“Xalq soʻzi” jurnalistlar oʻrtasida oʻtkazilgan musobaqada finalgacha yetib bordi

11:25 27 Iyun 2019 Jamiyat
341 0

27-iyun — Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan matbuot va OAV xodimlari oʻrtasida sport musobaqalari oʻtkazildi.

Ommaviy axborot vositalari xodimlarini sportga jalb etish, ular bilan hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, sohani yoritishda jonbozlik koʻrsatayotgan jurnalistlar mehnatini munosib ragʻbatlantirish maqsadida ilk marotaba oʻtkazilgan musobaqalarda 10 dan ortiq tahririyatlardan 150 nafarga yaqin ommaviy axborot vocitalari xodimlari ishtirok etishdi. Erkak jurnalistlar sportning mini futbol turidan yashil maydonda bellashsa, ayol jurnalistlar oʻz mahoratlarini stol tennisi orqali sinovdan oʻtkazdi.

Guruh bosqichida eng koʻp ochko toʻplagan 8 ta jamoa chorak finalda bellashuvni davom ettirdi.

Chorak final oʻyinlarida “Xalq soʻzi” jamoasi “Sport TV” jamoasini magʻlub etgan boʻlsa, “Yoshlar ovozi” jamoasi “Mahalla”chilardan ustun keldi. Kun.uz jamoasi esa OʻzA jamoasini turnirni tark etishga majbur etdi.

Murosasiz kechgan bahslarda raqiblaridan ustun kelgan KUN.UZ hamda “Xalq soʻzi” gazetasi yarim finalning birinchi uchrashuvida maydonga tushgan boʻlsa, OʻzMTRK jamoasi final yoʻllanmasi uchun “Yoshlar ovozi” gazetasi jamoasiga qarshi toʻp surdi. Qizgʻin bahslarga boy oʻtgan uchrashuvlarda “Xalq soʻzi” gazetasi hamda OʻzMTRK jamoalari bosh sovrin uchun kurashish huquqini qoʻlga kiritdi. “Yoshlar ovozi” gazetasi hamda KUN.UZ jamoalari oʻrtasida uchinchi oʻrin uchun kechgan bahsda “Yoshlar ovozi” jamoasi penaltilar seriyasida ustun kelib, 3-oʻrinni egalladi.

Oʻziga xos shiddatli oʻtgan final uchrashuvida OʻzMTRK jamoasi 2:0 hisobida “Xalq soʻzi” gazetasi jamoasini magʻlub etib, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi kubogini qoʻlga kiritdi.

Yakunda musobaqa ishtirokchilari va sovrindorlari, shuningdek, turli nominatsiya sohiblariga esdalik sovgʻalari topshirildi.

Ayollar oʻrtasida oʻtkazilgan stol tennisi bahslarida 1 va 2-oʻrinni mos ravishda “Maʼrifat” gazetasi muxbirlari Nigina Shukurova va Zilola Madatova hamda faxrli 3-oʻrinni “Oila davrasida” gazetasi muxbiri Shahnoza Rahimxoʻjayeva qoʻlga kiritdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?