Tokio-2020 Olimpiadasiga tibbiy yoʻnalishdagi tayyorgarlik qanday olib borilyapti?

14:54 26 Fevral 2019 Jamiyat
223 0

Yaxshi bilasiz, bugungi kunda sport rivojida tibbiyotning oʻrni katta. Ayni paytda Milliy olimpiya qoʻmitasi qoshida Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi faoliyat koʻrsatmoqda. Sportchilarimiz musobaqalar oldidan bu yerda chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtishadi. Shuningdek, markaz mutaxassislari sportchilarga farmakologiya va vitaminlardan toʻgʻri foydalanish boʻyicha oʻz tavsiyalarini berib kelishmoqda. Bu sportchilarimizni Tokio 2020 Olimpiadasiga munosib tayyorlash yoʻlida muhim ahamiyat kasb etadi. Milliy olimpiya qoʻmitasi Matbuot va media departamenti Tokiodagi Olimpiya oʻyinlariga tibbiy yoʻnalishda qanday tayyorgarlik olib borayotganligini bilish maqsadida markaz rahbari, tibbiyot fanlari doktori, professor Abdushukur Sodiqov bilan suhbat uyushtirdi. Intervyu davomida koʻtarilgan masalalar koʻpchilikda qiziqish uygʻotsa ajab emas.

Oʻzbekistonda sport tibbiyotining rivojlanishi haqida

Mamlakatimizda sport sohasiga eʼtiborning kuchayishi sport tibbiyoti yoʻnalishiga ham oʻzining ijobiy taʼsirini koʻrsata boshladi. Jumladan, Toshkentda Markaziy Osiyoda yagona boʻlgan Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi ish boshladi. Markaz barcha diagnostika, laboratoriya va reabilitatsiya uchun kerakli boʻlgan tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan. Bu sport tibbiyotining jadal rivojlanishida juda katta ahamiyatga ega desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Milliy Olimpiya qoʻmitasi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oliy va oʻrta mahsus taʼlim vazirliklari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining “Sportchilarning diagnostika va funksional holatini yaxshilash hamda salomatlik holatini davriy baholash boʻyicha standartlari” toʻgʻrisida qarori imzolandi. Shuningdek, MOQning buyrugʻiga binoan, tibbiy koʻriklarni oʻtkazishni tartibga solish uchun reglament ishlab chiqildi.

Milliy Olimpiya qoʻmitasining 2018 yil 20 iyundagi buyrugʻiga asosan markazning ishchi guruh aʼzolari Toshkent shahri, Fargʻona va Andijon viloyatlaridagi sport muassasalarida sport shifokorining faoliyati, sportchilariga yaratilgan shart-sharoitlar, ularga koʻrsatilayotgan tibbiy yordam, sport shifokori tibbiyot xonasining jihozlanishi, zarur boʻlgan tibbiy uskunalar va dori-darmonlar bilan taʼminlanganligi oʻrganildi, ularga tegishli tavsiyalar berildi.

Terma jamoamiz aʼzolarining tibbiy koʻrikdan oʻtish jarayoni

Bugungi kunga kelib, terma jamoamiz aʼzolarining tibbiy koʻrikdan oʻtish jarayonlari reja asosida olib borilmoqda. Bunda markazimiz tor mutaxassislari va butun jamoamizning yuqori malakali, masʼuliyatli yondashuvi alohida eʼtiborga sazovor. Chunonchi, soʻngi yillarda oʻzbek sportida erishayotgan katta yutuqlar negizida nafaqat sportchi va murabbiylar, balki Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markaz xodimlarining ham oʻziga yarasha oʻrni bor. Bugungi kunda har bir sport federatsiya va assotsiatsiyasiga markazning malakali mutaxassislaridan iborat koordinatorlar biriktirilgan. Shu bilan birga, psixologiya va diyetologiya- nutritsiologiya yoʻnalishlari boʻyicha ishchi guruhlar tuzilib, ular tomonidan sportchilarni psixologik tayyorgarligi va ratsional ovqatlanish uchun kunlik, haftalik menyular qayta koʻrib chiqilmoqda. Sportchilarning mashgʻulot davrida funksional holatini oʻrganish maqsadida “mobil laboratoriya” tashkil etilib, sport bazalarida oʻquv-mashgʻulot yigʻinlari olib borayotgan sportchilarning funksional holati kuzatib borilmoqda.

Sportchilarning tibbiy koʻrik yakunlari haqida xulosa

Mazkur tibbiy koʻrik yakunlariga koʻra, xulosam ijobiy albatta. Patologik holat aniqlangan, jarohat yoki tekshiruvlar xulosasiga koʻra tiklanish yetarli darajada boʻlmagan sportchilar uchun statsionar davolanish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Sportchida yuqoridagi holatlarning biri aniqlangan kunning oʻzidayoq davolash chora tadbirlarini boshlash va sportchining eng qisqa muddatlarda mashgʻulotga sogʻlom qaytishini yoʻlga qoʻyish ularga yanada dadillik bagʻishlaydi deb oʻylayman. Salbiy tomonlar haqida gapiradigan boʻlsam, ayrim federatsiyalardagi mutasaddi va murabbiylarning ishga sovuqqonlik bilan yondashishi sabab, sportchilarni markazga kechiktirib olib kelinishi holatlari ham uchramoqda.

Xalqaro hamkorlik, xodimlar malakasini oshirish

Xodimlar malakasini oshirish – bu, yangi yutuqlar mezonidir. Albatta, bunda faqatgina erishilgan yutuqlar muhokamasi emas, balki xalqaro hamkorlikning oʻrni kattadir. 2018 yil davomida, markazimiz mutaxassislari, Koreya Respublikasi, Yaponiya, Rossiya va Turkiya kabi davlatlarda oʻz malakalarini oshirishdi. 2018 yil davomida Rossiya sport tibbiyoti hamda bemorlar va nogironlar reabilitatsiyasi assotsiatsiyasi, Yaponiyaning “The Japan Uzbekistan Silk Road Foundation” tashkiloti bilan Oʻzbekiston sport tibbiyoti va reabilitatsiyasi Milliy assotsiatsiyasi oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Sport federatsiya va assotsiatsiyalarining sport tibbiyoti mutaxassislariga ilmiy-amaliy yordamni tashkil etish, sport tibbiyoti sohasida ilgʻor va innovatsion yondashuvlarni tatbiq etish maqsadida 2018 yil 8-9 noyabr kunlari Toshkent shahrida “Sport tibbiyotining dolzarb muammo va istiqbollari” mavzusida xorijiy mutaxassislar ishtirokidagi ilmiy-amaliy konferensiya oʻtkazildi. Konferensiya kesimida sport tibbiyoti sohasida quyidagi yetakchi olimlar, jumladan Rossiya Federatsiyasidan MDH va Boltiqboʻyi davlatlari sport tibbiyoti shifokorlari assotsiatsiyasi prezidenti, akademik B.Polyayev, Yaponiyaning KEIO sport tibbiyoti universiteti professori, 2020 yil Tokio shahrida boʻlib oʻtadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya oʻyinlari tashkiliy hayʼat aʼzosi Ishida Xiroyuki, turkiyalik mutaxassis Chagatay Ostyur ishtirokida mahorat darslari, taqdimotlar tashkil etildi.

2018 yilning 5-8 dekabr kunlari Moskva shahrida oʻtkazilgan “Sport Med-2018” xalqaro ilmiy-amaliy anjumanida markazimiz mutaxassislari ham ishtirok etishdi.

Chunki, ushbu yoʻnalishda yetakchi hisoblangan davlatlar malakasi va tajribasini oʻrganib, uni Oʻzbekistonda koʻrib chiqish, oʻz ustida ishlash, yangiliklarni yoʻlga qoʻyish sport tibbiyoti taraqqiyotini yanada tezlashtirishiga ishonchim komil.

Antidoping boʻyicha sport federatsiyalari va assotsiatsiyalari shifokorlari bilan ishlash tizimi haqida

Markaz ilmiy sektor va ilmiy laboratoriya xodimlari tomonidan sportchilarga mumkin boʻlgan dori vositalarni roʻyxati tuzildi. Shuningdek, har bir federatsiyadagi murabbiy va shifokorlarga uslubiy qoʻllanma tarqatiladi.

Bundan tashqari, Sumbula (Ferula muskusnaya, Ferula moschata), Tribulus (Tribulus terrestris), Mandragora (Mandragora lekarstvennaya, Mandragora officinarum) oʻsimliklaridan biologik faolliklarga ega boʻlgan kimyoviy moddalar ekstraksiya qilib olindi. Hozirda ushbu ekstraktlarning Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining Oʻsimlik moddalari kimyosi institutida klinik oldi sinovlarini oʻtkazish ishlari olib borilmoqda.

Tibbiy uskunalar masalasida

Milliy olimpiya qoʻmitasi qoshidagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazining tibbiy uskunalar bilan taʼminlanganligi yuqori darajada desak mubolagʻa boʻlmaydi. Markazda nafaqat sportchilar uchun muhim boʻlgan tekshiruvlar, balki, aholiga xizmat koʻrsatish boʻyicha ham barcha qulayliklar yaratilgan.

2020 yilgi Olimpiadaga tibbiy yoʻnalishdagi tayyorgarlik

2017 yil 9 martdagi “Oʻzbekiston sportchilarini 2020 yil Tokio shahri (Yaponiya)da boʻlib oʻtadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik koʻrish toʻgʻrisida”gi PQ-2821-sonli Qarorining ijrosini taʼminlash, Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasining bu boʻyicha ishlab chiqqan strategiyasi asosida hozirgi kunda har bir sportchiga individual yondashilmoqda, yaʼni “sportchi pasporti” yaratildi. Uning bolalikdan to hozirga qadar oʻtkazgan kasalliklari, mashgʻulotlar tartibi, erishilgan yutuqlari oʻrganib chiqilmoqda. Bu oʻz navbatida sportchi sogʻligʻi, holati haqida toʻliq maʼlumotga ega boʻlish imkoniyatini beradi. Qolaversa, sogʻligʻi tomonidan oqsayotgan sohaga koʻproq eʼtibor berishga, uni bartaraf etishga yordam beradi.

Kelajakdagi rejalar

Kelajak uchun rejalarimiz ulkan. Bu borada bir qator loyihalarni oʻylab qoʻyganmiz. Eng asosiylaridan biri, ilmiy saviyani koʻtarish boʻyicha oldinga qadam tashlashdir.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?