Xalqaro atom energiyasi agentligi AES qurilishida texnik va ekspert yordamini koʻrsatishga tayyor

17:29 02 Fevral 2019 Jamiyat
400 0

Illyustrativ foto

Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi Vena shahrida Xalqaro atom energiyasi agentligi bosh direktori Yukiya Amano bilan uchrashdi.

“Oʻzatom” agentligi matbuot xizmatining xabar berishicha, muloqotda yurtimizda atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish, mazkur tarmoqning tibbiyot va boshqa sohalar rivojidagi oʻrni haqida fikr almashildi.

Maʼlumki, oʻtgan yili oktyabrda Oʻzbekistonda birinchi atom elektr stansiyasini qurish loyihasiga start berilgandi. Oʻsha paytdan boshlab respublikamizda maxsus tashkil qilingan “Oʻzatom” agentligi tomonidan mazkur yoʻnalishdagi ishlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Bu esa, oʻz navbatida, Oʻzbekistonning Xalqaro atom energiyasi agentligi talablari va tavsiyalariga rioya qilishga sodiqligi, xususan, yadro xavfsizligini taʼminlash hamda boshqa yoʻnalishlar bilan bogʻliqdir.

Uchrashuvda Xalqaro atom energiyasi agentligi bosh direktori radiatsion va yadroviy xavfsizlikni taʼminlash hamda kuchaytirish, shuningdek, texnik hamkorlik doirasida loyihalarning amalga oshirilishidan mamnunligini bildirdi. Qayd etilganidek, Oʻzbekistonda AES qurilishi taʼlim tizimini takomillashtirish, yadro-muhandislik fanlari, qurilish sanoati va energetika rivojlanishiga mustahkam zamin yaratadi.

Yukiya Amano Xalqaro atom energiyasi agentligi bundan keyin ham Oʻzbekistonga, shu jumladan, atom elektr stansiyasi qurilishi jarayonida texnik va ekspert yordamini koʻrsatishga tayyorligini bildirdi.

Maʼlum qilinishicha, yaqin kunlarda Toshkentda Xalqaro atom energiyasi agentligi ekspertlari ishtirokida navbatdagi seminar boʻlib oʻtadi.

Fazliddin Abilov (“Xalq soʻzi”) tayyorladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?