Xalqaro anjuman: Toshkent shahrida boshlangan mavzu muhokamasi Termizda davom ettirildi

16:35 04 Mart 2020 Jamiyat
399 0

Termiz shahrida “Suriya va Iroqdan qaytarib olib kelinganlarni reabilitatsiyava reintegratsiya qilish boʻyicha Markaziy Osiyo muloqoti: Oʻzbekiston tajribasi” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya oʻz ishini boshladi. Surxondaryo viloyati hokimligi, Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish markazi hamda respublika davlat idoralari bilan hamkorlik uyushtirilgan anjumanda diniy ekstremistik tashkilotlar saflaridan qaytgan shaxslarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish siyosatini olib borish va ularni tinch yashash sharoitlariga moslashtirish boʻyicha Oʻzbekiston tajribasi muhokama markazida boʻldi.

Konferensiyada Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikiston davlatlarining vazirlik, idora va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, Oʻzbekiston Respublikasida akkreditatsiyadan oʻtgan xalqaro tashkilot va diplomatik vakolatxonalar xodimlari, shuningdek, bir qator xorijiy ekspertlar ishtirok etdi. Oʻzbekiston ekspert-tahlil doiralari va jamoatchiligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar, Mehnat, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirliklari, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Prezident huzuridagi strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Respublika reabilitatsiya markazi va boshqa tashkilotlar ham qatnashdi. Tadbirda BMT Taraqqiyot dasturi, YEXHTning mamlakatimizdagi va mintaqaviy vakolatxonalari, AQSHning Oʻzbekistondagi elchixonasi rahbari va vakillari, Nur-Sulton va Bishkek shaharlarining meriyasi rahbariyati, ichki ishlar idoralari, Din ishlari boʻyicha qoʻmita va boshqa tegishli idoralardan iborat qoʻshni Markaziy Osiyo davlatlarining yetakchi ekspertlar ishtirok etmoqda.

Yalpi majlisda “Qaytib kelganlarni reintegratsiya qilishning siyosiy va huquqiy jihatlari: milliy amaliyot sharhi” va “Reabilitatsiya jarayonida ijtimoiy dasturlarning roli” mavzularida maʼruzalar tinglandi.

Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston Respublikasi ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy hayotining barcha sohalarida keng koʻlamli islohotlar doirasida ekstremizm bilan bogʻliq jinoyatlarda ayblangan fuqarolarning sogʻlom hayotga qaytarish maqsadida aholini “jaholatga qarshi maʼrifat” shiori ostidagi radikallashtirishdan erta ogohlantirish doirasida tizimli ish olib borilmoqda. Shu munosabat bilan, davlatimiz Rahbariyati tomonidan diniy va siyosiy xarakterdagi buzgʻunchi gʻoyalar taʼsiriga tushib qolgan Oʻzbekiston fuqarolarini reabilitatsiya qilish yoʻlida maqsadli siyosat olib borilmoqda.

2017-yil iyun oyida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan fuqarolarni reabilitatsiya qilish yoʻlida qatʼiy qadam qoʻyildi. Radikal eʼtiqodlarining xatolarini anglagan va davlat uchun xavf tugʻdirmaydigan radikal harakatlar tarafdorlarning “qora roʻyxatlari” qayta qoʻrib chiqildi.

Oʻzbekiston viloyatlarida mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, huquqni muhofaza qilish organlari, diniy va jamoat tashkilotlari vakillaridan iborat maxsus komissiyalar tuzildi. Ularning maqsadi davlat idoralari bilan birgalikda faol ish olib borgan holda ekstremistik gʻoyalar taʼsiriga adashib tushib qolgan fuqarolarni sogʻlom hayot tarziga qaytarish boʻldi.

Shuningdek, 2018-yilning sentyabr oyida terroristik, ekstremistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilot va guruhlarga adashib kirib qolgan Oʻzbekiston fuqarolarini jinoiy javobgarlikdan ozod etilishi, ularning jamiyatga reintegratsiya qilish imkoniyatini taʼminlash tartibi tasdiqlandi. 2017-yildan beri diniy ekstremistik harakatlarga aloqador shaxslarni reabilitatsiya qilishdagi muhim qadamlardan biri ularga nisbatan afv etish aktlaridan foydalanish boʻldi. Oʻzbekistonda bu chora qamoqda jazo oʻtayotgan 4 mingdan ortiq kishiga nisbatan qoʻllanilib, ular qilgan ishlaridan chin dildan tavba qilgan va oʻzini-oʻzi tuzatish yoʻliga qatʼiy kirishgan insonlardir.

Shu nuqtayi nazardan, nafaqat Oʻzbekistonda, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasida misli koʻrilmagan chora-tadbirlar – “Mehr-1” va “Mehr-2” insonparvarlik harakatlari 2019-yilda mamlakat Prezidenti tomonidan oʻtkazilib, ushbu tadbir doirasida 261 nafar ayol va bola yaqin Sharq va Afgʻonistondagi qurolli toʻqnashuvlar oʻchoqlaridan qaytarildi. Erta reabilitatsiya qilish va jamiyatga reintegratsiyasini osonlashtirish maqsadida bunday kishilarga oʻz vaqtida tibbiy, psixologik, moddiy va maʼnaviy yordam koʻrsatish boʻyicha davlat darajasida chora-tadbirlar majmui amalga oshirildi. Bugungi kunga kelib, barcha repatriantlar tinch hayotga moslashishlari uchun zarur shart-sharoitlar – jamiyatga integratsiyalashuv, taʼlim va boshqa ijtimoiy dasturlarga kirish, shu jumladan uy-joy va bandlik kabi sharoitlar yaratildi.

Kuning ikkinchi yarmida konferensiyaning amaliy qismi sifatida Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi, Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari (mahallalar), “Oila” markazining hududiy boʻlimlari va boshqa tashkilotlarning qaytib kelganlarni reintegratsiya qilish boʻyicha olib borayotgan ishlarini oʻrganish maqsadida Surxondaryo viloyati Termiz shahriga tashrif uyushtirish koʻzda tutilgan.

Tashrif va amaliy tadbirlardan maqsad tibbiy yordam, taʼlim va boshqa ijtimoiy dasturlardan foydalanish, shuningdek, psixologik-ijtimoiy yordam bilan taʼminlash masalalarini oʻrganish; xorijiy davlatlar uchun qizgʻin muhokama qilinadigan masalalar boʻyicha amaliy tavsiyalarni ishlab chiqish; ushbu sohalarda Oʻzbekistonning ijobiy tajribasini mintaqaviy va xalqaro hamjamiyatga yetkazishdan iborat.

Ilhom Rahmatov, 
“Xalq soʻzi” muxbiri.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?