Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash boʻyicha respublika kengashi tashkil etildi

10:09 03 Iyun 2020 Hujjatlar
183 0

“Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro reyting va indekslardagi oʻrnini yaxshilash hamda davlat organlari va tashkilotlarida ular bilan tizimli ishlashning yangi mexanizmini joriy qilish toʻgʻrisida” Prezident Farmoni qabul qilindi.

Farmon bilan Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash boʻyicha respublika kengashi tashkil etildi va uning asosiy vazifalari belgilandi.

Mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy taraqqiyot darajasini tizimli tahlil qilib borish, amalga oshirilayotgan tub oʻzgarishlarning xalqaro reyting va indekslarda mamlakatning oʻrnini yaxshilash maqsadlariga xizmat qilishini taʼminlash Kengash vazifalaridan biridir.

Moliya vazirligi va Adliya vazirligi Kengashning ishchi organlari etib belgilandi.

Shunga koʻra, ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy reyting va indekslarning Kengash ishchi organlari boʻyicha taqsimoti tasdiqlandi.

Farmon bilan shuningdek, Oʻzbekiston uchun ustuvor boʻlgan xalqaro reyting va indekslar boʻyicha samaradorlikning eng muhim koʻrsatkichlari (KPI) tasdiqlandi.

Farmonga koʻra, masʼul davlat organlarining birinchi rahbarlari har chorak yakuni boʻyicha:

keyingi oyning 15-sanasiga qadar Kengash ishchi organlariga mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, zarur statistik axborotlar va boshqa materiallarni taqdim etadi;

keyingi oyning 30-sanasiga qadar Kengash raisi yoki oʻrinbosarining rahbarligida oʻtkaziladigan yigʻilishlarda tegishli xalqaro reyting va indekslarda KPI ga erishish uchun amalga oshirilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida axborot beradi.

Farmon bilan Adliya vazirligi markaziy apparati tuzilmasida Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash boshqarmasi tashkil etildi.

2020-yil 1-oktyabrga qadar Internet tarmogʻida “Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro reytinglarda” yagona portali ishga tushiriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?