Xalqaro konferensiyada avtomobil yoʻllari sohasida yuzdan ziyod mehmonlar ishtirok etadi

18:11 17 Sentyabr 2018 Siyosat
194 0

Joriy yilning 20-21 sentyabr kunlari yurtimizda boʻlib oʻtadigan “Markaziy Osiyo xalqaro transport tizimida: strategik istiqbol va amalga oshirilmagan imkoniyatlar” mavzusidagi Xalqaro konferensiyaga xalqaro doirada qiziqish yuqori boʻlmoqda.

Xususan, Avtomobil yoʻllari davlat qoʻmitasi tomonidan oʻtkaziladigan shoʻʼba yigʻilishida Xalqaro yoʻl federatsiyasi vakillari, TRASЕKA Hukumatlararo komissiya bosh kotibi, Xalqaro yoʻl assotsiatsiyaning bosh kotibi, Osiyo taraqqiyot banki ekspertlari, Singapur transport va kommunikatsiya vazirligi, Yaponiya, Germaniya, Turkiya hamda Markaziy Osiyoning yoʻl sohasidagi kompaniyalaridan 110 kishi ishtirok etadi.

Maʼlumot uchun aytib oʻtish kerakki, respublikamizdagi jami avtomobil yoʻllar tarmogʻi qariyb 184 ming kilometrni tashkil etadi. Shundan 42676 kilometri umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllari boʻlsa, 116560 kilometri ichki xoʻjaliklararo, qishloq, shahar va ovullar avtomobil yoʻllaridir.

Soʻnggi ikki yil ichida jahon miqyosida avtotransport vositasida yuklarni tashish hajmi 50,8 foizdan 70,6 foizga oshgan. Shundan kelib chiqqan holda transport-tranzit avtomobil yoʻllaridan samarali foydalanish har qanday davlat uchun ulkan daromad manbaidir.

Qoʻshni davlatlar bilan hamkorlikda yangi avtomobil yoʻllari qurish, u orqali xorij davlatlariga yoʻl ochish, ayni paytdagi avtomobil yoʻllarini esa birgalikda taʼmirlab, foydalanish kabi gʻoyat samarali ishlar haqida kelishib olingan. Buning natijasida yuklarni avtomobil yoʻllari orqali tashish hajmi ham, tranzit hajmi ham yildan-yilga ortib bormoqda.

Bugungi kunda Oʻzbekistonda 10 ta xalqaro transport yoʻlaklari hamda ushbu yoʻnalishlardagi avtomobil yoʻllarini taʼmirlash, qayta qurish va foydalanish boʻyicha ishlar olib borilmoqda. Mamlakatimiz bu boradagi 11 xalqaro konvensiya aʼzosi hisoblanadi, 29 davlat bilan sohaga tegishli shartnomalarga imzo chekkan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?