“Xalq soʻzi” gazetasining 2020-yil 20-avgust sonida qanday maqolalar eʼlon qilindi?

00:15 20 Avgust 2020 Jamiyat
350 0

1. Viloyatlarda koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq umumiy vaziyat, tibbiy xizmat koʻrsatish ahvoli, aholi orasida sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilinishi, dezinfeksiya ishlarini amalga oshirish, tibbiyot xodimlarini ragʻbatlantirish yuzasidan mablagʻlar ajratilishi hamda ushbu mablagʻlarning maqsadli sarflanishi qanday tashkil etilgan? Bu masalalar shu kunlarda oʻtkazilayotgan xalq deputatlari viloyat kengashlari sessiyalarida keng muhokama qilinmoqda. “Ustuvor vazifalar belgilab olindi” sarlavhali maqolada bu borada atroflicha maʼlumot olishingiz mumkin.

2. “Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi bugun jamoatchilik tomonidan qizgʻin muhokama qilinmoqda. Xoʻsh, mazkur qonunga nega ehtiyoj sezildi? Ushbu qonunning ahamiyati nimada? Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi departament mudiri Abdihamid Tamiqayevning “Davlat fuqarolik xizmati va davr talabi Ular qanday uygʻunlashtirilmoqda?” sarlavhali maqolasida bu haqda atroflicha toʻxtalib oʻtilgan.

3. Ayonki, har bir sohada sogʻlom raqobatni yoʻlga qoʻyish natijadorlikni taʼminlashga xizmat qiladi. Demak, oʻz-oʻzidan savol tugʻilishi tabiiy: mabodo, sogʻlom raqobat yoʻqolganda nima boʻladi? Nosogʻlom raqobat muhitida bir korxona imtiyozlarga ega boʻlib, ikkinchi turdosh mahsulot ishlab chiqaruvchi korxonada ushbu imtiyozlar boʻlmasligi ushbu korxonani tanazzulga yetaklaydi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Bekmirza Eshmirzayevning “Raqobat yoʻq joyda, monopoliya ildiz otaveradi” sarlavhali maqolasida monopoliyaning shu va boshqa salbiy oqibatlari ochib berilgan.

4. Pandemiya munosabati bilan Oliy va oʻrta maxsus taʼlim hamda Moliya vazirligi tomonidan yangi oʻquv yili uchun toʻlov-shartnoma miqdori boʻyicha kunduzgi oʻqiydigan talabalarga 10 foiz chegirma berilishi ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab boʻlmoqda. Ijtimoiy tarmoq orqali pandemiya sharoitida shartnoma toʻlovidan 10 foiz chegirma berilishi juda kam, 30-40 foiz chegirma boʻlishi lozim, deya mulohaza bildirayotganlar ham bor. Xoʻsh, bu qanchalar toʻgʻri? “Talaba shartnoma pulini toʻlolmasa, nima qilishi kerak? Ushbu masala senatorlar muhokamasida” sarlavhali maqolada bu borada asosli fikrlar berilgan.

5. Buxoro viloyatining Qorakoʻl tumani markazida “Maʼrifat bekati” tashkil etildi. Bu bekatni tashkil etishdan maqsad-muddao ne? U oʻz nomiga qanchalik munosib, unda qanday innovatsion usullardan foydalanilmoqda? Ushbu savollarga javob olishni istasangiz, “Xalq soʻzi” muxbiri Istam Ibrohimovning “Maʼrifat bekati”dan kamolot va saodat manziliga” sarlavhali maqolasini oʻqing.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori dunyo jamoatchiligining ham eʼtirofiga sazovor boʻlmoqda. Uning islom olamida tutgan oʻrni qanday boʻladi? Mazkur tadqiqot markazida qanday ilmiy izlanishlar olib boriladi? Turkiyaning Anqara universiteti professori, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi oʻqituvchisi Soʻnmez Qutluning “Islom madaniyati va ilm-fanini rivojlantirishda yana bir muhim qadam” sarlavhasi ostida chiqqan maqolasida aynan shu haqda soʻz yuritiladi.

7. Koronavirus kasalligi, shubhasiz, butun dunyo ahlining turmush tarzini oʻzgartirib yubordi. Ushbu infeksiya keng tarqalishining oldini olish maqsadida yurtimizda ham karantin chora-tadbirlari joriy etildi. Mamlakatimizdagi vaziyat nisbatan barqarorlashgani, hududlarda davolash oʻrinlari va nafas berish apparatlari soni bir necha barobar koʻpaytirilgani, muolaja usullari yangilangani hamda tez tibbiy yordam xizmati kuchaytirilgani, koronavirusdan sogʻayish koʻrsatkichi oshgani bois Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan 15-avgustdan karantin talablari bosqichma-bosqich yengillashtirila boshlandi.

Xoʻsh, ushbu sharoitda endi qanday yashashimiz kerak? Virus qachon butunlay jilovlanadi? Umuman, insoniyat bu balodan toʻla xalos boʻlishi mumkinmi? Mazkur savollarga Samarqand davlat tibbiyot instituti rektori, tibbiyot fanlari doktori, professor Jasur Rizayev bilan boʻlgan suhbat (“Karantin talablari yumshatilmoqda Ammo bu kasallik tugadi, degani emas” sarlavhasi ostida) orqali javob olishingiz mumkin.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?