Xalqaro islom akademiyasida din yoki eʼtiqod erkinligini taʼminlash masalalari muhokama qilindi

00:59 16 Yanvar 2019 Jamiyat
439 0

BMTning Din yoki eʼtiqod erkinligi masalasi boʻyicha maxsus maʼruzachisi Ahmad Shahidning Oʻzbekistonga tashrifi yakunlari boʻyicha tavsiyalarni amalga oshirish, shuningdek, inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish masalalari boʻyicha xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida 2018 yil 4 mayda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashi va Senati Kengashining qoʻshma qarori bilan Din yoki eʼtiqod erkinligini taʼminlashga doir “Yoʻl xaritasi” tasdiqlanib, uning ijrosini nazorat qilish yuzasidan monitoring oʻtkazuvchi ishchi guruh shakllantirilgan edi.

15 yanvar kuni Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida monitoring oʻtkazuvchi ishchi guruh, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qoʻmitasining hamkorlikdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Tadbirda deputatlar, senatorlar, vazirlik, idora, taʼlim muassasalari rahbarlari, diniy tashkilotlar, OAV va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari, diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi. Unda soʻzga chiqqan Qonunchilik palatasi qoʻmitasi raisi — ishchi guruh rahbari Akmal Saidov inson huquq va erkinliklarini taʼminlash sohasida Oʻzbekistonda olib borilayotgan islohotlarga alohida toʻxtalib, 2017-2018 yillarda vijdon va eʼtiqod erkinligi borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar haqida maʼlumot berdi.

Yigʻilishda Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi J. Akramov, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori, professor Sh. Yovqochev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati A. Yunusova, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi mutasaddilari Din yoki eʼtiqod erkinligini taʼminlash yuzasidan “Yoʻl xaritasi”ning ijrosiga kiritilgan masalalar xususida oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi.

Yakunda Ishchi guruhning tegishli qarori qabul qilindi.

Abduxamid Muxtarov, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi Matbuot kotibi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?