Xalqaro hamjamiyat nigohidagi bosh mavzu

10:30 27 Mart 2018 Siyosat
312 0

Pekinda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Xitoy Xalq Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Rasmiy vakili (Foreign Ministry Spokesperson) Xua Chun’in o‘z davlatining “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzuida Afg‘oniston bo‘yicha Toshkent xalqaro konferensiyasiga oid qarashlarini bildirdi.

Xua Chun’in, jumladan, Xitoy tomoni Afg‘onistonning tinch yo‘l bilan tiklanishi hamda mamlakatda milliy yarashuv jarayoniga xizmat qiluvchi sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi. Mazkur xalqaro konferensiyani rasmiy Pekinning diqqat-e’tiborida turgan voqealardan biri sifatida e’tirof etgan diplomat XXR ushbu yirik tadbirni har tomonlama ma’qullashini ta’kidladi.

Bundan sal avval Vashingtonda Amerika Qo‘shma Shtatlari Davlat departamenti Rasmiy vakili Xizer Noyert O‘zbekiston Afg‘onistonda barqarorlikni ta’minlashda muhim o‘rin tutishini bildirgan edi. Toshkent anjumani esa, amerikalik diplomatning so‘zlariga ko‘ra, “O‘zbekistonning xalqaro maydonga qaytishi ramzi” sifatida xizmat qiladi.
Toshkent konferensiyasi oldidan AQSh tashqi siyosat mahkamasi tomonidan matbuot uchun tarqatilgan axborotda mazkur uchrashuv Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish yo‘lida olib borilayotgan chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlash va jadallashtirishga yordam berishi aytilgan.

Yevropa Komissiyasining 24 mart kuni tarqatgan rasmiy xabarida anjuman Afg‘onistonda tinchlik hamda barqarorlikni ta’minlash bilan bir qatorda, mintaqada terrorizmga qarshi kurash, giyohvand moddalarning noqonuniy aylanishini bartaraf etish va o‘zaro iqtisodiy aloqalarni chuqurlashtirishga doir masalalarni muhokama qilishga imkon berishi bilan muhimligi qayd etilgan.

Hindiston hamda Pokiston Tashqi ishlar vazirliklari bir kunda Afg‘oniston bo‘yicha Toshkent konferensiyasiga doir maxsus xabar tarqatdilar. Materialda Nyu-Deli va Islomobod ushbu tadbirni to‘liq qo‘llab-quvvatlashi bildirilib, O‘zbekistonning ushbu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlari yuqori baholangan.

Yaponiya xalqaro tadqiqotlar instituti tomonidan chop etilgan tahliliy ma’ruzada rasmiy Tokio hamda Toshkentning Afg‘oniston bilan iqtisodiy aloqalarni faollashtirish zarurligi to‘g‘risida yakdilligi e’tirof etiladi. Tahlilchilarning fikricha, anjuman Afg‘oniston muammosini hal qilish bo‘yicha “Toshkent jarayoni”ga (Tashkent process) asos soladi. Ma’ruzada O‘zbekiston tashabbusi barcha taklif etilgan davlatlar, xususan, AQSh, Rossiya, Xitoy, Hindiston, Markaziy Osiyo mamlakatlari, Eron hamda Pokiston uchun birdek muhim hamda manfaatli ekanligi ta’kidlanadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?