Xalq taʼlimi vazirligi diqqatiga: maktab direktori haqmi, tuman hokimligi?

17:01 29 Yanvar 2019 Jamiyat
838 0

Foto: Muallif olgan surat.

“Xalq soʻzi ONLINE”. Elyor Ehsonov/Fargʻona. 2018 yilning sentyabr oyida internet saytlari orqali Quva tumanida joylashgan 50-maktabning 0,61 gektar filial hududi tadbirkor tomonidan noqonuniy egallab olinganligi haqida tanqidiy maqola eʼlon qilingan edi. Bayon etilayotgan ushbu mavzu doirasidagi ishlar shu darajaga borib yetdiki, oqibatda tuman hokimligi va maktab maʼmuriyati 11 oy davomida uch marta sudlashdi.

2018 yil sentyabr oyida Quva tumani maʼmuriy sudining sayyor sudi boʻlib oʻtdi. Unda nizoli vaziyat maktab foydasiga hal boʻldi. Sud hukmiga asosan, Quva tumani hokimligiga yer maydoni va mulkka egalik qilish huquqini berish hamda “Yermulkkadastr” davlat korxonasiga Quva tumani filiali maktab mulkiga egalik qilish xujjatlarini tayyorlab berish majburiyati yuklandi. Shundan soʻng Quva tumani hokimligi devonxona mudiri Nabijon Mamarasulov hokimlikning ishonchli vakili sifatida Fargʻona viloyati maʼmuriy sudiga apellyatsiya tartibida shu ishga nisbatan shikoyat bilan chiqdi. 2018 yil noyabr oyida esa Fargʻona viloyati maʼmuriy sudida 3 marta sud jarayoni boʻlib oʻtdi. Natijada viloyat maʼmuriy sudi yakuniy qarorni qabul qilmadi va Quva tumani maʼmuriy sudi qarorini bekor qilib, ishni qayta koʻrib chiqish uchun Quvasoy shahar maʼmuriy sudiga yubordi. Quvasoy shahar maʼmuriy sudida maktab direktori N. Mahmudovning arizasini qanoatlantirish rad etildi. Yaʼni maktab ixtiyorida boʻlgan yer maydoni hamda mulk maktab balansidan olindi. Ammo maktab maʼmuriyati bu qarorga rozi boʻlmadi va Quvasoy maʼmuriy sudi qaroridan noroziligini bildirib, yana Fargʻona viloyati maʼmuriy sudiga kassatsiya tartibida shikoyat arizasi yozdi...

Bizningcha, bu nizoli holatlar hali uzoq davom etadi.

Kassatsiya tartibida yaqin kunlarda boʻlib oʻtadigan sud qanday qarorga keladi? Kim xaq, kim nohaq ekanligini aniqlash sudning hukmiga havola. Lekin bu mashmashalar qachondir oʻz yakuniga yetishi kerak-ku! Shuning uchun ayrim mulohazalarni sizlar bilan oʻrtoqlashish niyatidamiz.

Maktab maʼmuriyati uchun bu filial inshoot nega zarur?

Moslashtirilgan va 9 yillikka iqtisoslashtirilgan 50-maktabda 360 nafar oʻquvchi ikki smenada taʼlim oladi. Ularning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazishi, ovqatlanishi, tadbirlar tashkil etish uchun qoʻshimcha bino yoʻq. Ustiga-ustak, 11 yillik majburiy taʼlim tizimiga oʻtilganligi bois sinf xonalarining yetishmasligi boshlandi. Bilim dargohiga yangi oʻquv yilidan yana 2 ta sinf oʻquvchilari qabul qilinadi. Mingchinor va Paxtaobod qishloqlarida bunyod etilgan namunaviy uylarda yashovchilarning salmogʻi ortganligi uchun maktabga qatnovchilar soni koʻpaydi. Maktabda oʻqituvchilar xonasi, kutubxona, faollar zali, oshxona yoʻq. Shuning uchun maktab maʼmuriyatining qoʻshimcha maydon va binoga ehtiyoji katta.

Mashmashalar qanday boshlandi?

2017 yilga qadar yer maydonidan maktab maʼmuriyati foydalanib kelardi. Shu yili Noʻmonjon Mahmudov muassasaga direktor etib tayinlandi. Shunda Turk qishlogʻida yashovchi Toʻlqin Poʻlatov maktab balansidagi boʻsh yotgan binodan vaqtincha foydalanib turishni soʻraydi. Direktor ish endi boshlaganini, yangi oʻquv yilidan 10-11-sinflar qabul qilinayotganligi sababli boʻsh binoga ehtiyoji borligini aytadi. Qolaversa, maktab kadastr hujjatlarini tayyorlash harakatida yurganini taʼkidlaydi. 2018 yilning aprel oyigacha bu masala qayta koʻtarilmadi. Aprel oyida direktor malaka oshirishga ketganda Toʻlqin Poʻlatov mahalla fuqarolar yigʻini raisining qarorini koʻrsatib, noqonuniy tarzda binoni egallaydi.

“Maʼrifat” gazetasining 2018 yil 19 sentyabrdagi Fargʻona viloyati Quva tumanidagi 50-maktab atrofida sodir boʻlayotgan voqea-hodisalar haqida chop etgan tahliliy maqolasida Quva tumani hokimi va “Yermulkkadastr” davlat korxonasi Quva tumani filiali boshligʻining mana bu intervyulari keltiriladi:

— Ushbu nizoli bino 2018 yil mart oyida Prezident devoni ishchi guruhi tumanimizda oʻrganish olib borgan payt boʻsh yotgan binolar roʻyxatiga kiritilgan, — deydi tuman hokimi H. Umarov. — Boʻsh turgan bino tadbirkor Toʻlqin Poʻlatovga berilgan. U bu yerda tikuvchilik faoliyatini olib boryapti. Eng asosiysi, bino ostidan “Asakaneft” korxonasining quvuri oʻtgan boʻlib, har qanday inshoot qurish taqiqlanadi. Shu masala koʻtarilganda, korxona mutasaddilari rasmiy maʼlumot berishdi. Demak, bino loyiha talabiga mos qurilmagan. Uni buzib tashlash kerak. Ammo hozircha foydalanib turilgani uchun buzilmadi.

“Yermulkkadastr” davlat korxonasi Quva tumani filiali rahbari Jasur Mamajonov:

— Bino, haqiqatan ham, 1992 yilda maktab balansiga oʻtgan. Shu yillar davomida maktab undan foydalanib kelgan. Ammo buni tasdiqlovchi hech qanday hujjat boʻlmagani uchun ayni kunda uning kadastr hujjatlarini tayyorlab bera olmadik.

Yer maydoni hamda undagi bino va inshootlar aslida kimga tegishli?

— Chaman (sobiq Boʻston) koʻchasida joylashgan yer maydoni hamda bino va inshootlar 1992 yildan beri maktabimiz balansida turadi, — deydi maktab direktori Noʻmonjon Mahmudov. — Bunga bizda yetarli asos va hujjatlar bor. Masalan, 2005 yil 16 dekabrda M. Sherboʻtayev nomli shirkat xoʻjaligining tugatilishi munosabati bilan Vazirlar Mahkamasining 1997 yil 26 sentyabrdagi “Idoraga qarashli ijtimoiy soha obyektlarini joylardagi davlat hokimiyati organlari balansiga bosqichma-bosqich oʻtkazish toʻgʻrisida”gi 453-sonli qaroriga asosan, shirkat xoʻjaligi balansidagi shu bino va jihozlar xalq taʼlimi boʻlimi balansiga begʻaraz hisobda (hujjatda 17-qator) oʻtkazib berilgan. Bundan tashqari, shu kunga qadar barcha soliqni toʻlab kelganmiz. Buning hammasi respublika UzASBO internet saytida va 2008 — 2013 yillardagi tovar-moddiy hisoblar boʻyicha aylanma vedomost hujjatlarida ham oʻz aksini topgan. Biroq tuman hokimining topshirigʻiga koʻra, bino hokimlik balansiga olinib, tadbirkorga berilishi aytildi. “Yermulkkadastr” tuman filialida kadastr hujjatlari tayyorlash uchun bino maktab balansida ekanligini tasdiqlovchi hujjat yoʻq, degan xulosaga kelindi va kadastr hujjatlari tayyorlab berilmadi.

Qizigʻi shundaki, surishtiruvlarimiz va xujjatlar bilan tanishish davomida tuman xalq taʼlimi boʻlimi bu dolzarb masala bilan umuman qiziqmagandek, 50-maktab maʼmuriyati bilan yakdil emasdek koʻrindi. Chunki tuman xalq taʼlimi boʻlimi mudiri nomidan shu kungacha masalaga doir tegishli tashkilotlarga birorta xat, iltimosnoma va yoki murojaat shaklidagi rasmiy xatlar yuborilganligiga guvoh boʻlmadik. Toʻgʻri, viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi boshligʻi M. Turdimatov Quva tumani hokimi H. Umarovga 2018 yil 10 iyul kuni 03-1/2074-sonli xat yuborib, tuman hokimidan maktabning kadastr xujjatlarini tayyorlashda amaliy koʻmak berishini va “Turk” MFYda yashovchi tadbirkor T. Poʻlatovni maktab binosidan chiqarib yuborish choralarini koʻrishini soʻraydi. Ajablanarli tomoni shundaki, oradan qariyb uch oy vaqt oʻtib Fargʻona viloyati xalq taʼlimi boshqarmasining 2018 yil 8 noyabr kungi 04/2981 sonli Fargʻona viloyati maʼmuriy sudiga yuborgan xatida umuman boshqa manzara aks etadi. Yaʼni umumtaʼlim va maktabdan tashqari muassasalarning yer uchastkalari hamda koʻchmas mulkini Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi vaziri bilan kelishmasdan begonalashtirish taqiqlanishini (PQ-3931-sonli qaror) eslatib oʻtmasdan, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 122-F-sonli farmoyishidagi qoidalar umumiy oʻrta taʼlim muassasalariga nisbatan tatbiq qilinmasligi toʻgʻrisida xulosa beradi. Shu xat asos qilingan holda, Fargʻona viloyati maʼmuriy sudi Quva tumani maʼmuriy sudi qarorini bekor qilib, qayta koʻrib chiqish uchun Quvasoy shahar maʼmuriy sudiga yubordi.

Hokimlik haqmi, maktab maʼmuriyati?

Maktab direktori N. Mahmudovning taʼkidlashicha, viloyat xokimi ishtirokida 2018 yil 20 iyun kuni xalq deputatlari Quva tumani Kengashining 41-sessiyasi boʻlib oʻtadi. Unda tuman Kengashi deputati A. Teshaboyev ushbu masalani Kengashga qoʻyadi, unda viloyat hokimi hozirgi Turk qishlogʻi, Chaman koʻchasidagi maktab binosi 2019 yil davlat dasturiga kiritilishini taʼkidlaydi. Biroq shu kuni, yaʼni 2018 yilning 20 iyunida negadir shoshilinch ravishda tuman hokimi 1065-sonli qarorini chiqaradi. Unda 50-maktabning “Turk” mahalla fuqarolar yigʻinida joylashgan 0,6176 gektar yer maydoni dalolatnoma tuzilmasdan tuman zaxirasiga olinadi. Tartib boʻyicha dalolatnoma qaroroldi muhim xujjat boʻlsa-da, dalolatnoma qaror chiqarilgandan keyin — 2018 yil 4 iyulda tuziladi. Buning ustiga, mazkur dalolatnomaga Quva tumani xalq taʼlimi boʻlimi mudiri D. Yunusov imzo chekmaydi. Qizigʻi shundaki, Quva tumani hokimi shu qarorni qabul qilganidan 3 kun oʻtib — 2018 yil 23 iyun kuni yana 1125-sonli “Turk” MFY, Turk qishlogʻida joylashgan 50-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabi filial bino va inshootlarini tuman hokimligi balansiga olish toʻgʻrisida”gi qarorga imzo chekadi. Tabiiy savol tugʻiladi, bir yerga nisbatan uch kun ichida ikki marta qaror chiqarish nimadan dalolat beradi?!

Vaholonki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 sentyabrdagi PQ-3931-sonli qarori, 10-bandi, 10-xatboshisida umumtaʼlim va maktabdan tashqari muassasalarning yer uchastkalari hamda koʻchmas mulkini Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi vaziri bilan kelishmasdan begonalashtirish taqiqlangan. Yana bir fakt — maktab direktori N. Mahmudovning 2018 yil 24 dekabr kungi shu mazmundagi iltimosnomasiga xalq taʼlimi vaziri Sh. Shermatovning 2019 yil 9 yanvar kungi 01-03/4-16-sonli javob xatida ham xalq taʼlimi vaziri bilan kelishilmaganligi va bu belgilangan tartibga zid ekanligi bayon qilingan.

Xulosa oʻrnida

Sudlashish jarayoni, hujjatbozliklar oʻz yoʻliga. Kim haq ekanligini odil sud aniqlaydi. Biroq maktab balansidagi yer maydoni va bino olib qoʻyilgani bilan maktabdagi sinfxonalar hamda joyning yetishmasligi kabi qator toʻplanib qolgan muammolar hal boʻlib qolmaydi-ku. Yoki shu talash hudud hokimlik zaxirasiga olinib, tadbirkorga berilgan taqdirda ham yer ostidan Asaka neft quvuri oʻtganligi bois kelajakda yangi innovatsion loyihalar asosida shu 0,61 gektar maydonga yangi inshoot qura olmaydi-ku?! Bu bahsli va muammoli holatni hal etishning boshqa muqobil variantlarini tuman xalq taʼlimi, viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi, tuman hokimligi nega oʻrtaga tashlamayapti?! Masalan, 2019 yilda 50-maktabda bir qavatli inshootlar oʻrniga ikki qavatli oʻquv binosini qurishni dasturga kiritish kabi har ikki tomon rozi boʻladigan takliflar berilishi mumkin-ku. Bizning-cha, mutasaddilar aynan shu masalalar ustida bosh qotirishi zarur. Shunda maktab maʼmuriyati 11 oy davomida sudma-sud sarson yurmagan, tuman hokimligining esa “boshi ogʻrimagan” boʻlar edi.

Tahririyatdan: Ushbu maqola yuzasidan xalq taʼlimi vazirligi, Fargʻona viloyati xalq taʼlimi boshqarmasi, Quva tumani hokimligi mutasaddilaridan javob kutib qolamiz.

Taniqli fransuz sarkardasi Napoleon Bonapart “Insonni harakatga keltirish mexanizmining ikkita richagi bor: biri qoʻrquv, biri manfaatdorlik!” degan ekan. Xulosa oʻzingizdan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?