Xalq taʼlimi vazirligi nega maqolaga rasmiy munosabat bildirmadi?

13:17 14 Avgust 2019 Jamiyat
274 0

Bir mavzuni hadeb “chaynayverish”dan umuman yiroqmiz! Lekin koʻtarib chiqilgan masala jiddiy edi. Vazirlik va viloyat, tuman xalq taʼlimi boshqarma va boʻlimlarida muhokama boʻlganidan, ularni biroz “bezovta” qilganimizdan xabarimiz bor. Butun boshli jamoaning dardu tashvishlarini qalamga olib, ularning ogʻirini yengil qilishga bel bogʻlasangu, mutasaddilar xabardor boʻla turib “gʻing” demasa, alam qilar ekan.

Gap shundaki, joriy yilning 5-iyul kuni xs.uz saytida “Vazirlik diqqatiga: Qoʻshtepa tumanida 32 yil taʼmirlanmagan,taʼmirtalab maktab bor!” sarlavhali tanqidiy-tahliliy maqola eʼlon qilingan edi. Biroq mana bir oydan koʻp vaqt boʻldiki, Xalq taʼlimi vazirligi umuman shu maqolaga negadir rasmiy munosabat bildirmadi.

Xullas, jamoa ham, mahalla va qishloq ahli ham Qoʻshtepa tumanining Oʻqchi qishlogʻidagi 27-maktab falon yilgi, pismadon yilgi dasturga tushadi, taʼmirlaymiz, degan gap-soʻzlar va vaʼdalardan “toʻyib” ketgan. Bunaqa quruq vaʼdalarga keyingi paytlarda mahalla ahli eʼtibor ham bermay qoʻyishgan. Axir, har yili shunaqangi balanparvoz vaʼdalar boʻlavergach, ishonchingiz ham, umidingiz ham yoʻqolib ketaverar ekanda.

Doʻppini bir chetga qoʻyib obdon mushohada qiladigan boʻlsak, tabiiy savollar tugʻilishi aniq. Agar tajribali respublika va viloyat ishchi guruhi aʼzolari maktablarni, yaʼni muammoli obyektlarni joyida borib oʻrgangan boʻlsa, nega 27 maktab ularning nazarlariga tushmadi? Yoki maktabning bu ayanchi ahvoli 3 yillik dasturga kiritilishga arzimaydimi?

Balki Qoʻshtepa tumanidagi 27-umumtaʼlim maktabi maqoladan soʻng tanqidiy qayta koʻrib chiqilib taʼmirlash uchun dasturga kiritilgandir. Xalq taʼlimi vazirligidan vakillar kelishib mahalla va qishloq ahli, maorifchilar jamoasi bilan yuzma-yuz koʻrishib suhbatlashib haqiqiy ahvolni tushuntirishib, masala ijobiy hal etilgandir. Bu yogʻi bizga qorongʻu. Agar Xalq taʼlimi vazirligi bir oy avval chop etilgan maqolaga tez fursatda munosabat bildirganda edi, yuqorida keltirilgan taxminiy fikrlarimizni aytmagan boʻlarmidik...


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?