Xalqaro isteʼmolchilar tashkiloti prezidenti Doktor Marimutu Nadason: Oʻzbek xalqi hukumati atrofida jipslashib, koronavirusni yengishiga ishonaman

18:22 26 Mart 2020 Jamiyat
687 0

Arxiv surat

Qadrli doʻstlar,

Shu kunlarda butun jahon koronavirusning misli koʻrilmagan pandemiyasiga duch kelmoqda, u deyarli barcha mamlakatlarga tarqalib boʻldi. Ushbu mamlakatlar xalqlari virusni jilovlash va yoʻq qilish yoʻlida kurashmoqda. Barchamizning birgalikdagi saʼy-harakatlarimiz natijasida uni tez orada yengishimiz va hayot karantindan soʻng yana oʻz iziga tushib ketishiga ishonaman.

Men 2020-yil 15 – 18-yanvar kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida boʻlib oʻtgan Birinchi Yevropa va Osiyo mamlakatlari isteʼmolchilari forumida qatnashish uchun goʻzal mamlakatingizga borgan va uning ajoyib xalqi bilan uchrashish baxtiga muyassar boʻlgan edim. Oʻsha forumda oʻnlab xalqaro ekspertlar hamda turli mamlakatlarning davlat va nodavlat isteʼmolchilar tashkilotlari vakillari ishtirok etib, isteʼmolchilar huquqini himoya qilish borasidagi dolzarb muammolarni hal etishga qaratilgan masalalarni muhokama qilgan edi. Oʻsha masalalar pirovardida butun dunyoda isteʼmolchilar huquqini himoya qilishni yaxshilashga munosib hissa boʻlib qoʻshilishi shubhasiz.

Qayd etish joizki, “BMTning isteʼmolchilar huquqini himoya qilishning yetakchi prinsiplari”dan biri “isteʼmolchilarni ularning salomatligi va xavfsizligiga putur yetkazishi mumkin boʻlgan xavflardan himoya qilishdir”. Shuning uchun Jahon isteʼmolchilar tashkiloti koronavirusni tiyib turish, tarqalishiga yoʻl qoʻymaslik va bartaraf etish yoʻlida qoʻlidan kelgan barcha ishlarni qilmoqda.

Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi mana shu ishga oʻz hissasini qoʻshayotgani, karantin vaqtida mamlakatda isteʼmol tovarlari narxi oshib ketishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida nazorat kampaniyasi oʻtkazayotgani, oʻz mablagʻlari hisobidan shaxsiy himoya vositalarini sotib olib, aholiga tarqatayotgani hamda tibbiyot sohasi mutaxassislari bilan hamkorlikda milliy, mintaqaviy va mahalliy ommaviy axborot vositalarida virusni yuqtirmaslik uchun gigiyena qoidalariga qatʼiy amal qilishga daʼvat etuvchi koʻplab materiallar tayyorlab, efirga uzatayotgani va eʼlon qilayotganini eshitib, xursand boʻldim.

Men Oʻzbekistonga safarim chogʻida mehmondoʻst va mehnatsevar oʻzbek xalqi tozalik va tartibni qanchalik yaxshi koʻrishiga shaxsan guvoh boʻlgan edim. Ayni hol koronavirus tarqalishiga ishonchli toʻsiq boʻlishi shubhasiz. Oʻzbeklar koronavirusni umumiy saʼy-harakatlar bilan daf qilish yoʻlida hukumati atrofida yana-da jipsroq birlashishiga va pirovardida uni yengishiga ishonchim komil.

Ushbu sinovli kunlarda oʻzingiz va yaqinlaringizni ehtiyot qiling.

Doktor Marimutu Nadason,

Xalqaro isteʼmolchilar tashkiloti(Consumers International) prezidenti

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?