xalqaro reyting va indeksdagi mamlakatimiz oʻrnini yaxshilash koʻp jihatdan qabul qilingan qonunlarimizga va ularning joylardagi ijrosiga bevosita bogʻliqdir. Shu maʼnoda aytadigan boʻlsak, ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy sohalarga oid ustuvor xalqaro reyting va indekslarda Oʻzbekiston Respublikasining oʻrnini yaxshilash masalasi parlament zimmasiga ham katta masʼuliyat yuklaydi.

Aytish kerakki, Qonunchilik palatasining 2020-yilga moʻljallangan Ish rejasi hamda tegishli hujjatlarga koʻra, Oʻzbekiston XDP fraksiyasi masʼul boʻlgan bandlari boʻyicha bir qator ishlar amalga oshirildi.

Xususan, siyosiy-huquqiy sohaga oid ustuvor xalqaro reyting va indekslarda Oʻzbekiston Respublikasining oʻrnini yaxshilash boʻyicha tizimli ishlar olib borildi.

20-avgust kuni fraksiya yigʻilishida mazkur masala muhokama qilindi. Unda siyosiy-huquqiy sohaga oid ustuvor xalqaro reyting va indekslarni taʼminlash yuzasidan tasdiqlangan chora-tadbirlar rejasining bir qator bandlari ijrosi koʻrib chiqildi va navbatdagi muhim vazifalar belgilandi. Ushbu masala boʻyicha masʼul deputatlarga vazifalar yuklatildi.

Joriy yilning 1-oktyabr holatiga Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasiga aʼzolar soni 503 114 nafarni tashkil etib, ular 9 965 ta boshlangʻich partiya tashkilotlariga birlashtirilgan. Partiya aʼzolari bilan ishlash, ularning siyosiy va fuqarolik madaniyatini shakllantirish hamda partiya safiga yangi aʼzolarni qabul qilish ishlari tizimli yoʻlga qoʻyilgan.

Xususan, partiya aʼzolarining siyosiy bilimini oshirish maqsadida har oyning oxirgi shanbasi boshlangʻich partiya tashkilotida siyosiy oʻquv oʻtkaziladigan kun etib belgilandi. Bu kuni barcha viloyat, tuman va shahar partiya tashkilotlari rahbar va masʼul xodimlari oʻzlariga biriktirilgan boshlangʻich partiya tashkilotiga tashrif buyurib, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning, shuningdek partiya elektorati manfaatlariga daxldor boʻlgan ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy masalalar yuzasidan qabul qilinayotgan yangi qonun, qaror va farmonlarning mazmun-mohiyatini tushuntirish va targʻib qilish ishlari amalga oshiriladi.

Shuningdek, oʻquvlarda partiyaning dasturiy maqsad, vazifalari va gʻoyalarini, partiya tashkilotlari hamda deputatlik birlashmalari, deputatlari tomonidan olib borilayotgan ishlar partiya aʼzolariga yetkazilishi tashkil qilingan.

Partiya tomonidan “Ayollar ijtimoiy himoyasi - ijtimoiy faollik poydevori”, “Yoshlarga koʻmak”, “Besh tashabbus – besh imkon”, “Deputat mahallada”, “Mehr ulashing”, “Xotin-qizlar bilan muloqot: muammo, yechim va samara”, “Ayollar bilan yuzma-yuz” kabi loyihalar doirasida partiya atrofida uyushishga boʻlgan moyilligini ragʻbatlanti­rish orqali aʼzolari safini kengaytirish ishlari olib borilmoqda.

Aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish maqsadida “markaz – viloyat – tuman” tizimi joriy etilgan. Bunda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida tayyorlanayotgan qonun loyihalarini 1-oʻqishdan soʻng partiya quyi boʻgʻinlarida, yaʼni viloyat, tuman, shahar kengashlarida, mahalliy Kengashlardagi partiya guruhlarida keng muhokama qilish, tanishtirish, qonun loyihasiga asosli, aniq xulosa va takliflarni olish yoʻlga qoʻyilgan.

Shunga koʻra, joriy yilda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ishlab chiqilgan va koʻrib chiqilayotgan 45 dan ortiq qonun loyihasi joy­larda muhokama qilinib, ular boʻyicha 100 dan ortiq taklif va fikr-muloha­zalar olinib, tegishli tartibda qoʻmitalarga taqdim etib borilmoqda.

Jumladan, “Fazoviy maʼlumotlar milliy infratuzilmasi toʻgʻrisida”gi, “Transport toʻgʻrisida”gi, “Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar toʻgʻrisida”gi, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida, “Yer osti boyliklari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 381-moddasiga oʻzgartish kiritish haqida»gi qonunlar loyihalari joylarga joʻnatilib, takliflar olingan.

Deputatlar va partiya faollarining mazkur masalalarga oid munosabatlari ommaviy axborot vositalarida muntazam yoritib borilmoqda. Jumladan, avgust-sentyabr oylarida qonun loyihalari muhokamasiga bagʻishlangan 15 ta, boshlangʻich partiya tashkilotlari faoliyati, partiya safini yana-da kengaytirish masa­lalarga oid 20 dan ortiq materiallar OAVda yoritildi.

Oʻzbekiston XDPning rasmiy sayti www.xdp.uz da “Qonun loyihalari” rukni ochilib, unda Qonunchilik palatasida koʻrilayotgan qonun loyihalari muntazam joylashtirilib borilmoqda. Jumladan, “Taʼlim toʻgʻrisida”, “Nogironlar huquqlari toʻgʻrisida”, “Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi va boshqa 10 dan ortiq ijtimoiy masalalarga oid qonun loyihalari partiya saytiga muhokama uchun joylashtirilib, fuqarolar takliflari olindi.

«Parlament va siyosiy partiyalar faoliyati toʻgʻrisida fuqarolarning fikri va bahosi: siyosiy partiyalarga ishonch darajasini aniqlash» mavzusida sotsiologik tadqiqotlar oʻtkazishda “Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini oʻrganish respublika markazi bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda.

Mamlakatning rivojlanish darajasini koʻrsatuvchi muhim omillardan biri xalqaro reyting va indekslardir. Oʻz qobigʻiga oʻralib qolgan davlat xalqaro reytinglarda koʻrsatkichlarini yaxshilay olmaydi. Bu esa xalqaro hamjamiyatdagi obroʻ va nufuzga salbiy taʼsir oʻtkazadi. Mamlakatimizning xalqaro reyting va indekslardagi oʻrnini yaxshilash hamda davlat organlari va tashkilotlarida ular bilan tizimli ishlashning yangi mexanizmini joriy qilish masalalari shu jihatdan katta ahamiyatga egadir.

Boburmirzo TOʻXTAYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi masʼul xodimi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?