Xalqaro festival doirasida ilmiy-amaliy seminar boshlandi

16:44 11 Mart 2019 Jamiyat
299 0

Fargʻona tumanidagi viloyat hokimligi “Qabullar uyi”da xalqaro festivalning“ Markaziy Osiyo mintaqasida ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashning dolzarb masalalari” mavzusidagi ilmiy-amaliy seminari boshlandi. Avvalo,Fargʻona viloyati xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish hududiy markazi direktori, psixologiya fanlari nomzodi, dotsent Maʼmirjon Otajonovning “Ekstrimizm va terrorizm: xavfsizlik va barqarorlikka tahdid” mavzusida maʼruzasi tinglandi.

Xalqlar va davlatlar madaniyati, tili, dini va hayot tarzida oʻziga xosliklar mavjud. Shuning uchun oʻzaro qoʻshni davlatlar kesimida milliy dasturlar va strategiyalarni ishlab chiqish orqali bu illatga qarshi kurashish zarur. Mintaqamiz davlatlari yagona rivojlanish tendensiyasiga ega. Markaziy Osiyoda terrorizmga olib keluvchi tajovuzkor ekstremizm va terrorizmning oldini olishga oʻzaro maʼqul yondashuvlarni ishlab chiqish, hukumatlar oʻrtasidagi hamkorlikni kengaytirish, yoshlarda terrorizm mafkurasi va ekstremistik faoliyatga qarshi samarali immunitetni hosil qilish orqali erishish mumkin. Bu boradagi qarashlar va takliflar bugungi seminarda atroflicha muhokama qilinmoqda.

Chinar Sattarova,

Batkent viloyati gubernatori oʻrinbosari, delegatsiya rahbari:

-Oʻzbekistonning bunday ochiq, konstruktiv va pragmatik siyosati bugun butun dunyo hamjamiyati tomonidan eʼtirof etilmoqda. Bugungi festivalning “Kelajakni terrorizmsiz quramiz” deb nomlanishi ham bejiz emas. Oʻzbekiston ekstremizm va radikalizmga qarshi kurashishga global xavfsizlikni taʼminlashning muhim sharti sifatida qarab, mazkur jarayonning doimiy ishtirokchisi va tashabbuskori boʻlib kelmoqda. Xususan, davlatingiz rahbari 2017 yil sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi nutqida yoshlarning oʻz salohiyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoitlar yaratish zoʻravonlik gʻoyasi “virusi” tarqalishining oldini olishga xizmat qilishini taʼkidladi vaBMTning Yoshlar huquqlari toʻgʻrisida hamda bagʻrikenglik va oʻzaro hurmatni oʻrnatish, diniy erkinlikni taʼminlash, dindorlar huquqlarini himoya qilish va ularning kamsitilishiga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha xalqaro konvensiya ishlab chiqishni taklif etdi. BMT Bosh Assambleyasining 2018 yil 12 dekabrdagi yalpi sessiyasida “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” maxsus rezolyutsiyasi qabul qilindi. Oʻzbekiston tomonidan ishlab chiqilgan hujjat BMTga aʼzo davlatlar tomonidan bir ovozdan qoʻllab-quvvatlanganligi masalaning dunyo miqyosida qanchalik katta ahamiyatga ega ekanligini koʻrsatmoqda. Umid qilamizki, ushbu festival navqiron avlod vakillari oʻrtasida terrorizmga sabab boʻluvchi omillarga qarshi kurashishda kompleks yondashuvlar ishlab chiqish boʻyicha mintaqaviy va xalqaro miqyosdagi qoʻshma saʼy-harakatlarga keng yoʻl ochadi.

Baxovaddin Baxodurzoda,

Tojikiston Respublikasi Soʻgʻd viloyati hokimi oʻrinbosari, delegatsiya rahbari: 

Shavkat Mirziyoyevning yaqin qoʻshnichilikka asoslangan siyosati natijasida koʻplab chegara oʻtkazish punktlari ochildi. Mamlakatlarimiz oʻrtasida transport qatnovi tiklangani odamlarning yashash- turmush sharoitida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalarda ham davlatlarimizning qarashlari oʻxshash yoki yaqin. Jumladan, terrorizm, ekstremizm, narkotrafik, transmilliy jinoyatlar, xalqaro xavfsizlikka tahdid soladigan boshqa xavf-xatarlarga qarshi kurash borasida ham samarali hamkorlik qilinmoqda. Shubhasiz, Oʻzbekiston – Tojikiston – Qirgʻiziston munosabatlarida erishilgan ulkan ijobiy oʻzgarishlar xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik rishtalarini mustahkamlamoqda. Yillar davomida qarindosh-urugʻlari, doʻstlari va yaqinlari bilan diydor koʻrishish imkonidan bebahra boʻlgan odamlarning kayfiyati ham oʻzgardi. Bu davlatlararo munosabatlardagi eng katta yutuqlardan biri, deb hisoblayman.

Asel SANSIZBAYEVA,

Jalolobod viloyati gubernatori oʻrinbosari,delegatsiya rahbari :

Media makon allaqachon muayyan gʻoyalar, qadriyatlar va eʼtiqodlarni ragʻbatlantirishda muhim taʼsir koʻrsatuvchi omilga aylanib ulgurgan. Jumladan, ijtimoiy tarmoqlar oʻzida ana shunday imkoniyatlarni jamlagan. Bundan buzgʻunchi gʻoya targʻibotchilari gʻarazli maqsadda foydalanmoqda. Bir soʻz bilan aytganda hozirgi kunda har qanday axborot muayyan mafkuraning quroliga aylanib qoldi.

Internet terroristlar uchun yangi aʼzolarni topish, yollash, oʻqitish, mablagʻ toʻplash, terroristik harakatlar tashkil etishning asosiy vositasiga aylangan. Yangi telekommunikatsiya texnologiyalari turli guruhlar oʻrtasida tezkor maʼlumot almashish, faoliyat doirasini kengaytirish va psixologik taʼsir koʻrsatish imkonini bermoqda.

Shu munosabat bilan Internet va ommaviy axborot vositalarida ham tajovuzkor ekstremizmning oldini olish maqsadida millatlararo totuvlik, dinlararo bagʻrikenglik tamoyilini targʻib qilish, oʻzaro hurmat ruhini mustahkamlash, nafrat qoʻzgʻatishning barcha yoʻnalishlariga qarshi kurashish birgalikdagi muhim vazifamiz boʻlishi lozim.

Ahmatjan MUHAMMADOV,

Qirgʻiziston Respublikasi, Osh viloyati gubernatori oʻrinbosari:

-Oʻzbek va tojik, oʻzbek va qirgʻiz xalqlari bir daraxtning ikki shoxi, bir daryoning ikki irmogʻiga oʻxshaydi. Bizning muqaddas dinimiz, yerimiz va suvimiz bir. Quvonchu tashvishlarimiz, taqdirimiz mushtarak. Ajdodlarimizning ezgu anʼanalarini davom ettirib, xalqlarimiz doʻstligini mustahkamlashimiz va asrab-avaylashimiz kerak. Aslida bugungi xalqaro festivalning tashkil etilishidan koʻzlangan maqsad ham shu.

Dosmamat Sultonov, usta hunarmand,

Qirgʻiziston Respublikasi, Qadamjoy rayyoni,Qorachigʻoch ovuli:

Men Fargʻona viloyatida birinchi bor boʻlishim. Bizni katta ehtirom va tantanalar bilan kutib olishdi.Juda xursandman.Usta shogird anʼanasi asosida ovulimizda uy-roʻzgʻor buyumlarini qoʻl uslubida ishlab chiqarish va shu yoʻnalishda tadbirkorlik bilan shugʻullanaman.Toʻgʻrisini aytsam, qoʻshni fargʻonalik yoshlar boʻsh vaqtlarini nimalar bilan oʻtkazishiga qiziqaman.Maqsadim, shu festival doirasida yoshlardan iborat hamkasb doʻstlar orttirib, ular bilan tajriba almashish va doimiy ravishda ijtimoiy tarmoqlarda ular bilan aloqalarni mustahkamlashdan iborat.

Yoshlar turli obyektiv va subyektiv sabablar tufayli xorijga ketmoqda. Migratsiya natijasida begona til va madaniyat bilan yuzlangan avlod birinchi navbatda ekstremistlar taʼsiriga tushib qolayotir. Hukumatlarimiz va yoshlar tashkilotlari oʻrtasida yoʻlga qoʻyilgan konstruktiv hamkorlik bu borada xalqaro hamkorlik boʻyicha saʼy-harakatlarning asosini tashkil qilyapti.

Eslatib oʻtamiz, bugun 17:00 da Fargʻona shahridagi “Istiqlol” oʻyingohida festival ishtirokchilari va 20 mingdan ortiq yoshlar uchun shou konsert dasturi namoyish etiladi.

Saytimizni kuzatib boring, xalqaro festival doirasidagi muhim uchrashuv va yangiliklar bilan sizlarni batafsil tanishtirib boramiz.

ElyorjonEHSONOV, “Xalq soʻzi”muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?