Xalqaro baxshichilik sanʼati festivali oldidan matbuot anjumani oʻtkazildi

16:19 01 Aprel 2019 Jamiyat
306 0

Avval xabar qilganimizdek, shu yilning 5-10 aprel kunlari mamlakatimizning janubdagi gavhari Termiz shahrida Xalqaro baxshichilik sanʼati festivali boʻlib oʻtadi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 1 noyabrdagi qaroriga binoan ilk marotaba oʻtkazilayotgan ushbu sanʼat bayramiga tayyorgarlik ishlari ayni qizgʻin pallaga kirdi. Asosiy tantanalar maydonida allaqachon bayram shukuhi hukmron. 32 gektardan iborat katta hududda Qoraqalpogʻiston respublikasi, Toshkent viloyati hamda viloyatlarning ramziy qoʻrgʻonlari bunyod ettirib, har bir hududning oʻziga xos urf-odat, anʼana va qadriyatlari unda aks ettirilmoqda.

Surxondaryo — etnografik makon. Oʻzbek xalq dostonlari ajdodlarimizning uzoq oʻtmishi, madaniy hayoti va milliy qadriyatlarini oʻzida mujassamlashtirgan boʻlib, u oʻlmas, nomoddiy madaniy meros sifatida yuksak qadrlanmoqda. Baxshichilik sanʼatining serjilo ijro namunalari tinglovchiga katta zavq-shavq bagʻishlashi bilan birga kishilarni yaxshilikka chorlovchi, maʼrifat tarqatuvchi, yosh avlod qalbida ezgu fazilatlarni uygʻotuvchi maʼnaviy targʻibot manbai vazifasini oʻtab kelayotir. Xalqimiz “Alpomish”, “Goʻroʻgʻli”, “Kuntugʻmish” kabi xalq dostonlarini tinglab, uning tarbiyaviy ruhida bahralanib kelishgan. Ana shu oʻlmas qadriyatlarimizni asrab-avaylash, xalq dostonlarining rang-barang namunalarini yurtimiz hamda xalqaro miqyosda keng targʻib qilish maqsadida endilikda har ikki yilda bir marotaba Termiz shahrida Xalqaro baxshichilik sanʼati festivali oʻtkaziladi.

-Oʻzbek xalqining toʻy-tantanalari baxshilarning dostonu termalarisiz oʻtmaydi, -deydi Oʻzbekiston xalq baxshisi Shodmon baxshi Xoʻjamberdiyev. - Dostonlarda asosan xalqimizning orzu-umid, oʻy-niyati, maqsad va muddaosi kuylanadi. Mardlik, shijoat, vatanparvarlik, ona yurt sadoqat kabi ezgu insoniy fazilatlar ulugʻlanadi. Shu bois, turli gʻoyaviy-badiiy yechimga ega dostonlar hamisha odamlar qalbidan joy oladi, oʻzgacha jang topadi. Ayrim hollarda doston tinglash uchun yuzlab, minglab odamlarning bir davrada jamlanishi kishilardagi milliy oʻzligimiz, qadriyatlarimizga nisbatan hurmat, baxshichilik anʼanalariga sadoqat va mehr-muhabbatdan darak beradi. Oʻylaymanki, xalq ogʻzaki ijodini ulugʻlash, uni bor holiga saqlash va uni kelgusi avlodlarga yetkazishda birinchi bor oʻtkazilayotgan xalqaro baxshichilik sanʼati festivali muhim ahamiyat kasb etadi.

Xalqaro baxshichilik sanʼati festivali YUNЕSKO shafeligi ostida oʻtkazish boʻyicha mazkur tashkilot Bosh direktorining rasmiy rozilik maktubi olindi Shuningdek, AYSЕSKO (Taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha Islom tashkiloti) xalqaro tashkiloti, bundan tashqari, Afgʻoniston Turkiya, Tojikiston va Kuvayt va boshqa davlatlardan faxriy mehmonlar ishtirok etishadi. Festivalga 80 dan ortiq xorijiy davlatlardan 300 ga yaqin ishtirokchilar ishtirok etishi, 20 davlatning 29 nafar ommaviy axborot vositalari xodimlari xalqaro sanʼat anjumanini bevosita yoritib borishi kutilyapti.

Xalqaro sanʼat anjumanini OAV orqali mamlakatimiz aholisi hamda xalqaro miqyosda keng yoritish uchun matbuot guruhi shakllantirilib, uning faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Matbuot xizmati faoliyatini samarali tashkil etish uchun Adib Sobir Termiziy nomidagi axborot resurs markazida zaruriy sharoitlar muhayyo etildi. Matbuot markazida vaqti-vaqti bilan matbuot konferensiyasi tashkil etilib,mahalliy hamda respublika OAV lari xodimlari festivalga tayyorgarlikning borishi yuzasidan muntazam maʼlumotlar taqdim etilmoqda.

Ayni paytda Toshkent va Termiz shaharida festivalga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha tuzilgan ishchi guruhlari faoliyat olib bormoqda.Uning tarkibiga yuksak kasbiy mahoratga ega boʻlgan ssenarist, rejissyor, baletmeysterlar, sahna rassomlari, isteʼdodli yosh sanʼatkorlar jalb etilgan. Xalqaro anjuman ishtirokchilarining chiqishlari yuqori malakali mutaxassislar, taniqli sanʼat va madaniyat arboblari, olimlar,shuningdek, ishtirokchi davlatlarning soha namoyandalaridan iborat xalqaro hayʼat tomonidan baholanadi. Baholash jarayonida dostonchilik sanʼati namoyandalarining asl milliy xususiyatlari, kuy, nagʻma va termalarning badiiy-estetik jihatlari, oʻziga xosligi, xalqi ijrochiligi usullarini egallaganlik darajasi, kiyinishi, sahna madaniyati, liboslaridagi badiiy bezaklarning milliy anʼanalarga mosligi, anʼanaviy musiqa asboblaridan foydalanish jihatlariga alohida eʼtibor qaratiladi.

- Festivalni yuqori saviyada oʻtkazish uchun respublika madaniyat vazirligi tizimida ishlovchi 1,5 ming nafardan ortiq xodimlar jalb etilgan, -deydi madaniyat vazirligi matbuot kotibi Mavluda Asqarxoʻjayeva. - Ushbu festivalga Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Turkmaniston, Qirgʻiziston, Xitoy, Janubiy Koreya, Eron, Serbiya, Turkiya, Bolgariya, Belgiya singari xorijiy davlatlardan 58nafar mahoratli baxshi va doston aytuvchilar oʻz ijodiy chiqishlari bilan qatnashadi. Albatta, har bir hududning oʻz anʼanalari mavjud boʻlib, oʻtkazilgach festival uning namoyishi uchun qulay sanʼat maydoniga aylanadi.

Maʼlumot oʻrnida, Xalqaro baxshichilik sanʼati festivali gʻoliblari turli darajadagi diplom, haykalcha hamda pul mukofotlari bilan taqdirlanadi. Jumladan, xalqaro tanlovning 1-oʻrin sohibi ( har bir yoʻnalish boʻyicha) 10 000, 2-oʻrin sohibi 7000, 3-oʻrin egasiga 5000 AQSH dollari miqdorida pul mukofoti bilan ragʻbatlantiriladi. Bundan tashqari “Eng yosh baxshichilik sanʼati ishtirokchisi”, “Muxlislar eʼtirofiga sazovor boʻlgan eng yaxshi ishtirokchi”, “Eng yaxshi cholgʻu ijrochisi” kabi nominatsiyalar boʻyicha ham gʻoliblar aniqlanib, ular pul mukofoti va maxsus diplom bilan taqdirlanadi.

Festivalga tayyorgarlik doirasida Termiz shahari va tumanlar markazida katta hajmdagi qurilish, bunyodkorlik va obodonlashtirish, koʻkalamzorlashtirish ishlari bajarilyapti. Termiz temir yoʻl vokzali kapital taʼmirlanib, Termiz xalqaro aeroporti binosi yangidan bunyod etildi. Asosiy tadbirlar boʻlib oʻtadigan maydonda Alpomish haykali oʻrnatildi.Bu yerda bir necha katta-kichik sahnalar barpo etildi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar ramziy qoʻrgʻonlari qad rostlamoqda. Koʻcha va xiyobonlar, koʻp qavatli koʻplab turar-joy binolari joriy taʼmirlandi. Festivalga oid panno va reklamalar, suratlar, elektr nuri bilan uzatiladigan yozuvlar oʻrnatildi. Baxshichilik sanʼatiga oid turli koʻrgazmalar tayyorlandi, milliy sozlar, liboslar, hunarmandchilik buyumlari, tasviriy va amaliy sanʼat asarlari, haykaltaroshlik namunalari festivalga taxt holga keltirildi. Shuningdek, Al-Hakim at- Termiziy yodgorlik majmuasi, Fayoztepa, Kampirtepa, Sulton Saodat va maqbarasi kabi tarixiy obidalar qayta taʼmirlandi.

Festival ishtirokchilari uchun oʻzbek, ingliz va rus tillarida 37 turdagi turistik maskanlar bukletlari,baxshichilik sanʼatiga bagʻishlangan risola va Termiz shahrining sayyohlik xaritasi tayyorlandi. Viloyat tarixi va madaniyatiga oid 2 ta kitob, 6 turdagi buklet, “Koʻhna Termiz”,”Zamonaviy Termiz”hamda baxshilar toʻgʻrisida fotoalbomlar, shuningdek, Shoberdi baxshi Boltayevning “Malla savdogar”, Abdunazar Poyonovning “Oltin qovoq”, Umir shoir va Avliyoqul Mardonaqul oʻgʻlining “Alpomish” dostonlari 1000 nusxadan bosilib chiqdi.

Ilhom Rahmatov, “Xalq soʻzi”muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?