Xalqaro mehnat tashkiloti Bosh direktori Oʻzbekistonga keladi

10:35 10 Oktyabr 2018 Jamiyat
1009 0

Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyev Toshkentda Xalqaro mehnat tashkiloti masʼul xodimlari Kari Tapiola, Anton Xauzen va Oksana Lipkanu bilan uchrashdi. Bu haqda OʻzA xabar bermoqda.

Uchrashuvda munosib mehnat boʻyicha Oʻzbekiston dasturini amalga oshirish jarayonlari, Oʻzbekistonning XMT bilan konstruktiv, shu jumladan, bolalar mehnati va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasi boʻyicha hamkorligiga eʼtibor qaratildi. Oʻzbekiston rahbariyati va hukumati tomonidan munosib mehnat konsepsiyasi doirasida bolalar va ayollar mehnat huquqlarini taʼminlash boʻyicha samarali chora-tadbirlar koʻrilayotgani taʼkidlandi.

Joriy yil dekabr oyida XMT Bosh direktori Gay Rayder ishtirokida boʻlib oʻtishi kutilayotgan “Barqaror rivojlanish maqsadlari yoʻlida munosib bandlikni taʼminlash: xalqaro amaliyot va Oʻzbekiston tajribasi” mavzusidagi xalqaro konferensiyaga taalluqli masalalar alohida koʻrib chiqildi.

Uchrashuv ishtirokchilari aholi bandligi, munosib mehnati va ijtimoiy himoyasi masalalari boʻyicha Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlar jadal surʼatda olib borilayotganini qayd etdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?