“Xalq so‘zi” va “Narodnoye slovo” gazetalari tahririyati eng yaxshi maqola hamda fotosuratlar tanlovini e’lon qiladi

18:38 13 Mart 2018 Jamiyat
706 0
Foto: Internet

Ijodiy tanlov barcha xohlovchilarning gazetalarimiz sahifalarida yurtdoshlarimiz ezgu intilishlari, mamlakatimiz taraqqiyoti yo‘lida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari yuzasidan chiqish qilishlariga imkon yaratadi.

Tanlovga taqdim qilingan maqola va fotosuratlarda (yoki maqola va fotosuratlar turkumida) jonajon O‘zbekistonimiz taraqqiyotining asosiy bosqichlari, yutuq hamda marralari aks ettirilishi zarur.

“Xalq so‘zi” va “Narodnoye slovo” gazetalari tahririyati ijodkorlarni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan qabul qilingan 2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi hamda uni Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturi doirasida hayotga izchil tatbiq qilinayotgan islohotlarning borishi haqida o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashishga chaqiradi. Xalqimizning boy ma’naviy merosi hamda qadriyatlari, hududlarimiz rang-barangligi, o‘zining halol mehnati bilan yurtimizda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga hissa qo‘shayotgan hamda mustaqilligimizning yigirma yetti yilligini yanada katta natijalar bilan kutib olishga intilayotgan turli kasb egalari, fidoyi zamondoshlarimiz siymosini tasvirlashdek ezgu maqsadlarga urg‘u berilishi ham maqsadga muvofiqdir.
Taqdim qilingan materiallarni ko‘rib chiqishda ularning hayotiyligi, lo‘ndaligi, badiiy mazmuni va originalligiga e’tibor qaratiladi.

Tanlovga materiallar quyidagi tartibda qabul qilinadi:

— mualliflik huquqi uchinchi shaxsga berilmagan hamda boshqa ommaviy axborot vositalarida joylashtirilmagan maqolalar (elektron yoki A4 formatdagi qog‘ozga chop etilgan nusxada);

— 2018 yilda jpeg formatda RGB ranglar tekisligida suratga olingan, yuqori sifatga ega va kamida 2000 piksel o‘lchovdagi fotosuratlar elektron nusxalarda qabul qilinadi. Tasvirlarda ramkalar, yozuvlarga yo‘l qo‘yilmaydi. Fotosuratlar qisqa hamda ishonchli imzo bilan to‘ldirilishi kerak.
Ijodiy ishlarni chop etish 2018 yilning 31 dekabrigacha davom etadi.

Tanlovda qatnashish uchun materiallar va fotosuratlarga muallif hamda uning professional faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumot, pasport nusxasi va telefon raqamlari ilova qilinishi lozim. Eng yaxshi maqolalar hamda suratlar “Xalq so‘zi” va “Narodnoye slovo” gazetalarida chop etiladi. Tanlov natijalarini ko‘rib chiqishning so‘nggi bosqichida hakamlar hay’ati tomonidan maqolalar hamda fotosuratlarning uch nafar eng yaxshi muallifi e’lon qilinadi. Ular maxsus diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi.

“Tanlov uchun materiallar” belgisi ostidagi ijodiy ishlar “Xalq so‘zi” va “Narodnoye slovo” gazetalari tahririyatiga quyidagi manzil bo‘yicha yuboriladi: 100000, Toshkent shahri, Matbuotchilar ko‘chasi, 32-uy yoki info@xs.uz elektron pochtasi.
Telefonlar: (0-371) 233-52-55, 233-10-28.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?