Xalq tabobati tibbiy yordam koʻrsatishning qoʻshimcha usuli sifatida tan olinadi

13:59 17 Oktyabr 2018 Jamiyat
861 0
Illyustrativ foto

Prezidentimizning “Oʻzbekiston Respublikasida xalq tabobati sohasini tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorga asosan, xalq tabobati aholiga tibbiy yordam koʻrsatishning qoʻshimcha usuli sifatida tan olinadigan boʻldi. Hujjat tabiblarni tibbiyotning ilgʻor yutuqlari bilan tanishtirish, oʻqitish, xullas, ikki yoʻnalishni uygʻunlashtirishga xizmat qiladi.

Maʼlumotlarga koʻra, bugungi kunda turli dorivorlar-u, noanʼanaviy usullarda ish yuritayotgan tabiblarning soni 30 mingdan oshib ketdi. Respublikadagi mavjud 4250 dan ortiq xususiy tibbiyot muassasalarning 516 tasida esa xalq tabobati usullari qoʻllanilmoqda.

Achinarlisi, bunday tartibsiz vaziyat tabibman, deb aslida firibgarlik bilan shugʻullanayotgan shaxslarga ham keng yoʻl ochib berdi. Chunki, xalq tabobatining samarasini, ular qoʻllayotgan usullarning asl taʼsirini hech kim oʻrganmadi, tibbiy nazoratini ham olib bormadi.

Qaror endilikda xalq tabobati boʻyicha toʻplangan boy tajriba va salohiyatdan samarali foydalanish hamda uni zamonaviy tibbiyotga uygʻunlashtirishga katta turtki beradi. Chunki, dunyoning 130dan ortiq davlatida aynan shunday yoʻl tanlangan.

Shuningdek, xalq tabobati xizmatlarini koʻrsatuvchilarni oʻqitish, ularga zamonaviy tibbiyotdagi tashxis va davolash muolajalarini toʻliq qoʻllay olishlari uchun Respublikadagi tibbiyot oliy oʻquv yurtlarining “Davolash ishi”, “Pediatriya ishi”, “Tibbiy-pedagogika ishi” bakalavriat yoʻnalishlaridagi oʻquv dasturlariga xalq tabobati boʻyicha maxsus oʻquv sikli joriy etiladi.

Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida esa xalq tabobati kafedrasi va “Xalq tabobati” yoʻnalishi boʻyicha malaka oshirish kurslari tashkil qilinadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?