Xalq taʼlimi vaziri oʻqituvchilarni umumxalq hashariga chorlab murojaat bilan chiqdi

13:32 17 Avgust 2019 Jamiyat
173 0

Xalq talimi vaziri Sherzod Shermatov oʻzining feysbuk sahifasi orqali taʼlim tizimi xodimlariga murojaat qildi. U oʻz murojaatida 17-18-avgust kunlari soxa xodimlarini umumxalq xayriya hasharida faol ishtirok etishni soʻragan.

Vazir murojaatida yangi oʻquv yili arafasida qurilish va taʼmirlash endi yakuniga yetgan maktablarni oʻquv yiligacha tozalab oʻquvchilarni qabul qilishga tayyorlash juda muhim, deydi.

Shuningdek, Shermatov yillar davomida nafaqat taʼlim, balki boshqa sohalarda ham muammolar yigʻilib qolganini aytib, odamlardan ushbu muammolarni hal etishda faollik koʻrsatishlarini soʻragan.

Quyida vazirning toʻliq murojaatini keltiramiz.

Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov:

«Urushdan keyin Koreya, Yaponiya kabi davlatlar xalqining koʻmagi va fuqarolarining taʼlimga eʼtibori tufayli qisqa muddatda oyoqqa turganini koʻpchilik yurtdoshlarimiz eshitgan, menimcha. Urush davridagi shuncha qiyinchiliklarga qaramasdan bisotidagi bor narsani, hatto tilla taqinchoqlarigacha berib mamlakatning iqtisodiyotini koʻtarishga koʻmaklashgan.

Xudoga shukrki, bizda tinchlik. Lekin yillar davomida maktablarga eʼtibor berilmagani sababli tizimda juda koʻp muammolar yigʻilib qolgan. Ularni faqat birgalikda hal etishimiz mumkin.

Vazirlar Mahkamasining farmoyishiga asosan 17−18-avgust kunlari mamlakatimiz miqyosida umumxalq xayriya hashari oʻtkaziladi. Shu munosabat bilan barcha oʻzbekistonliklarni ana shu imkoniyatdan foydalangan holda maktablarimizni yangi oʻquv yiliga yanada yaxshiroq tayyorlashga yordam berishga chaqirmoqchimiz.

Maktab obod va fayzli boʻlsa, farzandlarimiz shu obod joyda oʻqib yanada yaxshiroq natijalar uchun harakat qiladilar. Agar hammayoq besaranjom boʻlsa, xuddi “singan oynalar” nazariyasidek ahvol va muhit yanada yomonlashaveradi.

Yillar davomida nafaqat taʼlim, balki boshqa sohalarda ham muammolar yigʻilib qolgan. Ularni hal qilish esa juda katta pulga borib taqaladi. Iqtisodiy ahvolimiz qanday ekanini koʻpchilik his qilib turibdi deb oʻylayman. Shuning uchun, taʼlimga ajratilayotgan pul yetarli emasligini bilamiz, ammo falon masalani hal qilish uchun qachon pul beriladi deb kutib hech narsa qilmasdan ham turolmaymiz. Bolalarimiz sentyabrdan oʻqishi kerak.

Toʻgʻri, bunga majbur emasmiz, ammo bolalarimiz uchun, ularning munosib sharoitda oʻqib voyaga yetishi uchun shu ishni qilishga chorlaymiz. Ayniqsa, yangi oʻquv yili arafasida qurilish va taʼmirlash endi yakuniga yetgan maktablarni oʻquv yiligacha tozalab oʻquvchilarni qabul qilishga tayyorlash juda muhim.

Millat sifatida birdamligimizni koʻrsatadigan vaqt keldi. Avloniy aytganidek, taʼlim-tarbiya biz uchun hayot va mamot masalasidir!»

OʻzA


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?