Xalqaro parlamentarizm kuni qachon?

17:59 30 Iyun 2020 Siyosat
59 0

Mana bir necha yildan beri butun dunyo 30-iyun kunini “Xalqaro parlamentarizm kuni” sifatida keng nishonlamoqda. Ushbu sanani belgilash toʻgʻrisidagi qaror bundan ikki yil muqaddam, 2018-yil 22-may kuni BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida 72/278-sonli rezolyutsiya orqali qabul qilingan edi.

Bayramning aynan 30-iyun kuni qilib belgilanishi bejiz emas. Bu sana sayyoramizdagi eng keksa xalqaro tashkilotlardan biri – Parlamentlararo Ittifoq tarixi bilan chambarchas bogʻliqdir. 1889-yilda aynan shu kuni Parij shahrida Parlamentlararo Ittifoqning ilk xalqaro konferensiyasi ochilgan edi.

Tan olish kerakki, 21 asrga kelib parlamentlar jamiyat va davlat oʻrtasidagi munosabatlarni taʼminlovchi muhim institutga aylanishga ulgurdi. Bugungi kunda jahon mamlakatlarida parlamentlar demokratiyaning ajralmas qismi sifatida nafaqat qonunchilik jarayoning uzluksizligini taʼminlashda, balki vakillik hokimiyati prinsipini roʻyobga chiqarishda ham katta hissa qoʻshmoqda.

Jumladan, Oʻzbekistonda ham soʻnggi yillarda mamlakatimiz qonun chiqaruvchi oliy organining oʻrni ancha yuksaldi. Uning faoliyatida tizimli oʻzgarishlar, yangilanishlar roʻy bermoqda. Shunisi quvonarliki, mamlakatimiz rahbari hokimiyat vakillik organlari faoliyatiga katta eʼtibor qaratib, ular bilan doimiy muloqot qilib kelmoqda.

Chunonchi, har yili Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan Oliy Majlisda Murojaatnoma eʼlon qilinishi va shu asosda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga oid Davlat dasturi qabul qilinib, uning ijrosi parlament tomonidan nazoratga olinishi fikrimizning yaqqol dalilidir. Shu paytga qadar 3-marta, yaʼni 2017, 2018 va 2020-yillarda Prezident tomonidan Oliy Majlisga Murojaatnomalar yoʻllangan boʻlib, ularda belgilangan vazifalar nafaqat Oliy Majlisning, balki butun deputatlar korpusining faoliyatini tubdan oʻzgartirib yubordi.

Bugungi kunda Oliy Majlis mamlakatimizning milliy manfaatlarini himoya qilishga hamda ilgari surishga asoslangan tashqi siyosiy faoliyatning ham faol ishtirokchisiga aylandi. Soʻnggi uch yilda Oliy Majlis Parlamentlararo Ittifoq, MDH Parlament Assambleyasi, YEXHT Parlamentlararo Assambleyasi kabi qator nufuzli parlamentlararo uyushmalarga aʼzo boʻlib kirdi. Shuningdek, Turkiy tilli davlatlar Parlament Assambleyasiga aʼzo boʻlib kirishga tayyorgarlik koʻrmoqda.

Ishonchimiz komilki, milliy parlamentimiz xalq manfaatlarini ifodalovchi demokratik organ sifatida bundan keyin ham xalqimiz farovonligi, Vatanimiz ravnaqi, yurtimiz tinchligi yoʻlida amalga oshirilayotgan islohotlarning faol ishtirokchisi boʻlib qolaveradi.

Qodir JOʻRAYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Xalqaro ishlar va parlamentlararo

aloqalar qoʻmitasi raisining oʻrinbosari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?