Xalqaro nogironlar kuni: Nogironlik guruhi qanday tartibda belgilanadi?

11:02 03 Dekabr 2019 Jamiyat
228 0

Mamlakatimizda nogironligi bor fuqarolar qanday ijtimoiy himoya qilinadi? Nogironlik guruhi qanday belgilanadi? Ushbu jarayon kancha muddat talab qiladi? Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi rahbari Umarali NAZARMATOV bu haqda quyidagilarni maʼlum qildi:

— Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 1-iyuldagi “Tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari tomonidan fuqarolarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish tartibini yanada takomillashtirishga, nogironlikni va kasbiy mehnatga layoqat yoʻqotilishi darajasini aniqlashga yoʻnaltirilgan normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 195-sonli qarori bilan tasdiqlangan tegishli Nizom bu boradagi muhim huquqiy hujjatlardan biri hisoblanadi.

Unga koʻra, nogironlik guruhini belgilash uchun fuqaro oʻrnatilgan tartibda oʻzi yashab turgan joydagi tumanlararo tuman (shahar) tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari (TMEK)ga yashash joyidagi davolash-profilaktika muassasasi yoʻllanmasi asosida murojaat etishi mumkin. Buning uchun u pasport yoki shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjatni majburiy tartibda koʻrsatadi. Bugungi kunda mamlakatimiz boʻylab 107 ta ana shunday ekspert komissiyalari aholiga tibbiy-mehnat ekspertiza xizmatini koʻrsatib kelmoqda.

Bunda bemorlar boshlangʻich tibbiy koʻrik jarayonida aynan bir kasallik sababli vaqtincha mehnatga layoqatsizlik boshlangan kundan boshlab, uzluksiz muddat davomida 4 oydan ortiq ogʻrib qolganda, mehnatga layoqatsizlik boshlangan kundan eʼtiboran 12 oy mobaynida tanaffus bilan 6 oy davomida kasallanganda, sil kasalligi aniqlanganda, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik davri kasallik aniqlangan kundan boshlab kamida 10 oyni tashkil qilganda, shuningdek, asosiy kasallik kuchaygan kundan boshlab kamida 6 oy silga qarshi kurashish muassasalarida hisobda turganda nogironlik guruhlariga chiqariladi. Bu jarayonda ushbu shaxslar TMEK tomonidan belgilangan tartibda tibbiy koʻrikdan oʻtkaziladi. Bordiyu, nogironlik belgilari aniq koʻrinib turgan shaxslar, shuningdek, noxush klinik prognozli bemor boʻlsa, unda yuqoridagi muddatlarni kutmasdan qisqa vaqt ichida nogironlik guruhi belgilanishi uchun qabul qilinadi.

Tibbiy koʻriklar yashash joyidagi davolash-profilaktika muassasasining yoʻllanmasi boʻyicha, agar ekspert komissiyalari joylashgan joyda tibbiy tekshirishni asosli sabablarga koʻra va davolash-profilaktika muassasasi tavsiyasi asosida oʻtkazish mumkin boʻlmasa – uyda yoki statsionarda koʻchma tarzda oʻtkaziladi. Tibbiy koʻrik hujjatlar TMEKda qabul qilingan kundan boshlab ikki hafta muddatda oʻtkaziladi. Nogironlik belgilangan taqdirda hujjatlar qabul qilingan sana nogironlikning boshlanishi hisoblanadi.

Fuqarolarni sarson boʻlmasliklari maqsadida topshirish lozim boʻlgan hujjatlar tibbiy-maslahat komissiyasi raisi yoki aʼzolari tomonidan TMEKga taqdim etiladi.

Fuqarolarning ovoragarchiliklarini, uzoq vaqt kutib qolishlarining oldini olish maqsadida ekspert komissiyalariga qabul qilingan hujjatlar roʻyxatga olingandan soʻng, koʻrikdan oʻtish sanasi va vaqti koʻrsatilgan holda talon rasmiylashtiriladi hamda tibbiy-maslahat komissiyasi orqali koʻrikdan oʻtuvchiga yetkaziladi. Tibbiy koʻrik natijalariga koʻra, fuqaroga xulosa beriladi. Tibbiy koʻrik yakunida ekspert komissiyalari tomonidan nogironlik guruhlari, sabablari va muddatlarini belgilash toʻgʻrisida xulosalar chiqariladi va mehnatga layoqatsizlik varaqasiga qayd etilib, nogironlik toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma toʻldiriladi.

Agar qayta tibbiy koʻrikdan oʻtkazishda nogironlik guruhi belgilanmasa, nogironlik guruhini olib tashlash toʻgʻrisida belgilangan shakl boʻyicha maʼlumotnoma rasmiylashtiriladi. Bu haqdagi maʼlumotnoma TMEK xulosasi chiqarilgan kundan boshlab, uch kun muddatda tegishli Pensiya jamgʻarmasi boʻlimiga taqdim etiladi.

Shu oʻrinda nogironlikni belgilash bilan bogʻliq savollaringizga Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasiga murojaat qilgan holda yanada batafsil javob olishingiz mumkin boʻladi. Murojaat uchun telefon: (71) 277-28-95.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?