XTV mutasaddisining antiqa “yechimi”ga tilchi qizlar nima deydi?

19:17 14 Iyul 2020 Jamiyat
1088 0

Chekka hududlarda ingliz tili oʻqituvchilari yetishmovchiligi boʻyicha xalq taʼlimi vaziri birinchi oʻrinbosari Dilshod Kenjayevning televideniyeda bildirgan fikri bugun ijtimoiy tarmoqlarda qizgʻin bahs-munozaralarga sabab boʻlmoqda. Vazir oʻrinbosarining fikricha, universitetda ingliz tili yoʻnalishini tamomlagan qizlarni chekka hududlardagi yigitlarga turmushga uzatish orqali qishloqlardagi ish oʻrinlarini toʻldirish mumkin. Shunda kadr yetishmovchiligi maʼlum qadar bartaraf boʻladi. Xoʻsh, bunga qizlar nima deydi? Keling, ularning fikriga quloq solib koʻramiz.

Chet tili oʻqituvchisi chetda ishlay oladimi?

Maʼlumki, oliy taʼlim muassasalarida taʼlim oluvchi talabalarning koʻp foizini chekka hududlardan kelgan yoshlar, ayniqsa, xorijiy til mutaxassisligi yoʻnalishi talabalarining aksariyat qismini qizlar tashkil etadi. Ammo ular oʻqishni tamomlagach oʻz hududlariga qaytib dars berishni xohlashmaydi. Nega?

Malohat Yoqubjonova, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti talabasi:

— Sababi aksariyat xorijiy til mutaxassisligiga oʻqigan talabalar bilimini chekka hududlarda emas, xalqaro doiralarda koʻrsatishga intiladi. Aslida chet tili oʻqituvchisi chetda, yaʼni chekka hududda ishlay oladimi? Ishlay oladi. Faqat sharoit yaxshi boʻlsagina. Oʻzini hududiga oʻz ixtiyori bilan qaytib, dars beruvchi oʻqituvchilarga markazlardagi maktablarga qaraganda koʻproq ijtimoiy imtiyozlar, kengroq imkoniyatlar, moddiy ragʻbatlar joriy etish kerak deb oʻylayman.

Chekka hududlarda pedagoglarning yetishmasligi bir Oʻzbekistonda emas-ku, xorijiy davlatlarda ham bunday muammolar hozirgacha uchraydi. Ular qanday yoʻl tutayotganini ham bir koʻzdan kechirish kerak. Deyarli hamma sohada jahon tajribasidan andoza olayotgan bir paytimizda vazir oʻrinbosarining bunday fikrga borishimiz, nazarimda kulgili...

“Men ingliz tilini bitirganman va qishloqqa kelin boʻlganman...”

Shu oʻrinda maʼrifatparvar ajdodimiz Fitratning bir gapi yodimizga keladi: Hayot yoʻlida birinchi masala – maktab masalasidir. Shunday ekan, taʼlim masalasi har nedan muhimdir. Chekka hududlarda ishlab yurgan oʻqituvchilar bu borada qanday fikrda?

Nafisa Ortiqova, Fargʻona viloyati, Uchkoʻprik tumani, 29-maktab ingliz tili oʻqituvchisi:

— Men ingliz tilini bitirganman va qishloqqa kelin boʻlganman. Oʻqishni tamomlaganimga olti yil boʻldi. Men ham dastlab dunyo kezishni, ilmiy izlanishlar qilishni orzu qilgandim. Shuning uchun astoydil oʻqidim va universitetni muvafaqqiyatli tamomladim. Ammo oʻqishni tamomlagach qishloqqa qaytdim. Bugun oʻzim ishlab angladimki, chekka hududlardagi yoshlarni darslarga qiziqtirish juda qiyin. Xoh pedagogik mahorat bilan, xoh qattiqqoʻllik bilan boʻlmasin, chetdagi bolalarning ilmga qiziqishi sust. Nazarimda ularning oilalariga tushuntirish ishlarini olib borish kerak. Toki ota-onalar oʻgʻilu qizini birday oʻqitsin, oliy maʼlumotli kadr, kerakli inson qilib voyaga yetkazsinlar.

Pedagogga nima kerak?

Bugun taʼlim tizimining ichkarisida, dastlabki pogʻonalarida ham chigallikni koʻp kuzatamiz. Masalan, 1-sinf oʻquvchilariga inglizcha soʻzlar yodlattiriladi, 2-sinfdan esa oʻsha til alfaviti oʻrgatish boshlanadi. Aslida teskarisi boʻlishi kerakmasmi? Qolaversa, birgina mavzu bir nechta (masalan, fruits mavzusi uchta) darsga boʻlib tashlangan. Bola yangilikka oʻch, uch dars bir narsani tushuntirish uni fandan zerikishiga olib kelmaydimi? Oʻqituvchi oʻz uslubi boʻyicha dars oʻtishni xohlasa belgilangan dasturdan chetga chiqmagan holda, qoʻshimcha sifatida oʻrgatishi talab etiladi. Bunga esa 45 daqiqa kamlik qiladi. Taʼlim tizimidagi shu kabi chalkashliklar ham yoshlarni sohadan yiroqlatmayaptimikan?

Shahzoda Salimova, abituriyent:

– Men bu yil ingliz tili filologiyasi boʻyicha universitetga oʻqishga topshiraman, ammo kelgusida qishloqlarda dars berib yurishni xohlamayman. Negaki chekka hududlardagi yoshlar ilm olishdan ham koʻproq hunar oʻrganishga qiziqadi. Qolaversa, maktablarda tizimda belgilangan qatʼiy dastur boʻyicha dars oʻtiladi. Pedagog ham ijodkor. U ham oʻzi xohlaganday dars oʻtishni, “ijod” qilishni xohlaydi. Agar oʻzi xohlaganday ishlolmasa ishida ham unum boʻlmaydi, oʻzi ham yuksalmaydi.

Bundan tashqari, har yili 10 mln. dan ortiq shartnoma toʻlab, soʻng 1 — 1,5 mln. oylikka ishlash hammaga ham yoqavermaydi. Ragʻbat va qulay muhit har qanday kasb egasini yaxshi ishlashga ruhlantiradi. Pedagogga ham aynan shu kerak.

Chaman Jonuzoqova, Toshkent gidrometeorologiya kasb-hunar kolleji ingliz tili oʻqituvchisi:

— Davlat grantlari asosida oʻqigan talaba uch yil ishlaganidan soʻng diplom oladi, balki mana shuni maqsadli yoʻnaltirish kerakdir. «Byudjet»da oʻqigan yoshlarni kadr yetishmaydigan hududlarga ishga yuborish masalasi yaqinda koʻtarilgan edi. Mana shunga jiddiy eʼtibor qaratilsa arziydi.

Yuqoridagi fikr-mulohazalarga koʻra, chekka hududlardagi sharoitlar bilan atroflicha tanishib chiqish lozim. Dars soatlari nega talash? Oylik kamligidanmi yoki kadr yetishmovchiligidan? Nega chekka hudud yoshlarida ilm olishga ishtiyoq sust? Ularga qanday amaliy koʻmak berish mumkin? Shu kabi savollarga javob topish kerak. Soʻrovnomalar, ochiq muloqotlar oʻtkazib, hududlarda toʻgaraklar, repetitorlik markazlari, transport qatnovi kabi jihatlarni Xalq taʼlimi vazirligi hududlardagi boshqarmalari bilan birgalikda koʻzdan kechirsa, shundan kelib chiqib sharoitlar yaratsa, biz koʻzda tutgan muammo birdaniga boʻlmasa-da, asta-sekinlik bilan bartaraf boʻladi. Ammo universitetda ingliz tili yoʻnalishini tamomlagan qizlarni chekka hudud yigitlariga turmushga uzatish bilan muammoga “yechim” yasash mantiqan notoʻgʻri. Zero, vijdon erkinligi, shaxs daxlsizligi bosh qomusimizda ham qatʼiy belgilangan.

Sizning fikringiz qanday?

Yulduz OʻRMONOVA,
“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?