“Xalq soʻzi” Oʻzbekistonning qaysi tumanida birinchi boʻlib oʻqiladi?

15:59 29 Noyabr 2018 Jamiyat
760 0

“Xalq soʻzi Online”. Ahmadali Shernazarov/Sirdaryo. Kundalik gazeta tandirdan uzilgan issiq nonga qiyoslanadi. Aslida ham shunday-da. Deylik, nonushtada issiq nonni qaymoqqa botirib yeyishning oʻzgacha gashti bor. Shu maʼnoda erta tong uyingiz ostonasida bugungi gazetani qoʻlingizga toʻtqazishsa, yoki u ish stolingizda turgan boʻlsa, bu ham bir totli nonushtadek gap. Buni maʼnaviy – maʼrifiy tanovul deymiz. Yaʼni vujud uchun suv va oziq-ovqat nechogʻli zarur boʻlsa, axborotlardan xabardorlik, ayniqsa, batafsil va rasman haqqoniy media mahsulotlaridan bahramandlik ham shunchalik muhimdir.

Ammo sir emaski, keyingi yillarda, ayniqsa matbuot nashrlarini tarqatish bilan shugʻullanuvchi xususiy firmalar koʻpayib, obunaning asosiy qismi ular tomonidan tashkil etilayotgan davrda gazetalarni ertalab tugul bir ikki kun ichida ham oʻqish mumkin boʻlmay qoldi. Negaki, avvalo mazkur subyektlarning ish faoliyati ustidan deyarli nazorat yoʻlga qoʻyilmadi. Natijada ahvol shu darajaga bordiki, pul toʻlab davriy nashrlarga yozilganlar ularni iltimos qilib oladigan darajaga yetdi. Endi tasavvur qiling, oziq-ovqat doʻkonida pul toʻlab, aytgan narsangizni berishmasa qanday holatga tushasiz... Bir-ikki hatto 10-15 kun oʻsha mahsulotni qachon olaman ekan deb kutib tursangizchi? Obuna tashkilotlarida esa bu oddiy holga aylangan.

Maʼlumki, mamlakatimizning otaxon nashri, mustaqillik eʼlon qilinishidan 8 oy avval, 1991 yilning 1 yanvaridan xalq nomini va soʻzini oʻziga peshlavha qilgan va taʼbir joiz boʻlsa, haqli ravishda Istiqlol yillarining toʻla-toʻkis yilnomasiga aylangan “Xalq soʻzi” haftaning 5 kunida – seshanba, chorshanba, payshanba, juma, shanba kunlari uzluksiz chop etiladi. Zarurat boʻlganda esa, yakshanba va dushanbada ham.

Neki qaror bor, neki farmon, qonunlar qabul qilinsa — barchasi ana shu nashr sahifalariga muhrlanib kelinmoqda. Lekin ishonch bilan aytish lozimki, ayrimlarini aytmaganda, uning hech bir soni chiqqan kuniyoq obunachilarning aksariyatiga yetib bormaydi. Tarqatuvchi tashkilot xodimlari haftada bir yoki ikki marta chop etiladigan gazetalar kelgach, “Xalq soʻzi” va “Narodnoye slovo”ning yigʻilib qolgan sonlarini ularga qoʻshgan holda kattakon oʻram qilib, soʻngra yoʻlga chiqishadi. Bu bilan goʻyoki, xarajatni tejashadi. Ammo shartnoma shartlariga rioya qilinmashdi. Yaʼni shunday murojaatlar ham boʻladiki, obunachilar boshida bir-ikki oy gazetani olib, soʻngra talab qilishmasa, yetkazib beruvchilar tomonidan unutiladi. Bunda albatta, boshqa xizmat turlarida boʻlganidek, isteʼmolchining huquqi buzilmoqda.

Mana olti oydirki, Sirdaryo viloyatining Oqoltin tumanida obuna boʻlgan tashkilot va fuqarolar mazkur gazetalarni chiqqan kuniyoq qoʻllariga olishayotir. Sababi, tahririyat tomonidan amalga oshirilgan toʻgʻridan toʻgʻri obuna va uni tarqatishga masʼul shaxsning biriktirilganidir.

Maʼlumot uchun aytish kerakki, “Xalq soʻzi” va “Narodnoye slovo” nashrlari maxsus pochta xizmati avtomashinalarida hamda “Oʻzbekiston havo yoʻllari” kompaniyasi samolyotlarida Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar markazlariga yetkaziladi. Masalan, “Toshkent — Samarqand” yoʻnalishida harakatlanadigan avtomashina eng avvalo Sirdaryo viloyatiga tegishli gazetalarni tashlab oʻtadi. Oqoltin tumani shu yoʻnalishdagi yoʻl ustida boʻlganligi tufayli tahririyatning obuna tashkilotchisi gazetalarni oʻz manzilida qabul qilib oladi. Agar bu soat 7 ga toʻgʻri kelsa, gazetalar uzogʻi bilan 10 gacha egalariga topshiriladi. Shu bois hozir mamlakatimiz tumanlari orasida Oqoltinda “Xalq soʻzi” va “Narodnoye slovo” birinchi boʻlib oʻqiladi deyish mumkin. Lekin asosiy masala shundaki, isteʼmolchi, yaʼni obunachi kundalik gazetani oʻz vaqtida oʻqish imkoniyatiga ega boʻlayotir. Har doim asqatadigan gazeta taxlamlari ham toʻliq boʻlmoqda.

Ehtimol shu boisdir, oʻzining kundalik faoliyatining yaqin yordamchisi deb bilgan, yaʼni qabul qilinayotgan muhim qaror, farmon, qonunlardan batafsil xabardor qiluvchi, istagan vaqtida oʻqib-oʻrganish mumkin boʻlgan “Xalq soʻzi” va “Narodnoye slovo”ga yozilishni ixtiyor etganlar toʻgʻridan toʻgʻri obuna yoʻlini tanlashmoqda. Bundan koʻrinadiki, tashkilot yoki fuqarolarda shunchaki obuna boʻlib qandaydir “topshiriq”ni bajarish emas, balki yil davomida oʻzlari uchun gazeta olish kafolatini taʼminlab, davlatimiz va jamiyatimiz hayotidagi barcha jarayonlardan xabardor boʻlib turish istagi ustuvor. Zero, har gulning oʻz ifori boʻlganidek, ikki yuz yildan buyon insoniyatga ziyo taratib kelayotgan bosma nashrlarning ham axborot olamida oʻz oʻrni bor.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?