Xalqaro armiya oʻyinlariga tayyorgarlik qizgʻin

17:34 24 Iyul 2019 Jamiyat
302 0

Foto: Hasan Paydoyev, "Xalq so'zi"

Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan OAV xodimlari uchun Jizzax viloyatidagi “Forish” togʻ poligonida mediatur tashkil etildi. Tadbir asnosida mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari Azizbek Ikramov mazkur poligonda xorijlik harbiylarni kutib olish uchun yaratilgan sharoitlar, Xalqaro armiya oʻyinlariga ketayotgan qizgʻin tayyorgarlik hamda harbiy xizmatchilarning jangovar shayligi boʻyicha jurnalistlarga atroflicha maʼlumot berdi.

V Xalqaro armiya oʻyinlarining “Harbiy-tibbiy estafeta” yoʻnalishi oʻtkaziladigan mazkur togʻ-dala oʻquv mashgʻulotlari poligonida eng zamonaviy harbiy texnika va barcha sharoitlar mavjud. Bu yerda koʻplab xalqaro hamkorlikdagi dala-oʻquv mashgʻulotlari tashkil etilgan. Mamlakatimizda ilk bor oʻtkaziladigan “Xalqaro armiya oʻyinlari-2019” tanlovining “Harbiy-tibbiy estafeta” yoʻnalishi – harbiy vrachlar va tibbiy boʻlinmalar orasidagi oʻq otish, maxsus tibbiy koʻnikmalarni oshirish, birinchi yordam, yaradorni jang maydonidan olib chiqish shartlarini bajarish boʻyicha musobaqadir. Unda individual mahorat, jamoaviy birinchilik va “Eng yaxshi mexanik-haydovchi” kabi bosqichlarda jamoalar oʻz mahoratini sinovdan oʻtkazadi.

Joriy yilgi musobaqada Armaniston, Angola, Ozarbayjon, Belarus, Rossiya, Vyetnam, Zimbabve, Qozogʻiston, Myanma, Tojikiston va Oʻzbekiston kabi davlatlar jamoalari Venesuela davlati kuzatuvchi maqomida jami 211 ishtirokchi qatnashadi. Maqsad shifokorlar, tibbiyot xodimlari va kichik tibbiy mutaxassislarning harbiy-nazariy bilimlarini chuqurlashtirish va boʻlinmalarning jangovar harakatlarini, tibbiy taʼminotini tashkil etishdir. Shuningdek, tibbiyot mutaxassislarining jang maydonida yaradorlarni qidirish, jamlash va olib chiqish bilan birga birinchi tibbiy yordam koʻrsatish boʻyicha dala koʻnikmalarini takomillashtiriladi.

Tibbiyot mutaxassislarining harbiy-kasbiy faoliyatidagi jismoniy va ahloqiy-ruhiy tayyorgarligi ham baholanadi.

Musobaqada Qurolli Kuchlar qoʻshinlari boʻgʻinida 40 yoshdan katta boʻlmagan, 6 oydan kam boʻlmagan muddat davomida tibbiyot lavozimlarida xizmat oʻtayotgan shartnoma asosidagi harbiy xizmatchilar orasidan harbiy shifokorlar, oʻrta va kichik tibbiyot xodimlari va harbiy-tibbiyot bilim yurtlarining kursantlari ishtirok etadi.

Matbuot anjumanida jurnalistlar oʻzlarini qiziqtirgan savollariga javob oldi.

—Musobaqa ikki — individual va jamoa bosqichida boʻlib oʻtadi, — deydi Mudofaa vazirligi tibbiy taʼminot boshqarma boshligʻi Nosirjon Fozilov. — Shu bilan qoʻshimcha ravishda haydovchilarning mahorati inobatga olinadi. Bundan tashqari, ayollar va erkaklar jamoasi ham otish tayyorligi boʻyicha ishtirok etadi. 

Mediatur ishtirokchilari, shuningdek, “Forish” togʻ-dala poligonida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Bu yerda tashkil etilgan maxsus shaharchada xalqaro musobaqada qatnashadigan davlatlar jamoalari uchun barcha sharoit yaratilgan. Maxsus yotoqxonalar, yuvinish joylari, xalqaro standartlarga mos suzish havzasi, mashgʻulot oʻtash uchun sport zallar, stadionlar shay holatga keltirilgan,

Milliy madaniyatimizni, betakror urf-odatlarimiz, qadimiy meʼmorchiligimiz aks ettirilgan maydonchada har bir viloyatning oʻziga xos anʼanalari ifodalangan koʻrgazmalar tashkil etilgan. Mehmonlar uchun koʻplab milliy taomlar ham tayyorlash rejalashtirilgan.

Mediatur davomida harbiylar tomonidan Oʻzbekiston armiyasininig zamonaviy qurol-yarogʻ va texnikalar boʻyicha maʼlumot berilib, askarlar tomonidan harbiy qoʻl jangi mashgʻulotlaridan namoyish etildi.

Hasan PAYDOYEV, “Xalq soʻzi”.

Muallif olgan suratlar.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?