“Xalq soʻzi” gazetasining bugungi sonida qanday maqolalar eʼlon qilindi?

10:47 21 Avgust 2020 Jamiyat
443 0

1. Bu yil Mustaqillik bayrami qanday oʻtkaziladi? Mamlakatimizda koronavirus pandemiyasi keng tarqalishining oldini olish va salbiy oqibatlarini bartaraf etish borasida yana qanday chora-tadbirlar amalga oshiriladi?

“Shavkat Mirziyoyev: pandemiya Mustaqillik kunida katta yigʻin va sayillar oʻtkazishni cheklashni talab qilmoqda” sarlavhali maqolani oʻqib, shu kabi savollarga javob topishingiz mumkin.

2. Mamlakatimizda ishsiz yoshlar boʻyicha alohida (“Yoshlar daftari”), ishsiz va boquvchisiz xotin-qizlar boʻyicha alohida (“Ayollar daftari”) roʻyxatlar shakllantirib, har biri bilan yangicha tartibda manzilli ishlanadi.

Bu haqda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 20-avgust kuni mutlaqo yangi tizim, tartib va yondashuvlar asosida iqtisodiy faollikni oshirish hamda har bir tuman va shaharga qoʻshimcha zaxira yaratish chora-tadbirlari yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida aytib oʻtildi.

Yigʻilish tafsilotlari bilan “Tadbirkorlikni rivojlantirishda hududlardagi qoʻshimcha imkoniyatlar tahlil qilindi” sarlavhali maqolada tanishasiz.

3. “Yigʻilishda bugungi kunda eng muhim boʻlgan sohalar, yaʼni sogʻliqni saqlash hamda davlat xaridlari tizimida “Korrupsiyasiz soha” loyihasini amalga oshirish taklif etilib, mazkur yoʻnalishlarda “Korrupsiyasiz soha” loyihasini tayyorlash va amalga oshirish boʻyicha ishchi guruhlari tuzildi”.

Bu jumla “Korrupsiyani birgalikda daf etamiz. Buning uchun barcha kuch va imkoniyatlarni birlashtirish talab qilinadi” sarlavhali maqoladan olingan.

Oʻzbekiston Respublikasi korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining birinchi yigʻilishida koʻtarilgan masalalar haqida batafsil maʼlumotga ega boʻlishni xohlasangiz, ushbu maqolani oʻqib chiqishni maslahat beramiz.

4. Keyingi paytlarda yer bilan bogʻliq masalalarda aholi, tadbirkorlar bilan mahalliy hokimliklar oʻrtasida koʻplab ziddiyatlar yuzaga kelmoqda. Bunga baʼzan hokimliklarning zid qarorlar qabul qilgani, baʼzan esa fuqarolar tomonidan davlat yerining noqonuniy egallab olingani sabab boʻlayotir.

Ana shunday muammolarni bartaraf etish maqsadida “Mulkdorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarining kafolatlari yana-da kuchaytirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi.

Ushbu hujjat qaysi masalalarga eʼtibor qaratilgan va ularning ahamiyati haqida partiyalarning munosabati qanday? Bu haqda “Mahalliy kengashlar vakolatlari oshirilmoqda” sarlavhali maqolada tanishasiz.

5. “Mazkur sheʼrning yozilganiga 70 yildan ziyod vaqt oʻtdi. Shoʻro siyosati va mafkurasi gullab-yashnagan bir paytda, oʻzbek xalqi oktyabr inqilobigacha gʻirt savodsiz boʻlgan, degan gʻoya hukm surgan bir zamonda bunday poetik mazmunni ifoda etishning oʻzi bir jasorat edi”.

«Maʼrifat oftobi oʻchmakni bilmas» sarlavhali maqoladan olingan ushbu parcha ulugʻ shoir Gʻafur Gʻulom, uning mahorati va jasorati haqida. Shoirning “Samarqand uchun” sheʼri qachon yozilgan? Unda qanday gʻoya va fikrlar ilgari surilgan? Bu haqda maqolani oʻqib bilib olasiz.

6. Quyoshning oltinrang shuʼlasi asad shamolidan sargʻaygan shoda-shoda uzumlar donalarida akslanadi. Uzoqroq termilib qolsangiz, goʻyo ishkomdan nur yogʻayotgandek yoki novvot tomchilayotgandek tasavvur uygʻotadi...

Oltiariq uzumchiligi haqidagi “Yer uzum, osmon uzum...” sarlavhali maqolani mutolaa qilsangiz, koʻz oldingizda ushbu goʻzal manzara jonlanishi turgan gap. Shu bilan birga, oltiariqlik bobodehqonlarning tajribasi, maqsad va intilishlaridan xabardor boʻlishni istasangiz, ushbu maqolani oʻqishni tavsiya qilamiz.

7. “Jahon savdo tashkilotiga aʼzolik Oʻzbekistonga nima beradi?”

Ushbu sarlavha ostida chop etilgan maqolada Jahon savdo tashkilotining maqsad va vazifalari, unga aʼzo boʻlib kirishning shartlari hamda ahamiyati tahlil qilingan. Jumladan, Oʻzbekistonning ushbu tashkilotga kirishiga bugungi kunda qanday muammo va toʻsiqlar mavjud? Ularni bartaraf etish borasida qanday ishlar olib borilmoqda? JSTga aʼzolik mamlakatimizga nima beradi? Maqolani oʻqish asnosida shu kabi savollarga javob topasiz.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?