Xalqaro amaliyot va innovatsion imkoniyatlar

10:15 31 May 2018 Iqtisodiyot
422 0

Kecha poytaxtimizda “Davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirishning zamonaviy bosqichdagi holati: xalqaro ilg‘or amaliyot va O‘zbekiston tajribasi” mavzuida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Anjuman “Taraqqiyot strategiyasi” markazi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, Adliya, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirliklari, Bosh prokuratura, BMT Taraqqiyot dasturi hamda boshqa xalqaro tashkilotlarning yurtimizdagi vakolatxonalari ko‘magida tashkil etildi.

Unda mamlakatimiz parlamenti va davlat idoralari vakillari, xalqaro ekspertlar, jumladan, Xitoy, Buyuk Britaniya, Rossiya, Gruziya, Ozarbayjon, Gretsiya, Moldova hamda boshqa davlatlar mutaxassislari qatnashdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar 2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini tubdan oshirish, davlat va jamiyatni har tomonlama jadal rivojlantirish, modernizatsiya qilishda muhim omil bo‘layotganini ta’kidlashdi. Bugungi kunda davlat boshqaruvining mutlaqo yangi, samarali hamda sifatli tizimini yaratish, davlat boshqaruvi va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining uyg‘un faoliyatini tashkil etish dolzarb vazifa sanalishi alohida aytib o‘tildi.

Davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Farmoni bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda. Pirovard maqsad “Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, degan g‘oyani hayotga to‘liq tatbiq etishga qaratilgan.

Konferensiyada Ma’muriy islohotlar konsepsiyasini tatbiq qilishning dastlabki natijalari umumlashtirilib, mazkur sohadagi xorijiy tajriba o‘rganildi. Jumladan, “Davlat xizmatlari sifati va ochiqligini yanada oshirish” deb nomlangan sessiyada ishtirokchilar aholi hamda yuridik shaxslarga davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar ijrosini o‘rgandilar.

Aytib o‘tilganidek, bugungi kunda yurtimizda Davlat xizmatlari markazlari tashkil etilib, ular faoliyati “Fuqarolar emas, hujjatlar harakatlanadi” tamoyili asosida yo‘lga qo‘yilmoqda. Sessiya davomida Gruziya va Ozarbayjon davlatlari vakillari jismoniy hamda yuridik shaxslarga davlat xizmatlari ko‘rsatishni tashkil qilish bo‘yicha o‘z tajribalari haqida gapirib berdilar.

Ikkinchi sessiya professional davlat xizmatining samarali tizimini shakllantirishga bag‘ishlandi. Uning doirasida “Davlat xizmati to‘g‘risida”gi qonun konsepsiyasi taqdim etildi.

Navbatdagi sessiyada davlat boshqaruv tizimini optimallashtirish va modernizatsiyalash yuzasidan qizg‘in muhokamalar bo‘ldi. 2018 — 2021 yillarda “Elektron hukumat” tizimini yanada rivojlantirish strategiyasi haqida batafsil ma’lumot berildi.

Yakuniy sessiya esa davlat hamda jamoat boshqaruvi tizimida fuqarolar va hokimiyat organlarining o‘zaro hamkorligini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlandi.

Anjuman davomida ishtirokchilar “Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portali imkoniyatlari bilan tanishdilar. Fuqarolar portal yordamida parlament palatalari hamda mahalliy (viloyat, tuman va shahar) xalq deputatlari Kengashlariga murojaat yo‘llashlari, shuningdek, qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha taklif hamda tavsiyalar kiritishlari mumkin.

Omonulla FAYZIYEV,
“Xalq so‘zi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?