“Xalq so‘zi”ga haqiqatni aytgan bog‘cha mudirasi tazyiqqa olinmoqda

16:14 16 Iyul 2018 Jamiyat
952 0

Bugun ommaviy axborot vositalari xalq va davlat idoralari o‘rtasidagi ko‘prik vazifasini o‘tamoqda. Asosiy vazifa esa turli muammo va kamchiliklarga rahbarlar e’tiborini tortishdir.

“Xalq so‘zi” gazetasining 2018 yil 10 iyul sonida chop etilgan “Xalq ishonchi har bir rahbar faoliyatining mezoni bo‘lsin!” sarlavhali maqola ham xuddi shu maqsadga qaratildi. Unda “Obod qishloq” loyihasi amalga oshirilayotgan Qamashi tumani Chim qishlog‘idagi 18-maktabgacha ta’lim muassasasida bolalarning ovqatlanishi uchun bir oydan buyon oziq-ovqat mahsulotlari berilmayotgani, yotoqxona joylari yetishmasligi hamda bog‘chaning ta’mirga muhtojligi tilga olingan edi.

Maqola e’lon qilinganidan keyin bog‘chaning musiqa o‘qituvchisi Yusuf Mardonov telefon qilib, muassasaga e’tibor qaratish o‘rniga intervyu bergan odamlarga tuman hokimligi vakillari tomonidan tazyiq o‘tkazilayotgani haqida xabar berdi. Gap nimadaligini aniqlash maqsadida bog‘cha mudirasi Dilfuza Shoxliyeva bilan bog‘lanib, haqiqiy ahvol haqida so‘rab-surishtirdik.

Ma’lum bo‘lishicha, gazeta chiqqanidan so‘ng bog‘chadagi ahvolni yaxshilash, bolalarni uzluksiz oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash choralarini ko‘rish o‘rniga bog‘cha mudirasiga intervyu bergani va bu yerdagi haqiqiy ahvolni matbuot vakiliga ko‘rsatgani uchun bog‘chani yopib qo‘yish haqida tahdid qilingan.

“Hokimiyat vakillari, tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi boshlig‘i Saodat Abirova kelib, nega jurnalistlarni kiritdingiz, nega hamma gapni aytasiz, deb, men bilan janjal qildi. Biz ota-onalarning to‘lov badalidan oziq-ovqat sotib olib beryapmiz, sababi bo‘lim tomonidan mana ikkinchi oy o‘tyapti hamki, oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlanmadi. Sababini so‘rasak, birjadan hali sotib olinmagan, deyishdi. Lekin shartnoma qaysi tashkilot bilan qilinganligini ham bilolmadik. Bog‘chamizning ahvolidan esa ota-onalar oldida ham uyalamiz”, — deydi bog‘cha mudirasi.

Iyul oyida kartoshka, yog‘, guruch, grechka, ozroq go‘sht berishdi xolos. Boshqa mahsulotlarni o‘zimiz sotib olishga majbur bo‘lyapmiz. Bog‘chaga berilgan kartoshka chirib ketgan. Undan taralgan badbo‘y hidga chidab bo‘lmaydi. Men bularni televideniyega ham ko‘rsataman, desam, “Qo‘lingdan nima keladi? Nima qila olasan?”, deyishdi. Ota-ona to‘lov badalidan oziq-ovqatga ishlatish nizomda ko‘rsatilmagan, vznosni to‘lamasangiz muassasani yopamiz, deb tahdid qilishdi. Xo‘sh, oziq-ovqat berilmasa, biz bolalarga tushlikda nima beramiz. Hozirgi pishiqchilikda bolalar sarxil meva-sabzavotlar iste’mol qilishi kerak. Lekin mana ikki oy bo‘lyaptiki, ular ikki oydan buyon bu mevalarni ko‘rgani yo‘q. Holbuki, bolalar bunday paytda ratsion bo‘yicha kaloriyali mahsulot iste’mol qilishlari zarur. Buning uchun davlat tomonidan mablag‘ ajratiladi. Tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi boshlig‘i esa “Bir xil ovqat qilinglar, chuchvara yoki mastava ham bo‘laveradi bolalarga. Biz ta’minlay olmaymiz”, degan javobni berdi. Ota-onalar to‘laydigan badal hisobiga amal-taqal qilib oziq-ovqat sotib olganimiz uchun hozir oylik vznos to‘lovidan qarz bo‘lib turibmiz.

Mazkur maktabgacha ta’lim muassasasida tanqidiy chiqishdan so‘ng ijobiy o‘zgarishlar yuz bergandir, degan fikrda edik. Lekin afsuski, Qamashi tumanida buning teskarisi yuz berdi. Mayli, mutasaddi rahbarlarning munosabati o‘z yo‘liga. Lekin oyni etak bilan yopib bo‘larmidi. Bugun bor haqiqatni ochiq aytish va bundan tegishli xulosa chiqarish talab etilmoqda. “Qo‘lingdan kelganini qil” qabilidagi zo‘ravon munosabatning esa endi davri o‘tdi. “Xalq so‘zi” bu mavzuga yana qaytadi...
Ahad MUHAMMADIYEV,
“Xalq so‘zi” muxbiri.
Muallif olgan suratlar. 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?