“Xalq soʻzi” gazetasining bugungi sonida qanday maqolalar eʼlon qilindi?

09:13 15 Avgust 2020 Jamiyat
423 0

1. Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumanida turizm infratuzilmasi yana-da rivojlantiriladi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14-avgust kuni bu borada amalga oshirilishi koʻzda tutilayotgan loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Xoʻsh, mamlakatimizda sayyohlik sohasida qanday oʻzgarishlar kutilmoqda? Toshkent viloyatida bu boʻyicha qanday istiqbolli loyihalar amalga oshiriladi? Bu borada qaysi xorij davlatlari bilan hamkorlik qilinmoqda? “Boʻstonliq tumanida turizm infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha loyihalar koʻrib chiqildi” sarlavhali maqolada shu haqda soʻz yuritilgan.

2. Shu yilning 12-13-avgust kunlari oʻtkazilgan “Yoshlar — 2020: global birdamlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari” mavzuida Samarqand onlayn forumida xalqaro tashkilotlar, milliy va xalqaro inson huquqlari institutlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, davlat organlari, yoshlar uyushmalari vakillari ishtirok etdi.

Xoʻsh, dunyo jamoatchiligi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning inson huquqlari boʻyicha Samarqand onlayn forumi ishtirokchilariga yoʻllagan tabrigida koʻtarilgan masalalar va ushbu nufuzli tadbirning ahamiyati haqida qanday fikr yuritmoqda? “Oʻzbekiston rahbariyatining dadil qadamlari xorijiy davlatlar va yetakchi xalqaro huquqni himoya qilish tashkilotlari tomonidan qoʻllab-quvvatlanmoqda” sarlavhali maqolani oʻqish mobaynida bu haqda bilib olasiz.

3. Anjuman doirasida Prezidentimiz tomonidan 2017-yil 19-sentyabrda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surilgan tashabbus asosida ishlab chiqilgan Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiya loyihasi keng muhokama qilindi.

Xoʻsh, ushbu konvensiya qanday zarurat tufayli ishlab chiqildi?

“Tarixdan mustahkam oʻrin egallaydigan voqea” sarlavhali maqolada muallif Oliy Majlis Senati aʼzosi Faraxat Saʼdullayeva shu haqda fikr yuritadi.

4. «Chimyon, Bildirsoy, Nanay, Yakkatut hududlari. Afsuski, zamonaviy infratuzilmaga ega boʻlmagani bois hozirgi kunda bu hududlarga dam oluvchilarning kelishi maqtanarli darajada emas. Yurtdoshlarimiz koʻp hollarda chet davlatlarda hordiq chiqarishi ham bor gap».

«Sayyohlik — odamlar uchun qulay ish joyi va daromad manbai» sarlavhali maqolada Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari — Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi Aziz Abduhakimovning shu kabi fikr-mulohazalari bilan tanishasiz.

5. Jamiyatdagi koʻplab masalalar kishini bevosita mushohada qilishga chorlaydi. Ulardan biri kambagʻallikdir. Kambagʻallikdan qutulsa boʻladimi? Kambagʻal boʻlib qolmaslik uchun nima qilish kerak? Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Firdavs Sharipov muallifligida chop etilgan maqolada shu haqdagi savollarga javob olish mumkin.

6. Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi raisi Q. Burhonov boshchiligidagi senatorlar guruhi Sardoba suv omboridan suv toshishi oqibatida talafot koʻrgan fuqarolardan kelgan murojaatlarni hamda toshqin oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarni oʻrganish maqsadida xizmat safari bilan Sirdaryo viloyatiga keldi.

Ushbu guruhning faoliyati bilan bogʻliq tafsilotlarni bilmoqchi boʻlsangiz, Ahmadali Shernazarovning “Fuqarolar murojaatlari joyida oʻrganilmoqda” sarlavhali maqolasini oʻqing.

7. Agar 2018-yilda Oʻzbekiston boʻyicha umumiy suv tanqisligi 3 mlrd. mq ni tashkil etgan boʻlsa, hozirgi hisob-kitoblar 2030-yilga borib, bu koʻrsatkich 7 mlrd. mq, 2050-yilda esa 13 — 15 mlrd. mq ga yetishini koʻrsatmoqda. Bu esa oldimizga suv resurslariga boʻlgan munosabatni tubdan oʻzgartirish, sugʻorishda tejamkor texnologiyalarni qoʻllash, amaliyotga intensiv usullarni kengroq tatbiq qilish kabi muhim vazifalarni qoʻymoqda.

“Suvning bir litri emas, bir grammi ham hisobli boʻlishi kerak” sarlavhali maqolani mutolaa qilsangiz, Buxorodagi “BCT Cluster” paxta-toʻqimachilik klasteri tomonidan dalalarda suv qanday tejalayotgani haqida bilib olasiz.

8. Kitob dunyoni qutqarishi mumkinmi? Bugungi pandemiya sharoitida bu mumkin. Qanday qilib deysizmi? Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist Ahror Ahmedovning “Kitob dunyoni qutqaradi” sarlavhali maqolasini oʻqisangiz bunga javob topasiz.

9. Sud ishlari yuritilishini raqamlashtirish — davr talabi. Ushbu jarayon yurtimizda qay darajada takomillashgan? Prokuror sudyani bilmasa nima boʻladi? “Virtual sud” qanday boʻlishi kerak? Yuridik fanlar doktori, professor Said Gʻulomov, Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi boʻlim boshligʻi Amirxon Siddiqov hammuallifligida chop etilgan maqolada ushbu savollarga javob berilgan.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?