Xalqaro hunarmandchilik festivali doirasida qirqdan ortiq tadbirlar boʻlib oʻtadi

13:33 06 Sentyabr 2019 Jamiyat
179 0

Ayni kunlarda 10-15-sentyabrkunlariQoʻqon shahrida boʻlib oʻtadigan Xalqaro hunarmandchilik festivaliga tayyorgarlik jarayonlari qizgʻin koʻrinisholgan. Maxsus ajratilgan 17 gektar Oʻrdaoldi maydonida festival mehmonlari koʻrgazmalar uchun rastalar tayyorlash, sahna qurish ishlarini boshlab yubordilar.Barcha viloyat vakillari toʻrt kun davomida dekoratsiya va sahna qurilishlarini yakunlab, festival ishtirokchilarini kutib olishga shay holatda boʻlishadi.

— Qoʻqonga kirib kelar ekanman, shahar haqidagi xotiralarim qayta jonlandi, — deydi Sirdaryo viloyati bosh rassomi, dekoratsiyalar ustasi Anorqul Boybekov. —Dunyoning 24 davlatida koʻrgazmalar, koʻrik-tanlov va festivallarda ishtirok etganman. Gollandiyada usta-hunarmandlar tayyorlashga ixtisoslashgan oʻquv yurtida Qoʻqon yogʻoch oʻymakor ustalari yasagan buyumlarni koʻrganimda, Belgiyada eksponatlar orasida qoʻqonliklar yasagan oʻyma eshikka koʻzim tushganida koʻhna Qoʻqon haqiqiy hunarmandlar yurti ekanligiga yana bir bor amin boʻlganman. Sirdaryolik 80 nafar hunarmand, sanʼatkor va rassomlar ushbu festivalda yangi maslakdoshlar topishadi, hunarmandlar bilan tajriba almashib yanada malakali boʻlishlaridan umidvormiz.

— Navoiy viloyati tabiiy arxeologik yodgorligi — “Sarmishsoy” bilan mashhur, —deydi ustaboshi Dilmurod Mahmudov. —Festivalda ishtirok etish uchun katta tayyorgarlik koʻrayotgan navoiyliklar Oʻrda maydonidan oʻzlari uchun ajratilgan joyda Sarmishsoy togʻlari maketini tiklashyapti. Viloyatimizning nomi Mir Alisher Navoiy bobomizning nomlari bilan uygʻun. Shuning uchun Oʻrdada Alisher Navoiy chodirini ham gavdalantirmoqchimiz. Festival ishtirokchilariga mutafakkir shoirning hayoti va ijodi haqida kengroq maʼlumot beriladi. Farhodning togʻ qazib, mashaqqat bilan xalqqa suv keltirishi va Shirin obrazini ham namoyish qilamiz. Navoiylik hunarmandlar uchun 60 rasta ham qurilmoqda. Bu rastalardan eng nodir hunarmandchilik mahsulotlarimiz oʻrin oladi.

Poytaxtimiz Toshkent hunarmandlari va sanʼat ahli ham Xalqaro hunarmandchilik festivaliga oʻzgacha tayyorgarlik koʻrishmoqda. Oʻrda maydonida poytaxtni eslatuvchi dekoratsiyalar qurilmoqda. Yaʼni, Toshkent darvozalari, teleminora, kurant soati, eski shahar koʻchalari tiklanyapti.Hunarmandchilik va sanʼat namunalari boʻlgan katta koʻza, doira va rubobdan iborat ramziy belgi ham oʻrnatiladi.

Maʼlumot oʻrnida aytish mumkinki, belgilangan dasturga asosan, festivalning ilk kuni Xudoyorxon oʻrdasidan Hunarmandlar shaharchasi boʻylab Oʻrdagacha qatnashchilarning tantanali parad-yurishidan boshlanadi. Soʻngra mahalliy va xorijlik hunarmandlarning mahsulotlari koʻrgazmasiga start beriladi. Tantanali ochilish marosimidan soʻng“Hunarmandchilik va xalq amaliy sanʼatini rivojlantirish istiqbollari” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya oʻz ishini boshlaydi. Kulolchilik, kandakorlik, kashtachilik, zardoʻzlik, rassomchilik va miniatyura, temirchilik, gilamdoʻzlik, xattotlik sanʼati vakillari hamda milliy matolar toʻquvchi ustalarning mahorat darslari boʻlib oʻtadi. “Dasturxonchi” madaniy meros obyektida “Oʻzbekiston hunarmandchiligi durdonalari”, “Anʼanaviy oʻzbek kulolchiligi sanʼati” kitob albomlarining taqdimot marosimi uyushtiriladi.

Shuningdek, shahar boʻylab xalq sayllari,diqqatga sazovor joylarga sayohatlar, qoʻgʻirchoqbozlik, dorbozlar va folklor jamoalari, har bir viloyatning madaniyat boshqarmalari tomonidan tayyorlangan konsert dasturlari, osh tanlovlari, oʻzbekistonlik va xorijlik dizaynerlar ishtirokida “Kokand fashion” moda haftaligi namoyishi ham festival dasturidan oʻrin olgan.

Elyorjon EHSONOV,

“Xalq soʻzi”muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?