Xalq taʻlimi vaziri oʻrinbosari: “Maktablarda va umuman, xalq taʻlimi tizimida muammolar juda koʻp. Bu yerda gʻirromlik qilishning ham, yashirishning ham keragi yoʻq”

11:54 25 Avgust 2018 Jamiyat
970 0
Arxiv foto

Xalq taʻlimi vaziri oʻrinbosari Otabek Nazirov hozirda Oʻzbekiston taʻlim tizimidagi boshqarmalarga eng yetuk, malakali kadrlarni jalb etish imkonini beradigan hujjatni tayyorlash ustida ish olib borilayotganini maʻlum qildi. Bu haqda Sof.uz xabar berdi.

“Maktablarda va umuman, xalq taʻlimi tizimida muammolar juda koʻp. Bu yerda gʻirromlik qilishning ham, yashirishning ham keragi yoʻq. Birinchi navbatda oʻzimiz bilan ochiq boʻlishimiz va bizga nima halal berayotganini aniqlashimiz kerak. Bizga halal berayotgan birinchi narsa, mening nazdimda - bu bilimga boʻlgan munosabat”, - dedi vazir oʻrinbosari.

Maktab yana obroʻ-eʻtiborga ega maskanga aylanishini, insonlar u yerga talpinishini, bolalar aʻlochi oʻquvchi boʻlish - bu zoʻr, deb aytishlarini xohlar ekanmiz, bilimga boʻlgan munosabatni oʻzgartirishimiz kerak”, deydi vazir oʻrinbosari Nazirov.

Ayni vaqtda vazirlik barcha resurslarni mana shu maqsadlar uchun safarbar etish ustida ish olib bormoqda.

“Bu bizga tuman va viloyat xalq taʻlimi boshqarmalariga eng yaxshi kadrlarni jalb etish imkonini beradi. Agar zarurat boʻlsa, chet eldan mutaxassislarni, chet eldagi vatandoshlarimizni jalb qilishga tayyormiz”, - dedi vazir oʻrinbosari.

Shuningdek, u bu jarayonda jamiyat muhim oʻrin tutishini alohida taʻkidladi.

“Maktabdagi jarayonlarga ota-onalar jalb etilmasa, jamiyat bunga befarq qarasa, bu sohada muvaffaqiyat qozonish mumkin emas”, - dedi u

Eslatib oʻtamiz, Xalq taʻlimi vaziri oʻrinbosari sifatida faoliyat yuritayotgan Otabek Nazirov 1975 yili Toshkentda tugʻilgan. AQSHning Nyu-York shtatidagi Stouni-Bruk Davlat universitetida makroiqtisodiyotchi mutaxassisligini egallagan.

Turli yillar davomida AQSHning “GOLDMAN SACHS GROUP”, Moskvadagi “TROYKA DIALOG” va “BANK MDM”, Vashingtondagi “THE AVACENT GROUP” hamda Nyu-Yorkdagi “JP MORGAN CHASE” kompaniyalarida faoliyat yuritgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?